Tayanch so’z va iboralar: Avesto, Zardushtiylik dini, Anaxit, mug’lar, gotlar, Borbad, olov uylari, erkaklar uyi, choyxona, podsho-vazir o’yini, lazgi raqsi, Mitra, urf-odatlar, Axriman, Axuramazda.
“Avesto”dagi tomoshalar tasviri. Zamonlar o‘tishi bilan, ovchilik va chorvachilik qatori dehqonchilikning ham tez rivojlanishi, yangi qabila, yangi sinflarning maydonga kelishi, davlatlarning paydo bo‘lishi, shaharlarning ko‘payishi, ishlab chiqarish kuchlarining o‘sishi, turli yangi miflar, diniy aqidalar, mafkuralarning tug‘ilishi-o‘sha davr marosimlariga, xalq o‘yinlariga, raqs va musiqasiga ham ta'sir ko‘rsatdi. Uni takomillashtirdi, yangi mavzular, yangi obrazlar olib kirdi. Natijada yangi tomosha uslublari - yil fasllariga, hosilni ko‘paytirishga va harbiy g‘alabalarni nishonlashga bag‘ishlangan turli marosim, bayramlar paydo bo‘ldi. Ibtidoiy davr marosimlarida odamlar asosan hayvon va tabiat hodisalariga taqlid qilib kelgan bo‘lsalar, bu davr marosimlarida, bayramlarida, xalq o‘yinlarida ma'bud, ma'budalar, mifologik va afsonaviy qahramonlarning obrazlari maxsus ijrochilar tomonidan taqlidiy ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Mana shu davrda qadimiy O‘zbekiston territoriyasida yashagan qabilalar, elat va xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy hayotlari, urf-odatlari, e'tiqod va madaniyatlari, musiqa, raqs va umuman teatrlashtirilgan marosimlari to‘g‘risida ma'lum tasavvur bera oladigan zardushtiylikning muqaddas «Avesto» risolasi birinchi yozma kitob sifatida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Zardushtiylik dini quldorlik va ilk feodalizm davrida O‘rta Osiyo, Eron va Ozarbayjonda keng tarqalgan Uning diniy ta'limotlari qadimiy xalqlarning hayoti va ehtiyoji asosida vujudga kelgan afsonalarga tayanib yaratilishiga qaramay, unda yaratuvchilik ideallari juda kuchli; «Avesto» kitobinnng barcha naqllari asosan tabiat kuchlarining tasviridan iborat. Chunonchi «Avesto»ning «Vendidod» bobining kirish qismi dehqonchilik va chorvachilikka bag‘ishlangan. «Vendidod»ning birinchi faslida ikki olam Axura Mazda va Angra Manyular o‘rtasidagi kurash, Axura Mazdaning serhosil mamlakat yaratishi haqidagi rivoyat, ikkinchi faslida esa yer satxini uch barobar oshirib dehqonchilik va chorvachilikni kengaytirgan, kishilar uchun ko‘p foydali mo‘jizalar yaratgan adolatli yima Jamshid haqidagi afsona naql qilinadi. Uchinchi faslda «Qasrdagi donni, yemish ko‘katlarini, meva beruvchi daraxtlarni ko‘proq ekilsa, quruq tuproqni sug‘orsalar, ortiqcha sersuv botqoq yerlarni quritsalar o‘sha joyda yer quvonadi» deb, dehqonchilik va bog‘dorchilik muqaddas hamda sharafli mehnat ekani targ‘ib qilinadi.
Tarixiy ma'lumotlarga qaraganda «Avesto» eramizdan oldingi VII asr oxiri VI asr boshida maydonga kelgan. Uning muqaddas kitob shaklida to‘la shakllanishi esa eramizdan oldingi birinchi ming yillikka to‘g‘ri keladi. U 21 kitobdan iborat bo‘lib, «Zend—Avesto» deb atalgan. Ammo uning ko‘p qismi Iskandar Zulqarnaynning bosqinchilik urushi natijasida Persopal saroyidagi yong‘inda kuyib ketgan. Qolganlari esa arab bosqinchilari davrida yo‘qolgan. Bizgacha yetib kelgan «Avesto» kitobining eng qadimgi nusxasi 1324 yilda ko‘chirilgan bo‘lib, u Kopengagenda saqlanadi. «Zend—Avesto» o‘tgan asrda bir necha bor yevropa tillariga ham tarjima qilingan. Shunday qilib «Avesto» ta'limotlari bo‘yicha «tabiatdagi va insonlar jamiyatidagi hodisalarning hammasi bir-biriga teskari va ikki yaratuvchining kurashidan kelib chiqadi. Bu yaratuvchilarning biri Axura Mazda bo‘lib, u yorug‘lik, obodonlik, farovonlik, salomatlik, tinchlik va boshqa yaxshiliklarni yaratgan xudodir. Ikkinchisi Axrimak (Agra Manyu) esa Axura Mazda yaratgan yaxshi narsalarga qarshi kurashadi. Bu kurashning natijasi qorong‘ilikka qarshi yorug‘likning g‘alabasi bilan tamom bo‘ladi». Tabiat va jamiyat hodisalarining yaxshilik va yomonlikda, ikki ziddiyatda ta'riflanishi qadimgi turli marosim va xalq o‘yinlaridayoq, teatr san'atining muhim spetsifikasi bo‘lgan konfliktni, ijobiy va salbiy obrazlarni tug‘dirib borar edi.
Bundan tashqari «Avesto» kitobi diniy marosimlarning ijro etish uslublari hamda teatr san'ati elementlarining shakllanishida katta rol o‘ynardi. Chunonchi «Avesto»ning «Visparad» qismi 24 fasldan iborat bo‘lib, ibodat qo‘shiqlarini, «Yasna» qismi 72 fasldan iborat bo‘gan, qurbonlik marosimlarida aytilgan fojiaviy qo‘shiq va marsiyalarni o‘z ichiga oladi. «Yasht» qismida zardushtiylik xudolari va ma'budalari madhiga aytiladigai 22 ta qo‘shiq va xor nazmlari kirgizilgan.
«Avesto» marosimlarida diniy aqidalarni, murakkab qo‘shiq va xorlarni pantomim raqs bilan ijro etilishi, unda mifologik qahramonlar obrazlarining yaratilishi «Avesto»ning qo‘shiq va xor tekstini bilgan va g‘oyalarini katta mahorat bilan tasvirlab bera oladi-gan maxsus ijrochilarni talab qilar edi. Shu jihatdan «Avesto» marosimlarini ijro etish shakallarini ilk teatr san'ati elementlari deb qarash mumkin. Uning diniy marosimlari ibodatxonalarda yoki maxsus maydonda teatrlashgan uslubda, uning duo va baytlari jo‘shqin musiqa, qo‘shiq, pantomim raqs bilan hamohang olib borilgan.Koinotning alohida-alohida hodisalariga mutasaddiy bo‘lgan Mitra, Anaxit, Xumo, Jamshid, Mirrix kabi turli mifologik tiplarning qahramonliklari maxsus ijrochilar tomonidan o‘ynab ko‘rsatilgan. Chunonchi quyosh va yorug‘lik xudosi Mitra «Avesto»da tengsiz bahodir, dushmanga qarshi shafqatsiz kurashuvchi jasur yigit, o‘tda kuymas, suvda cho‘kmas, maydonda o‘q o‘tmas qahramon qilib berilgan. Mitra yer bilan ko‘kda kezib, zulmat xudosi Axriman bilan kurashadi. Bulutlar ustida olov zanjir chaqmoq otib, Axrimanni quvib yuboradi.
Mitra aravada turib, suyakdan mohirlik bilan ishlangan, buqa tasmasidan tarang qilib tortilgan yoyidan minglarcha o‘q uzadi, uning o‘qlari fikrday tez uchadi, fikrday tezlik bilan devlar boshiga borib yog‘iladi...
O‘rta Osiyo tasviriy san'at yodgorliklarida yer-suv, obodonlik va farovonlik xudosi Anaxit juda ko‘p uchraydi. U ham o‘sha davr «Avesto» dinining teatrlashgan marosimlarida asosiy mifologik obrazlaridan biri bo‘lgan. Bunday fikr yuritishga «Avesto» tekstining o‘zi ham asos beradi. Chunonchi «Avesto»da Anaxit obrazi quyidagicha ta'riflanadi: «Anaxit yaxshi kiyingan go‘zal bir ayol sifatida, insonning nazokatini, ko‘rkini ifodalovchi, qahramonlarga kuch-quvvat va muvaffaqiyat baxsh etuvchi bir shaxsdir». Bu obrazning tasviri to‘g‘risida yana quyidagi misralarni o‘qiymiz:...”Anaxitni doimo go‘zal, baquvvat, kamarini baland bog‘lagan, oltin ziynatli, ko‘p burmali mursak kiygan bir qiz sifatida ko‘rish mumkin...». Ko‘rinib turibdiki, Anaxit obrazi jonli shaxs sifatida ta'riflanadi. Demak, buning timsoli asrlar bo‘yi maxsus ijrochilar tomonidan o‘ynalib, jonlantirilib kelingan. O‘rta Osiyo territoriyasida topilgan juda ko‘p tasviriy san'at yodgorliklari ichida Anaxit figurasi turli variantlarda ko‘rinadi. Tadqiqotchilar Anaxit marosimlari juda jo‘shqin o‘tgani, ular turli dramatik dialog, yalpi qo‘shiq xor va raqslar bilan olib borilganligini ko‘rsatdilar. Zardushtiylik mazhabi bilan aloqador bo‘lgan mifologik syujet-larni qadimda hamma qo‘shilib— xorovod uslubida ijro etilganini yunon tarixchilaridan Ksenofon (eramizdan ilgarigi 434—355 yillar) ham tasdiqlaydi. U eramizdan burungi IV asrda skiflarning musiqa va ashulalar bilan ijro etadigan original mifologik xorovod tomoshalarini ko‘rganini yozadi. «Ular bir-biriga qarab xor aytayotganda qator saf tortib turadilar... shundan so‘ng biri ashulani boshlaydi, qolganlari ham shu ashula yo‘lida ayta boshlaydilar». Islom dinining qat'iy ta'qibiga qaramay zardushtiylik diniy mazhabida bo‘lganlarga va ularning diniy marosimlarining tomoshaviylik xususiyatiga o‘rta asrda va undan so‘ng ham qiziqish sovimagan. Bunga somoniylar davrida yashagan Abu Mansur Muhammad Daqiqiyning quyidagi misralari ham misol bo‘la oladi: «Dunyodagi yaxshi va yomon narsalardan Dakiqiy to‘rt narsani tanlab oldi: Yoqut rangda bo‘lgan lab, chang nolasi, Qon rangli sharob bilan zardusht dini» Zardushtiylik — din, diniy ta'limot, ibtidoiy dunyoqarashlardan biri bo‘lib, u muayyan marosimlar, urf-odatlar majmuasidir. Xalq orasida u ko‘proq otashparastlik deb yuritiladi.
Zardushtiylik bilan yunon olimi Hyerodotdan tortib to shu kungacha minglab olimlar uzluksiz shug‘ullanib kelishdi. Ya'ni zardushtiylik ikki yarim ming yildan buyon olimlar diqqat markazida. Ammo shunga qaramasdan, hamon u odam oyoqlari tegmagan changalzorga o‘xshaydi. Ayniqsa, bu din bilan bog‘liq bayramlar, marosimlar, tomoshalar kam o‘rganilgan. Ular to‘g‘risida uzuq-yuliq ma'lumotlar, qaydlar, farazlar bor, xolos. Ming afsuski, o‘zbek olimlari ko‘p hollarda zardushtiylikni chetlab o‘tganlar. Buning sabablari bor, albatta. Biri shuki, zardushtiylikni birinchi navbatda fors-tojik xalqlarigagina xos deb qaraganlar. Ikkinchidan esa zardushtiylik va umuman majusiylikka oid dinlarni o‘rganish gunoh, u islomga soya tashlaydi, deb o‘ylaganlar. Afsus-nadomatlar bo‘lsinki, XX asrda ham mazkur mavzuni biron bir o‘zbek olimi maxsus o‘rganmadi. Zero, sovet hokimiyati davrida din, diniy tasavvurlar va qarashlar u yoqda tursin, shu bilan salpal bog‘liq ijodkor, badiiy asarni ham chetga surib qo‘yildi. Klassik asarlar ilohiy ohanglar va lavhalardan tozalanib, randalanib nashr etildi. Vaqt shuni ko‘rsatdiki islom, tasavvuf tariqatlari, balki O‘rta Osiyoda islomgacha hukm surgan zardushtiylik, buddizm, ibtidoiy dunyoqarashlar totemizm, animizm kabi diniy e'tiqodlar barcha elatlar, xalqlar hayotida keng tomir yoyib, marosim, sayl va bayramlarida, tomoshalarida ko‘pincha bir-biri bilan chatishgan holda namoyon bo‘lib kelgan. Islom ma'jusiylikka qarshi qancha kurashmasin, uni avlodlar yodidan, hayotidan yulib tashlay olmadi, urf-odatlari, marosimdari tarkibidan siqib chiqara olmadi.
Ayniqsa, zardushtiylikning qoldiqlari, alomatlari, unsurlari har qadamda uchraydi. Ko‘pgina tomoshalarning san'atlarning, kelib chiqishini, takomilini, antiqa hodisalarini, timsollarini, tasviriy vositalarini faqat zardushtiylik bilan bog‘liq holda tushunishimiz, anglashimiz mumkin. Ushbu mavzuni maxsus o‘rganish davri qildi. “Avesto” falsafasi yoki estetikasi degan tadqiqot paydo bo‘lishiga umid qilamiz. Nega deganingizda, zardushtiylik shunday ko‘p tarmoqli, murakkab sohaki, uni turli ixtisosli olimlar yoki maxsus guruhigina bir daraja to‘liq o‘rganishga qodir. Akademik M Rahmonovdan keyin zabardast olim M. Qodirov ham bu mavzugu murojat qildi. Shundan kelib chiqib, qaydlarni aql va mantiq tarozisiga qo‘yib, zardushtiylik bilan aloqador bayramlar, marosimlar va tomoshalar haqida dastlabki umumiy manzara yaratilgan. Bu mavzu keyingi tadqiqotchilar tomonidan yanada to‘ldiriladi va ishonchli ilmiy bir manbaga aylantiriladi deb umid qilamiz.
Aksar olimlarning V. V. Struve, I. S. Braginskiy, I. M. Dyakonov, V. M. Lukonin, S. P. Tolstov, B. I. Avdiev, M. Boys va boshqalar fikricha, zardushtiylik Turonda paydo bo‘lib, shakllanib, keyinchalik Eronga o‘tgan. Ular Zardushtiylikning og‘zaki ta'limoti yozilgan «Avesto» nomli muqaddas kitob ham dastlab shu Turon hududida maydonga kelgan, deydilar. «Avesto» nomli qadimgi diniy to‘plamning dastlabki qismlari, juda azalgi qismlari,— deb yozadi B. I. Avdiev,— xuddi shu O‘rta Osiyo hududida vujudga kelgan, deb aytishga hamma asoslar bor. Ba'zi bir rivoyatlarda aytilishicha, zardushtiylik dinining birinchi «muqaddas olovi» Xorazmda yoqilgan. «Avesto»da tasvirlangan «Ayriana-Vayjo» degan mamlakat Xorazm bo‘lgan bo‘lishi ehtimol, bu mamlakatda Ahuramazda Zardushtga ko‘rinish bergan. «Ayriana-Vayjo» degan afsonaviy mamlakatning «Avesto»da saqlanib qolgan tasviri Xorazmning jug‘rofiy sharoitlariga juda muvofiq keladi». «Avesto»dagi Urva – Urganch, Ardvi - Amudaryo, Voruqash – Orol dengizi kabi atamalar ham shu fikrni tasdiqlaydi. Bundan tashqari, Xorazm so‘zining o‘zi ham «Quyoshli yer» - «xvar» — quyosh va «zom» — yer degan ma'noni bildirib, uning quyoshga sajda qiluvchi mamlakat ekanidan dalolat beradi. Quyoshli yerliklar ibodat qo‘shiqlari 72 fasldan iborat bo‘lsa va uni maxsus ijrochilar bajarsa biz yana bir bor kichik shakldagi – musiqa, raqs va qo‘shiqqa, katta shakldagi – xorga duch keldik.
Do'stlaringiz bilan baham: |