Bajarish usuli. Gazlama orqali bajariladigan gullarni yasashda atlas mato oldindan kraxmallab olinadi. Bir litr suvga bir qoshiq kraxmal aralashtiriladi‚ unga matoni solib qaynatiladi. So‘ngra mato suvi selgib quritiladi. Dazmolda dazmollanadi. Matoni 4, 6, 9, 12 marta buklash orqali xohlagan gulning andozasini karton qog‘ozdan tayyorlab bichiladi. Bichilgan gul parchalari bir biriga biriktirilib simga o‘raladi. Ustidan lentachalar o‘raladi. Unga munchoqlar orqali bezak berish mumkin.
Qog‘ozdan gul yasashni bajarish usuli. Qog‘ozni ham 4,6,9.12,16 buklash orqali gul shakllari qirqib olinadi. Moychechak, gulsafsar‚ atirgul, xrizontema gullari ko‘rinishini tasvirlash mumkin. Ularni kesib olingach yumshoq simga o‘raladi va sim bilan mustaxkamlanadi, barglari ham aloxida qirqilib‚ PVA yelimida yopishtiriladi. Bajarishda ehtiyotkorlik, sabr, did farosat talab qilinadi. Gullarni yana qog‘ozni buklash orqali ham bajarish mumkin.
Gazlama va qog‘ozdan gul yasash mashg‘uloti namunalari.
«Nastarin» gulini yasash.
Mashg‘ulot vazifasi: bolalarga qog‘ozni bir necha bor buklab qirqish asosida gul barglarini qirqish va uni novdaga yelimlab, chiroyli gullagan nastarin gulini yasashni o‘rgatish.
Mashg‘ulotga tayyorgarlik. Bolalar bilan hovli yoki ko‘chadagi nastarin daraxtini gullagan vaqtida kuzatish. Nastarin gulining tuzilishiga, rangiga, novdada joylashishiga bolalarning e’tiborlarini jalb qilish.
Mashg‘ulotni jihozlash. Bolalarga yetarli miqdorda novdachalar, binafsha rangdagi g‘ijim qog‘ozi, PVA yelimi, yelimlash uchun mo‘yqalam.
Mashg‘ulotning borishi:
Tarbiyachi: Bolajonlar mana o‘lkamizga go‘zal bahor fasli kirib keldi. Bahor faslida tabiatda juda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Daraxtlar kurtak chiqarib, barg yoza boshlaydi. Bahor faslida o‘lkamiz ko‘m-ko‘k maysalarga va gullarga burkanadi. Bolalar, mana bu gulning nomi nima va uni qaerda ko‘rgansiz? To‘g‘ri, mening qo‘limdagi gulning nomi nastarin guli. Bu gul har yili ilk bahorda gullaydi. Uning gullariga qarang‚ oq va to‘q binafsha rangli bo‘ladi. Barglari esa yashil rangda. Bu haqida hatto shoirlar she’r ham bitganlar eshitib ko‘ring:
Bog‘imda nastarin bor,
Gullaydi har ilk bahor,
Nastarin guli mayda
Bunday gul bordir qayda?
She’r yoqdimi bolalar? Bugun sizlar bilan nastarin gulini yasashni
o‘rganamiz. Buning uchun stol ustidagi ashyolardan foydalanamiz. Binafsha
rangdagi g‘ijim qog‘ozdan kvadrat shakllar kesib olamiz‚ so‘ng uni ikkiga
va to‘rtga buklab, kichik kvadratcha shaklini hosil qilamiz. Kvadratning bir uchini ushlab‚ ochiq uchlarini qaychi bilan doira ko‘rinishida qirqib
olamiz. Buklangan qog‘ozni ochib, o‘rtasiga barmog‘imizni qo‘yib, gul barglarining chetini qirqamiz, keyin orqasiga mo‘yqalamda ozgina yelim surtib, novdaga yopishtiramiz.
Gullarni yelimlash jarayonida tarbiyachi bolalarning e’tiborini nastarin guliga qaratmog‘i lozim. Bunda ularga ishni ozoda, tartib bilan, qaychi va novdadan ehtiyotkorlik bilan foydalanib, bajarish o‘rgatiladi. Mashg‘ulot davomida bolalarning ishlari baholanib, rag‘batlantirilib boriladi. Har bir stolga bolalarning o‘zlari yasagan guldonlar qo‘yiladi va tayyor bo‘lgan gullar unga solib qo‘yiladi.
Mashg‘ulotni yakunlash:
Bolalar, qaranglar, siz yasagan gullar qanday chiroyli, xonamizni bezatayapti. Bolalar o‘zlari yasagan nastarin gullarni ko‘rib, qilgan ishlaridan zavq olishga yo‘naltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |