21-mavzu: Ijtimoiy-madaniy faoliyat va jamoatchilik nazorati
Reja:
1.Jamoatchilik nazorati tushunchasi va uning mazmun mohiyati.
2.Buyuk sharq allomalarining jamoatchilik nazorati to’g’risidagi qarashlari.
3. Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yo’nalish va mehanizmlari
Tayanch sо‘z va iboralar: Davlat boshqaruvi , jamoatchilik nazorati, murosaviy muvozanat, madaniyat xodimi, tо‘garak a’zolari.
Mamlakatimizda keng kо‘lamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning natijalari dunyo hamjamiyati tomonidan yakdil e’tirof etilmoqda hamda har bir О‘zbekiston fuqarosi hayotida namoyon bо‘lmoqda. Istiqlol yillarida aholining farovonlik darajasi 1990 yilga nisbatan 4 barobar yuksaldi. Butun dunyoda tan olingan Angliyadagi nufuzli “Inssad” instituti tadqiqotlariga kо‘ra, О‘zbekiston umumiy farovonlik darajasiga kо‘ra 64-о‘ringa kо‘tarilganligi alohida e’tiborga loyiqdir. Taqqoslash uchun 1988 yilda Sobiq SSSR о‘zining ijtimoiy iqtisodiy taraqqiyot darajasiga kо‘ra dunyodagi nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan mamlakatlardan ham ancha ortda edi. О‘zbekiston Respublikasi esa umumiy rivojlanish darajasiga kо‘ra, har tomonlama qoloq bо‘lgan SSSR tarkibidagi 15 ta Respublikalar orasida 12-о‘rinda edi. Demak, istiqlol sharofati bilan о‘tgan yillar ichida misli kо‘rilmagan о‘zgarishlar guvohi bо‘lib turibmiz.
Istiqlol tufayli hamda izchil joriy etilayotgan oqilona islohotlar natijasida mamlakatimiz iqtisodiyoti, madaniyati, aholining intelektual salohiyati barqaror rivojlanib bormoqda. Mamlakatimiz bilan turli yо‘nalishlarda hamkorlik qiluvchilar, iqtisodiyotimizga investitsiya kirituvchilar safi kundan kunga kengaymoqda.
Ayni paytda shuni ta’kidlash zarurki, tezkor hayot sur’atlari bu borada davlat va jamiyat yо‘lida amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli faoliyat ustidan jamoatchilik nazoratini tizimli yо‘lga qо‘yishda nafaqat bevosita balki bilvosita usullar va shakllardan ham, ya’ni, ommaviy axborot vositalari va internetdan foydalanishni kun tartibiga qо‘ymoqda.
Mustaqillik tufayli yurtimizdagi davlat tuzilmalarida, u madaniyat, ta’lim muassasasi yoki fabrika bо‘ladimi, tadbirkorlik yohud fermerlik xо‘jaligi bо‘ladimi, qat’iy nazar, jamoatchilik nazoratini bevosita yо‘lga qо‘yishga mas’ul bо‘lgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi, “Kamolat” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa davlat hamda nodavlat notijorat tashkilotlar xususan, madaniyat muassasalari faoliyat yuritishi mamlakatimiz qonunlarida belgilab qо‘yilgan.
Shu boisdan ham jamoatchilik nazorati ijtimoiy adolatni rо‘yobga chiqarish mexanizmi sifatida namoyon bо‘lmoqda. Ijtimoiy sohaga davlatimiz tomonidan har yili byudjet mablag‘larining 60 foizi yо‘naltirilishi ham jamoatchilik nazoratining moddiy potensialini kuchaytiradi.
Bugungi kunda tadbirkorlar, oliy va о‘rta maxsus ta’lim muassasalari, о‘rta umumiy ta’lim pedagoglari, qо‘shma korxonalarning ishchi-xodimlari, tijorat sohasi bilan mashg‘ul aholi vakillari, bank xodimlari, individual tarzda faoliyat yurituvchilar kasanachilik, qurilish, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi vakillarining aksariyati о‘ziga tо‘q va farovon hayot kechirayotganlari barchaga ma’lumdir. Ta’kidlash zarurki, ana shu yuqorida sanalgan soha va kasb sohiblarining umumiy statistik miqdori ham mamlakatimizda amalda bо‘lgan jami mehnat resurslarining deyarli yarmini tashkil etadi.
Ma’lumki, О‘zbekiston о‘zining milliy strategiyasini e’lon qildi. Bu strategiya rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib va mustahkam о‘rin olishdan iboratdir. Hozirgi bosqichda esa mamlakatimiz dunyo hamjamiyati davrasidan о‘zining munosib о‘rniga ega bо‘ldi. Endigi vazifa yuksak taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qо‘shilish ekan, ana shu oliy maqsadlarga erishishda subektiv omil – ya’ni, odamlarning ijtimoiy-intellektual madaniy faolligi, yangi faol informatsion – madaniy muhitga aholining nafaqat adaptatsiya bо‘lishi, balki, shu yuksak intellektual, bunyodkorlik, madaniy-estetik muhitini yaratish harakatini keng targ‘ib etish muhim ahamiyatga egadir.
Ta’kidlash joizki, G‘arb mamlakatlari aholisi, xususan, siyosiy oppozitsiya vakillari davlat tuzilmalari faoliyati, turmush tarzi va hayot farovonligi darajasiga baho berishda asosan negativ pozitsiyadan turib yondashuvchi G‘arb sotsiologiyasi metodologiyasiga tayanadi. О‘zbekistonda esa azal-azaldan bir-biriga kо‘maklashuv, xayrixox, yondashuv, yaxshiga rag‘bat, jamoaviylikka tayanuvchi metodologiya asosidagi yondashuv amal qiladi.
О‘zbek xalqi mohiyat e’tiboriga kо‘ra pozitiv mentalitetga egadir. Har qanday davlat esa shu mamlakatda yashovchi xalq mentalitetining ifodasidir. Bugungi kunda hayotimizdagi pozitiv jihatlarni shunchaki qayd etish emas, balki asoslangan, har tomonlama isboti aniq, xolis va pozitiv ma’lumotlarni axoliga targ‘ib etish orqali shukronalik tarbiyasini kuchaytirib borish ham madaniyat muassasalaridagi jamoatchilik nazorati zimmasida deyish mumkin.
Jamoatchilik nazorati konsepsiyasi xalqimiz tarixida asrlar mobaynida erishilishi mushkul bо‘lgan orzu, ideal bо‘lib kelgan. Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida ijtimoiy nazoratga erishish yuqori madaniyat, faqat ilm-fan, ma’rifat darajalariga ega bо‘lgan orif jamoalargagina nasib etadi, ma’rifatga ega bо‘lmagan xalqlar esa, hukm bilan boshqarilishga moyil bо‘ladilar, deb ta’kidlaydi. Ulug‘ Xitoy mutafakkiri Konfusiy ham aholini ahloq, madaniyat, ma’rifat bilan tarbiyalash, bir sо‘z bilan aytganda jamiyatda jamoatchilik nazorati yо‘lga qо‘yilsa, mamlakatdagi tinchlik, ijtimoiy barqarorlik mustahkam bо‘ladi deydi: “Raiyat amru farmonlar bilan idora qilinib, jazo choralari bilan tizginlab turilsa, garchi xalq faqat jinoyat sodir etishdan vaqtincha forig‘ bо‘lsalar-da, jinoyatning isnod ekanini his qilmaydilar. Axloqiy meyorlar bilan idora qilinib, adab-taomil (ma’rifat) bilan tiyib turilsagina raiyat halol va or-nomusli bо‘libgina qolmay, balki о‘zini о‘nglab ham olgay”. (Konfusiy “Muhokama va bayon” T., yangi asr avlodi 2013 y., 56-bet.). Demak jamoatchilik nazorati nafaqat odamlarni jamiyat talablari asosida mu’tadil yashab yurishlarini ta’minlaydi, balki, ularning hayot sifatlarini yaxshilash, о‘zlarini о‘nglab olish imkoniyatlarini ham oshiradi.
Abu Mansur al-Moturudiy ham inson shaxsi ma’naviyati va mavqeini turli ijtimoiy-siyosiy, kerak bо‘lsa, diniy tazyiqlardan himoya qiluvchi jamoaviylik zarurligiii asoslab, bu jamoaviylikka о‘zaro kelishuv negizida erishish mumkinligini orzu qilib, xalq tinchligi, totuvligi va taraqqiyoti faqat odamlararo murosa muvozanati yuzaga kelgandagina amalga oshishini bashorat qilgan edi.
Ulug‘ bobomiz bashorat qilgan ana shu murosaviy muvozanat holatlariga istiqlolning о‘tgan murakkab yillari mobaynida erishganimiz ulug‘ saodatlardan sanaladi.
Buyuk mutafakkirlar Forobiy, Beruniy, Bobur, Alisher Navoiy asarlarida о‘sha davr davlat boshqaruvi, voqelik hamda holatlar tahlilida avval ijobiy jihatlar, erishilgan yutuqlar e’tirof etilib, sо‘ngra muvafaqqiyatlarni rivojlantirish yо‘lidagi muammo va kamchiliklarni obektiv hamda ratsional tarzda, bir sо‘z bilan aytganda, muammolarni odamlarga maqbul tarzda hal etish yо‘lida ish tutish an’anasiga asos solishgan. Aynan ana shunday yondashuv milliy-madaniy qadriyatlarimizni asrash xalqimiz mentalitetiga sodiqlik hamda voqelik barqarorligini, tinchlikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirgan.
Sobiq ittifoq davrida katta avlod vakillariga yaxshi tanish bо‘lgan “Davlat nazorati”, “Xalq nazorati”, “Davlat inspeksiyasi”, “KGB”, “Partiya nazorati” singari tekshiruvlar orqali odamlarni qattiq siquvga olish siyosati amal qilar edi.
SHо‘rolar davrida davlat odamlarni yalpi tarzda о‘z nazorati ostida ushlab kelgan bо‘lsa, istiqlol tufayli odamlar, ya’ni, jamoatchilik davlatni о‘z nazoratiga olish imkoniyatiga ega bо‘ldi. Bu ijtimoiy holat mustaqillik davrida erishilgan eng muhim yutuqlarimizdan biridir.
Mamlakatimizda tinchlikni asrash, qadrlash va tinchlik uchun kurashish muhim umumilliy vazifalardan sanaladi. Tinchlik omilining ijtimoiy hayotimizdagi о‘rni va rolini qadriyat darajasida targ‘ib etish masalaning bir jihati bо‘lsa, uning ikkinchi jihati tinchlik uchun kurashish darajasining jamiyatning turli qatlamlari vakillari orasidagi holatini о‘rganib borish ham jamoatchilik nazorati vazifalardandir.
Yurtboshimiz ta’biri aytganda, “Ishlaydigan 1 ta, nazoratchi 2 ta bо‘lsa ish ketmaydi”. Yurtboshimiz jamoatchilik nazoratining saviyasi yuqori bо‘lishi kerakligi haqida tо‘xtalib, bir usul о‘rniga ikkinchi yaxshiroq usulni joriy etish jarayonlarida jamoatchilikning nazorati ayniqsa, kerakligini alohida qayd etdilar. Shu boisdan ham hozirgi kunda jamoatchilik nazorati samaradorligini ta’minlash uchun “Ijtimoiy sherikchilik”, “Ommaviy axborot vositalari haqida”, “Jamoatchilik nazorati” ga doir yangi qonunlar qabul qilinayotgan muxim ahamiyatga egadir.
Jamoatchilik nazorati mohiyat e’tiboriga kо‘ra, davlat tashkilotlaridagi mutassadi shaxslar va rahbarlarning mas’uliyatni о‘z bо‘yniga ola olish holati qandayligini baholashni ifoda etadi: “Mas’uliyat uchun esa, deb ta’kidladi yurtboshimiz, - rahbarlarda dastavval yuksak malaka va chuqur javobgarlik hissi rivojlangan bо‘lishi kerak”.
Kuchli fuqarolik jamiyatining muhim jihatlaridan biri - odamlarning davlat tuzilmalari bilan о‘zaro aloqalari bevosita, ya’ni, individual yondashuv tarzida emas, balki, bu munosabatlarning asosan bilvosita, ya’ni, jamoat tashkilotlari orqali amalga oshirilishidir. Istiqlol yillarida mamlakatimizda jamoat tuzilmalari tashkil etilishi jarayonlarini har tomonlama rag‘batlantirish, aholini imkon qadar kо‘proq korporativ asoslarda birlashuvini ta’minlash bilan birga, davlat tuzilmalarining faoliyati ustidan tizimli jamoat nazoratini yо‘lga qо‘yishdan iborat yalpi ijtimoiy harakatga ham asos solindi.
Ijtimoiy nazorat jarayonlari kishilariing о‘zaro jamoaviy birikuvlari, nodavlat tashkilotlar mavqeining mustahkamlanishiga bevosita bog‘liq bо‘lganligi bois, mazkur harakatni quyidagi yо‘nalishlarda amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:
1. Madaniyat va aholi dam olish markazlari aholi turli tabaqalari, ijtimoiy qatlamlar psixologiyasi va intilishlariga monand faol jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi klublar, uyushmalarni tarkib toptirish.
2. Madaniyat muassasalarida о‘zbek xalqi mentalitetidagi jamoaviylik tabiatini inobatga olib, ma’raka-marosimi hamda tо‘y tadbirlarini ixcham va tartibli о‘tkazishga yо‘naltirilgan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
3. Yoshlar faolligini ta’minlovchi turli tо‘garaklar faoliyatini aholining turar-joylari (mahalla, qishloq guzarlari), kasb – kor, mehnat faoliyatlari kechuvchi muassasalarda hamda madaniyat va aholi dam olish markazlarida, tashkil etish ishlarini jamoatchilik nazorati ostiga olish.
4. Aholining etnik-sulolaviy yoki mintaqaviy birlashuvlariga emas, balki ma’naviy ehtiyojlar, saviya, did, qiziqishlaridan iborat korporativ asoslarda uyushuvga intilishlarini yanada rag‘batlantirish.
5. Madaniyat va aholi dam olish markazlarida atrof-muhit va ekologiya himoyasi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi uyushma va tо‘garaklarni tashkil etish muhim ahamiyatga egadir.
Prezidentimizning jamoatchilik nazorati konsepsiyasidan ayni chog‘da aholining ishlab chiqarish, ta’lim va boshqa tuzilmalari bilan qamrab olinmagan qatlamlari orasida ham amalga oshiriluvchi ishlarni ham faollashtirishni kо‘zda tutadi. Shu boisdan ham jamoatchilik nazorati kansepsiyasi nafaqat davlat tuzilmalari ishini, balki о‘zgarayotgan makon va zamon jarayonlari mahsuli bо‘lgan jamiyat tarkibini ham doimiy e’tiborda tutib borishni kun tartibiga qо‘yadi.
Jamoatchilik nazorati ayni chog‘da mavjud nodavlat tashkilotlar, jamg‘armalar, partiyalar ishlarining ham samaradorlik darajalarini muntazam ravishda orttirishga da’vat beradi. Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda 4 ta partiya, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, kо‘plab nodavlat notijorat tashkilotlar va jamg‘armalar faoliyat yuritmoqda. Mazkur jamoat tashkilotlari ham nodavlat institutlar sifatida muayyan faoliyatlarni amalga oshirayotgan bо‘lsada, ularning aksariyati asosan о‘zining ijtimoiy negiziga, о‘z qatlamlari, xayrixohlari manfaatlarini ifoda etishga e’tibor qaratadi. Tabiiyki, partiyalarning hokimiyatga intilishlari nechog‘li tabiiy hol bо‘lsa, joriy, kundalik va muntazam faoliyatlarda о‘z firqadoshlari qiziqishlari, maqsad va intilishlari, turmush tarzi, manfaatlarining eng tayinli ifodachisi bо‘lishi ham shunchalik zarurdir. Zero, inson maqsad va manfaatlari mushtarakligi negizida о‘z hayotini tashkil etadi. Xalqimizning о‘z tomiriga kо‘proq tayanishga bо‘lgan kuchli maylini inobatga olish, mentalitet xususiyatlaridan kelib chiqib ish tutish nodavlat tashkilotlar samaradorligini ta’minlashi shubhasizdir. Binobarin, jamoat nazoratining ijtimoiy kuchi fuqarolik institutlarining davlat va jamiyat hayotiga kо‘rsatadigan ta’sir darajasining nechog‘li ekanligiga bevosita bog‘liqdir.
Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan xalqimizning bunyodkorlik faoliyatlarini ulug‘ mо‘ljallar yо‘liga effektiv yо‘naltirish borasida qilinayotgan say-harakatlari negizida ana shunday maqsadlar mujassamdir. “Bunday tadbirlarning asosiy maqsadi, - deb ta’kidladi Yurtboshimiz, — avvalo jamoatchiligimiz, keng ommaning faolligini oshirish va shu bilan birga ularning davlatimiz va jamiyatimizni boshqarish masalasiga kо‘proq jalb etishdir, desak ayni haqiqat bо‘ladi”.
Madaniyat muassasalarida ijtimoiy ijodiyot turi sifatida rivojlantiriladigan jamoatchilik nazorati uchun mas’ul shaxslarda uchta kasbiy-insoniy jixatlar ustuvor bо‘lishi zarur. Birinchisi, vatan, jamoa manfaatini fidoiylik bilan himoyalay olish, ikkinchisi, jamoada yuz bergan muammoviy vaziyatlarni ijobiy asoslarda hal etishga intilish bо‘lsa, uchinchisi, har bir holatda meyyorni saqlay olish, har qanday vaziyatlarda xam inson shaxsini toptamaslik, shanini yerga urmaslik fazilatlaridan iboratdir. Agar jamoatchilik nazorati uchun mas’ul shaxsdan meyor tamoyiliga rioya qilish sust bо‘lsa, jamoada guruhbozlik shakllanadi, muxit buziladi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati hodimi tashkilotdagi har qanday kamchilikni aniqlashi bilanoq, bu kamchilikni birdaniga butun jamoa azolariga oshkor qilish payida bо‘lsa, jamoada sog‘lom raqobat emas, balki, negativ oppozitsiya yuzaga keladi. Shu boisdan ham jamoatchilik nazorati uchun mas’ul shaxslar uchun ijtimoiy ijodiyot о‘z mazmun-mohiyatiga kо‘ra odamlardagi xato bilan kamchilikni, muxim bilan zarurni, ijtimoiy havfi katta bо‘lgan xato bilan, xavfi uncha katta bо‘lmagan xatolarni, ish va korxona bilan bog‘liq nuqson bilan hodimning shaxsiy hayotiga doir nuqsonlarni, mas’uliyatsizlik bilan qilingan ayb bilan hodimning kasbiy saviyasi, kompetentligi sustligi uchun yuzaga kelgan aybni, tasodifan yuz bergan hatolar bilan mantiqan amalga oshgan xatolarni farqlay bilishi zarur. Jamoatchilik nazorati uchun mas’ul shaxs barcha ishlarda ratsional, ya’ni, bosiq aql bilan yondasha olishi kerak.
Madaniyat muassasalaridagi badiiy ijodiyot tо‘garaklari sifatini о‘rganish sohasidagi jamoatchilik nazorati asosan ta’lim subektlari bо‘lgan pedagog va о‘quvchi-talaba faoliyatining sifat jihatlarini ta’minlashga qaratilgan bо‘ladi. Ba’zan tо‘garak a’zosining ta’lim olishga bо‘lgan rag‘bati va qiziqishi susayish holatlariga duch kelamiz. Bunday holatning sabablarini aniqlashga qiynalamiz. Deylik tо‘garak rahbari ishga о‘z vaqtida keladi, mashg‘ulotlarni talablarga asosan qatiqqо‘llik bilan о‘tadi, jurnalni namunaga binoan tо‘ldiradi, majlislarda ishtirok etadi, jamoa tadbirlari, hasharlarda qatnashadi. Bir qarashda unga hech qanday huquqiy-ma’muriy e’tiroz bо‘lishi mumkin emas. Ammo tо‘garak a’zolari bunday ustozdan hunar ta’limi olishni negadir xoxlamaydilar. Ular о‘z noroziliklarini mashg‘ulotlarga qatnashmaslik, reyting ballarini kо‘tarish bо‘yicha jon dildan xarakat qilmaslik, mashg‘ulotlarda tinch о‘tirmaslik, kasb yoki ijod turini о‘zlashtirishda ustoz bilan hamkorlik qilmaslik, tashabbus kо‘rsatmaslik, tezroq mashg‘ulot tugashini kutish tarzida namoyon etishadi. Aynan ana shu holatlarda jamoatchilik nazorati muammoviy vaziyatlarga oydinlik kiritadi va adolatni tiklaydi. Shuningdek, madaniyat muassasalaridagi omilkor rahbar bunday holatlarda tо‘garaklar ish sifati darajasini doimiy о‘rganib boruvchi jamoatchilik nazorati guruhlarini tashkil etishi va uning faoliyatini tizimli tarzda yо‘lga qо‘yishi lozim. Bunday tizim jamoatchilik nazorati guruhlari ish sifati natijalarini oyma-oy madaniyat muassasasi, uslubiy yig‘ilishlarida muxokamadan о‘tkazib borish tarzida shakllana boshlaydi.
Shuningdek, madaniyat muassasalaridagi jamoatchilik nazorati ma’muriy nazorat doirasiga kirmaydigan masalalarni ham hal etish imkoniyatiga egadir. Masalan madaniyat xodimi va tо‘garak a’zolarining tashqi kо‘rinishlari, salomlashuv odobi, ularning о‘z bо‘sh vaqtlaridan nechog‘li unumli foydalanishlari, kitob mutolasiga muhabbat, internet saytlaridan foydalanish madaniyatini tarkib toptirish, ayollarga hurmat kо‘rsata bilish singari masalalar shular jumlasidandir.
Tо‘garaklarda badiiy ijodiyot turlari va bilimlarni о‘zlashtirish va ta’lim sifatini oshirishda jamoatchilik nazorati ota-onalar va mahallaning maktab ta’limi bilan hamkorliklarini yaxshilashda namoyon bо‘ladi. Buning uchun ota-onalarning о‘z farzandlari havaskorlik ijodiga bо‘lgan yondashuvlarini mazmunan о‘zgartirishlari zarurdir. Odatda ota-onalar о‘z farzandlariga “Darsga bordingmi?”, “Kechikmadingmi?”, “Hech kim bilan urushmadingmi?”, “Ovqat yedingmi?”, ba’zan-ba’zan esa “Darsingni qildingmi?”, “Ustozing maqtadimi?” singari savollar bilan yuzaki nazorat qilishadi. Bunday yondashuv aslida farzandlarning badiiy ijodiyotni egallash ishlarini faqat madaniyat muassasalari zimmasiga yuklab qо‘yishdan boshqa narsa emasdir. Endigi vazifa ota-onalarning о‘z farzadlarini “Bolam, bugun tо‘garakdan nimani о‘rganib kelding?”, “Qaysi mavzu qiziqarli о‘tildi?”, “Bugun bizga nimani о‘rgatasan?”, “Qachon mashg‘ulotni birga tayyorlaymiz?” singari savollar orqali nazorat qilishga о‘tishning vaqti yetdi. Aynan shunday yondashuv ta’lim jarayonlariga ota-onalarning ishtirokli nazoratini ta’minlab beradi va ta’lim sifatini oshirishga yо‘l ochadi.
Madaniyat muassasalaridagi jamoat nazorati ustoz-shogird tizimini samarali yо‘lga qо‘yishda xam namoyon bо‘ladi. Bunda yangi ishga kelgan xodimlarni chuqur bilim va malakaga ega bо‘lgan ustozlarga biriktirib qо‘yish hamda ularning kasbiy rivojlanish dinamikasini jamoatchilik nazorati ostiga olish kutilgan samarani beradi. Zero, biriktirilgan har bir ustoz-shogird guruxlari dastavval birhildagi samara bilan ishlamaydi. Jamoatchilik nazorati tomonidan aniqlangan mavjud xolatlarning kо‘pchilik e’tiboriga yetkazilishi orqada qolayotgan har bir ustoz va shogird guruhlarini beixtiyor harakatga soladi.
Madaniyat muassasalarining mahalla bilan hamkorlikdagi jamoat nazorati ijtimoiy va badiiy ijodiyot rivojiga kuchli turtki beradi. Prezidentimiz mahalla institutiga doimiy ravishda e’tibor qaratib, uning faoliyat doirasini yanada kengaytirish zarurligini qayd eddilar. О‘zbekiston konstitusiyasining 21 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda qilgan ma’ruzalarida: “Bugun oldimizda turgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish vazifasi haqida gapirar ekanmiz, eng avvalo davlat hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining yahlit tizimini tashkil qilish, buning uchun huquqiy normalarni mustahkamlash, kerak bо‘lganda, maxsus qonunlarni qabul qilish lozim” deb ta’kidladilar.
Ma’lumki mahalla bugungi kunda hududdagi madaniy, ijtimoiy-ma’naviy muhitni tarkib toptirishga ustuvor masala sifatida alohida e’tibor berib keldi. Bu borada muayyan yutuqlarga erishildi. Xususan, oilalardagi ajralishlar, kollejni tugatmasdan turib erta turmushga uzatishlar, maxallalarimizga turli yot g‘oyalarning kirib kelish xolatlari keskin kamaydi. Endigi vazifa esa xududdagi barqarorlashgan ijtimoiy-ma’anaviy muxitni asrashgina bо‘lib qolmasdan, aholi madaniyatini yuksaltirish, ularni yalpi faollashtirish, bunyodkorlik ishlariga yanada kengroq safarbar qilish, madaniy ma’naviy yuksalish imkoniyatlarini rо‘yobga chiqarishdan iboratdir.
Mahalla doirasida jamoatchilik nazorati fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlaridagi turli yо‘nalishlardagi komissiyalar ishi orqali rо‘yobga chiqariladi. Gap ana shu komissiyalar ishini har tamonlama jonlantirish va tizimli yо‘lga qо‘yish ustida bormoqda. Ma’lumki, hayotda odamlar turli muammo va tashvishlar og‘ushida yashaydi. Aksariyat kо‘pchilik о‘z muammolarini bilsada, ammo uning yechim yо‘llaridan bexabar bо‘ladi. Mahalladagi jamoatchilik nazorati turli muammoviy vaziyatlardan odamlarni chiqaza olishi bilan, ya’ni, odamlarga foydaliligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumki, respublikamiz aholisining 50 foizi о‘zini о‘rta sinfga mansub, deb baholaydi. Xususan, Toshkent, Namangan, Samarqand, Buxoro singari yirik shaharlarda xususiy tadbirkorlik, savdo-tijorat, ishlab chiqarish hamda xizmat sohalarida mashg‘ul bо‘lgan о‘n minglab yuqori darajada ta’minlangan oilalar uchun, oilani maishiy jihatdan boshqaruvchi, yosh bolalar uchun enaga, fan va badiiy ijodiyotni о‘zlashtirishga yordam beruvchi repititorlar juda juda zarurdir. Bugungi tez о‘sib borayotgan ma’naviy intelektual ehtiyojni esa madaniyat muassasalari, maktab, kolejlardagi fan va ijod tо‘garaklari tо‘la ravishda ta’minlab bera olmayotir. О‘tkazilgan tadqiqot natijalariga kо‘ra, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Andijon shaharlaridagi har uch oilaning biri о‘z farzandlarini turli tо‘garaklarda shug‘ullantirish hoxishlari mavjudligini bildirdilar. Shu boisdan ham, mahallalardagi jamoat nazorati nafaqat kam ta’minlangan oilalarni moddiy jihatdan о‘rta darajaga kо‘tarish ishlarini, balki, yuqori darajadagi ta’minlangan oilalarning ijtimoiy-ma’naviy muammo va ehtiyojlarini yechishda ham amaliy kо‘mak beruvchi institutga aylanishi taqoza etilmoqda. Shu boisdan ham, О‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan yakka tartibda faoliyat yurituvchi enaga, repititor, ijodiyot turlari bо‘yicha konsultant-madaniyat xodimi oilani maishiy jihatdan boshqaruvchi singari individual tarzdagi mehnat faoliyati turlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishi zarurligini bugungi farovonlashayotgan turmushimiz talab etmoqda.
Demak jamoatchilik nazorati nafaqat bajarilayotgan ishlar sifatini nazorat etish, balki, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solib yuborishni ham nazarda tutadi.
Madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bо‘yicha jamoatchilik nazorati ishlarini faollashtirishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining о‘rni va roli ham kattadir. Ma’lumki, yoshlar о‘z tabiatlariga kо‘ra maksimalizmga, ya’ni, xar qanday ishni tez, yuksak sur’atlarda bajarishga moyil bо‘ladilar. Yoshlarning aynan shu tabiati jamoatchilik nazorati natijaviyligini ta’minlashi, ijtimoiy ijodiyotni faollashtirish davlat idoralaridagi byurokratik xolatlarga barham berishi, ayrim rahbarlarning oyog‘i yerdan uzilganligi xolatlarini tanqid ostiga olishi tarzida samarali namoyon bо‘ladi.
Shu narsaga e’tibor berish kerakki, jamoatchilik nazoratini hammani baravar qо‘llab-quvvatlash yoki odamlarni davlat organlari ta’siridan ximoyalash, deb tushunmaslik kerak. Jamoatchilik nazorati dastavval hodimlarning tо‘g‘ri va halol ishlashi, rahbarlarning maqbul qarorlar qabul qilishi va manfaatlar muvozanatini saqlashiga bо‘lgan ijtimoiy e’tibordir. Jamoatchilik nazorati loqayd, dangasa, hafsalasiz yoxud kasbiy malakasi sust bо‘la turib, о‘z ustida ishlashni hoxlamaydigan odamlarga tarbiyaviy yо‘l bilan ta’sirchan yondasha bilishi jihatidan ham e’tiborlidir. Zero, jamoatchilik nazorati jamoadagi ijtimoiy meyorlarning tarozisi, tо‘g‘ri yо‘lning himoyachisi vazifasini bajarishi bilan ham jamiyatimiz va davlatimizga foydalidir.
Istiqlolimiz davrida, xuddi insoniyat tarixidagi ulug‘ о‘zgarishlar davrida bо‘lgani singari, inson ongi va tafakkuridagi bosh mezonlar-imon, ishonch, tо‘g‘rilik, tartibotlarga hurmat sо‘zlarining mazmunini ham isloh etishga erishildi. Davlat siyosatida sо‘z va ish, maqsad-reja, amaliyot birligi tо‘la ta’minlandi. Bugungi kunda odamlar davlat tomonidan belgilanayotgan dastur va rejalar ijrosining albatta bajarilishiga tо‘la ishonadilar. Davlat faoliyatiga xos bо‘lgan tо‘g‘rilik, adolatlilik, ishchanlik, rejaviy ish tutish xususiyatlari jamiyat, ya’ni, odamlar fe’l-atvori, turmush tarziga ham kо‘cha boshladi.
SHо‘rolar davriga xos bо‘lgan, har qadamda yolg‘on, bir-birini aldash, ikkistandartlilik illatlari о‘rniga tо‘g‘risо‘zlik, tо‘g‘ri ish tutish, qonunlarga hurmat, insonni e’zozlash fazilatlari mustahkam о‘rnasha boshladi.
Mustaqillik tufayli davlatimiz о‘zini jamoatchilik nazorati ostida bо‘lgan holda faoliyat yuritishni xoxlamoqda. Qachon davlat halqning nazorati ostida bо‘lishini xoxlaydi?. Qachon davlat о‘zini tо‘g‘ri yо‘lda ekanligiga, tо‘g‘ri ish qilayotganligiga, faoliyati tо‘laligicha inson manfaatlariga xizmat qilayotganiga ishonsa. Bugun davlatimizda anashu ishonch qadriyati mustaxkam о‘rnatilgan. Xalqimizning davlatimiz olib borayotgan ishlarga ishonchi esa davlatimizning mamlakatimizni barqaror rivojlantirishiga poydevor bо‘lmoqda.
Jamoatchilik nazorati samaradorligi aynan ana shu sof insoniy fazilatlar-tо‘g‘rilik, ishonch, sо‘z va ish birligi asosiga quriladi. Mamlakatimizda halollik, ezgulik asosiga quriladigan jamoatchilik nazorati ikki mustahkam poydevorga asoslanib amal qiladi. Bu ikki poydevor bir tomondan istiqlol insoniga xos bо‘lgan tо‘g‘rilik, tartibotlarga hurmat, bunyodkorlik, vatanparvarlikdan kuch olsa, ikkinchi jihatdan davlatimiz tomonidan odamlarning yaratuvchanlik faoliyatini olib borishlari uchun barcha huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ma’naviy imkoniyatlarning tо‘la tо‘kis yaratib berilganidan quvvatlanmoqda. Davlat faoliyatini nazorat etishdek muqaddas ishda jamiyat tomonidan qо‘llaniluvchi tо‘g‘rilik tamoyili mamlakatimizni rivojlangan, demokratik davlatlar qatoridan munosib о‘rin olish jarayonlariga kuch va qanot bag‘ishlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |