Madaniyat va san’atni moliyalashtirish xususiyatlari
Ijtimoiy iqtisodiy mazmun nuqtai nazardan madaniyatning vazifasi insonni manaviy boyitishdan, u orqali esa pirovard iqtisodiy natijalarga ta’sir ko’rsatishdan iborat. Madaniyat mazmun, yoki “madaniyat” xo’jalik tarmog’i shaxsni rivojlantirish va uning malaka va qobiliyatlarini ro’yobga chiqarish, jamiyatni insonparvarlashtirish va xalqlarning o’ziga xos qadriyatlarini saqlash bo’yicha o’ziga xos vazifalarni bajaradigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar majmuidan iborat.
Madaniyat sohasida amal qiladigan qonunchilikda davlat zimmasiga fuqarolar uchun madaniy faoliyat bilan shug’ullanish madaniy qadriyatlar va boyliklardan bahramand bo’lish imkoniyatlarini ta’minlash majburiyati borligi qayd qilingan.
Shu maqsadlar yo’lida davlat:
zarur hollarda nodavlat madaniyat tashkilotlarini byudjetdan moliyalashtirishni amalga oshiradi;
notijorat madaniyat tashkilotlarini soliqqa tortishning alohida tarkibini joriy qiladi;
o’z mablag’larini madaniyatni rivojlantirish ishiga sarflaydigan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar va jismoniy shaxslarga soliq imtiyozlari berish yo’li bilan madaniyatni rivojlantirishni rag’batlantiradi;
madaniyat sohasida xayr-sahovatni rivojlantirishga yordam ko’rsatadi;
kam ta’minlangan fuqarolarga nisbatan homiylikni amalga oshiradi.
Hozirgi vaqtda bu maqsadlar uchun zarur bo’lgan mablag’lar miqdorini aniqlashning bir qancha usullari ma’lum:
bir kishiga byudjetdan mablag’ ajratish normasi va aholi soni asosida;
mintaqada yaratiladigan milliy daromad summasidan foizlarda;
byudjet harajatlarining umumiy summasidan belgilangan foiz asosida.
Byudjetdan ajratiladigan mablag’larni aniqlash usuli shundan iboratki, bunda madaniy faoliyatining o’zi emas, balki aniq bir madaniyat tashkiloti (muassasa) moliyalashtiriladi. Byudjet mablag’lari tijorat faoliyati shakllariga mo’ljallanmagan, lekin xo’jalik yuritishning bozor unsurlaridan foydalanadigan muassasalarga ajratiladi.
Byudjet tasnifiga ko’ra madaniyatga harajatlar “Madaniyat va ommaviy axborot vositalari” bo’limida keltiriladi va televidenie, radio eshittirish, davriy matbuot va nashriyotlarni qamraydi. Bundan tashqari daromadlarini maqsadli va iqtisodiy moddalar bo’yicha taqsimlash ham amalga oshiriladi, shu sababli smeta hisob-kitoblari asosida byudjet mablag’larini ajratishning moddalar bo’yicha normativ printsipi amal qiladi. Har bir modda bo’yicha o’ziga xos uslubiyat qo’llaniladi.
Kelgusi harajatlarni baholashda va byudjetdan moliyalashtirishning zarur xajmini aniqlashda muzeylar katta qiyinchilik tug’diradi, chunki ularning ish sharoitlari xilma-xil va olinadigan daromadni oldindan oshirib bo’lmaydi. Garchi harajatlar tarkibi aniq - ravshan bo’lsa-da, ularni shaklga solish va normalash qiyin.
Muassasa qanday mablag’ summasini hisoblab chiqarganiga qaramay, smetani tasdiqlashda qator yillar davomida amaldagi ijro va byudjet hajmi hisobga olinadi.
Teatrlar va kontsert tashkilotlari bo’yicha byudjetda moliyalashtirish xajmini hisob-kitob qilishda, birinchi navbatda, kutilayotgan daromad tushumlari hajmi belgilanadi, u esa keladigan tamoshabinlar soni va o’rtacha bilet narxiga bog’liq. Tamoshabinlar soni tamosha zalidagi o’rinlar sonini rejalashtirilayotgan spektakllar va ular o’rtacha tamoshabin tushishi soniga ko’paytirib aniqlanadi. Jami spektakllar ertalabki, kunduzgi va kechki spektakllarga taqsimlanadi. Biletlar narxi spektakl qo’yiladigan vaqtga bog’liq bo’ladi.
Xarajatlarni hisob-kitob qilish uslubi asosiy predmetli moddalar bo’yicha biron-bir o’ziga xos xususiyatlarga ega emas. Artistlar va badiiy xodimlarning ish xaqi shtatdagi xodimlar va taklif qilinganlar ish xaqi fondiga bo’linadi. Odatda byudjet mablag’lari aniq predmetli miqdorlarga emas, balki subsidiyalar tarzida ajratiladi. Ular harajatlar va daromadlar o’rtasidagi farq tarzida aniqlanadi.
Teatrning smetasi ikki bo’limdan iborat moliya rejasidan iborat: bu bo’limlar – daromadlar va tushumlar; xarajatlar va ajratmalar. Birinchi bo’limda asosiy faoliyat bo’yicha yig’imlardan daromadlar, boshqa daromadlar, byudjet subsidiyalari, ikkinchi bo’limda – barcha harajatlar, ularni qoplash manbalariga qaramasdan, hisobga olinadi.
Teatrdan farqli o’laroq kontsert faoliyati turli tomonlarni (estrada, filarmoniya va boshqalar) qamraydi.
Kontsert tashkilotlari bo’yicha hisob-kitoblar va asoslash teatr tashkilotlariga o’xshash.
Davlat madaniyat-ma’rifat muassasalari tizimida kutubxonalar va klub muassasalari son jihatdan ko’pligi bilan ajralib turadi.
Davlat madaniyat muassasalari ommaviy tarmog’i mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashtiriladi. Kutubxonalar, muzeylar, teatrlar, madaniyat uylari va saroylari, boshqa muassasalar joylashgan o’rniga qarab faoliyat miqyosi, xodimlar soni, aholini qamrashi jihatidan katta farqlarga ega. Shundan kelib chiqqan holda, mahalliy madaniyat ob’ektlarini moliyalashtirish yig’ma ham bo’lishi mumkin. Madaniyatni moliyalashtirish uchun byudjet mablag’larining umumiy hajmini taqsimlash mexanizmi turlicha tashkil qilinadi.
Yirik xududiy birlik byudjeti bo’yicha barcha mablag’ ikki qismga bo’linadi. Birinchisi davlat muassasalarini moliyalashtirish uchun, ikkinchisi qismi-dasturlar va tadbirlarni moliyalashtirish uchun mo’ljallanadi. Ikkinchi qismi go’yo madaniyat va san’atni rivojlantirish bo’yicha jamg’armasi vazifasini bajaradi.
Rivojlantirish fondidan moliyalashtirish lozim bo’lgan ustuvor faoliyat yo’nalishlariga quyidagilar kiritiladi:
tarix, madaniyat va arxitektura yodgorliklarini saqlash va tiklash;
xalq an’analarini saqlash;
kam sonli halqlarning milliy madaniyatini rivojlantirish,
bolalar ijodiyotini rivojlantirish va iste’dodli yoshlarni qo’llab quvvatlash.
Shunday qilib, moliyalashtirishda qanday usullar tanlanmasin, ularning hammasi hisob- kitoblarning normativ usuliga asoslanadi. Bu hisob-kitoblarda harajatlar smetasi deb ataladigan jadvallarni qo’llash bilan bevosita hisoblash usuli asosiy o’rinda turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |