Qadimgi marosimlar ijtimoiy, madaniy faoliyatning ibtidoiy ko‘rinishi sifatida. Ovning baroridan kelmasligi, insonni tabiat oldidagi zaifligi diniy e'tiqodning ilk elementlari tug‘ilishida ma'lum darajada rol o‘ynadi. Shunday dinlarning eng avvalgi shakllaridan biri — totemizm diniy e'tiqodidir. Bu din odamlarning hayvonlar bilan qandaydir ruhiy aloqalari borligi haqidagi e'tiqod asosiga qurilgan bo‘lib, u urug‘, aymoq jamiyati davrida kelib chiqgan. Olimlar O‘rta Osiyo hududida ibtidoiy jamoa davrida totimizm diniy e'tiqodi bo‘lgani, ibtidoiy odamlar ayrim hayvonlarni ilohiylashtirib, ularga sig‘nish odatlari mavjudligini bir necha bor tasdiqlangan. O‘zbekiston hududida yashagan qadimiy odamlar bir vaqtlar tuya, qo‘y, ot, sigirni muqaddas hayvonlar deb ishonar va ularga topinar edilar.
Totemizm diniy marosimi vaqtida odamlar hayvon qiyofasiga kirib, sehrli pantomim raqslarga tushar, bu marosim qo‘shiq va musiqa bilan birga olib borilar edi. Ibtidoiy odamning jodu va afsun yo‘li bilan hayvonlarga sig‘inib, ularga taqlid qilib o‘ynashlari ham ularning tirikchilik faoliyatlari bilan aloqador edi. Totemizm ta'limotida afsun yoki jodu bilan odamni itga, itni esa odamga aylantirish kabi afsonaviy rasm, rusimlari ham bo‘lgan. Har ikkala holda ham bu vazifani odam ijro etardi. Bu insonni qiyofa yaratishga intilgan va namoyon qilgan dalil. Shu kunlargacha yetib kelgan o‘zbek xalqining ertaklarida ham odamning sehr, afsun yo‘li bilan itga yoki kiyikki aylantirish afsonalari uchraydi. Bu ham totemizm dinining qadimda O‘rta Osiyoda bo‘lganiga bir dalildir. Totemizm dinining keng tarqalishi bilan odamning hayvon qiyofasiga kirib, hayvon obrazini yaratish va unga taqlid qilish layoqati «ovchilik o‘yini» dagi taqlidchilikka nisbatan murakkabroq tusga kirib borgan.
«Ovchilik o‘yini» va totemizm diniy marosimlari kishilik jamiyati tarixining navbatdagi bosqichlarida o‘zining tarbiyaviy va diniy ahamiyatlarini yo‘qotib, o‘zlarining faqat tomoshalik funksiyasini saqlab qolgan bo‘lsa kerak.
Ibtidoiy odamlar tabiat hodisalarining tub sabablarini tushinib yetmaganliklarir orqasida tabiy ofatlardan tobora dahshatga tushganlar. Ular tabiat hodisalarini jonli narsalar deb tasavvur qilganlar. Natijada ibtidoiy jamiyatning navbatdagi bir bosqichida Animizm diniy e'tiqodi ham kelib chiqadi Bu yangicha diniy dunyoqarash vakillari marosimlarida tabiat hodisalarini ilohiy kuch deb qabul qilib, unga topindilar.
Animizm marosimlarida odamlar yashin, momaqaldiroq, dovul, shamol kabi tabiiy hodisalarning ramziy obrazlarini yaratib, unga sig‘inganlar. Diniy marosimlarda pantomim raqs, qo‘shiqlar va iltijolar ijro etilgan. Diniy obrazlarning niqoblari juda dahshatli tusda bo‘lgan.
O‘zbekiston hududida topilgan ibtidoiy davrga xos tasviriy san'at yodgorliklarida bu dinning izlari ham ko‘zga tashlanib turadi. Chunonchi Nomozgartepa yodgorliklarida topilgan sopol idishga ishlangan o‘yma surat xuddi afsun o‘qib pantomim raqs shaklida tabiat hodisalariga topinayotgan kishiga o‘xshaydi. Chirchiq vodiysida Maydontol atrofidagi toshlarga chizilgan suratlar ichida yalpi qo‘shiq aytayotganlar tasviri topilgan. Ular davra qurib, tabiatning biron hodisasiga sig‘inayotganlari tasvirlangan. Ko‘pchilik bo‘lib iltijo qilish – ilk xor shakli bo‘lib, katta shakldagi tomosha turining elementlari edi.
Shunday qilib ibtidoiy jamiyatning ilk davrlaridayoq turli diniy marosimlarda tomosha turlarini eng sodda arxaik elementlari — pantomim – taqlid qilish, raqs musiqa va xorning ilk namunalari tug‘ila boshlagan. Unda tomosha turlari hali ajralmagan , sinkritik holda mavjud edi. Lekin bu sinkretik xoldagi tomoshalar ikki shaklda – kichik ya'ni pantomim, raqs va qo‘shiq, yoki katta – xor ko‘rinishida edi.
Qadimgi O‘zbekiston hududida tomosha elementlarining tug‘ilishi va rivojlanishining ikkinchi etapi eramizdan ilgarigi birinchi ming yilligida quldorlik jamiyatining barpo topishi bilan boshlanadi.
Bu davrdagi O‘rta Osiyo xalqlari hayotini ifodalaydigan arxeologik materiallardan tashqari, ayrim qadimiy qo‘lyozmalar xamda bizgacha yetib kelgan og‘zaki adabiyot yodgorliklari, xalq poetik ijodi, lof va afsonalar, eposlar va ularning qadimiy ijodchilik uslublari ham ishonchli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Agar odamlar bu davrgacha tabiatdagi bor jonvorlarni ov qilib yeb, tirikchilik o‘tkazib kelgan bo‘lsa, ishlab chiqarish qurollarining takomillashishi, mis jez va ma'danlarni ishlata boshlashi natijasida, rivojlanishning keyingi bosqichi bo‘lgan dehqonchilik va chorvachilikni ham o‘rganib oldi. Odamlar endi dexqonchilik va chorvachilik uchun qulay bo‘lgan joylarda bir jamoa holida o‘rnashib kun kechira boshlaydi.
Keyingi yillarda o‘tkazilgan qator arxeologik qazilmalar qadimgi O‘zbekiston hududida eramizdan ilgarigi birinchi ming yillik o‘rtalarida qadimgi dehqon va chorvadorlarning patriarxal urug‘, aymoq jamiyati mavjud bo‘lganligini, ular sug‘orish sistemasidan foydalanganliklarini aniqladi. Bu jarayon insoniyatni muhim iqtisodiy, madaniy va tarixiy natijalarga, yangi bosqichga olib keldi.
Dehqonchilik sug‘oriladigan yerlarga muqim joylashishni taqozo qilsa chorvachilik yangi, yangi o‘tloqlarni izlashni, ko‘chib yurishni talab qilgan. O’troq dehqonchilik rayonlarining aholisi sug‘diyonaliklar, baqtriyaliklar, xorazmliklarni tashkil etsa, ko‘chmanchi chorvachilik rayonlarida saklar, massagetlar va boshqa ko‘chmanchi elat hamda qabilalar yashagan.
Zamonlar o‘tishi bilan, xususiy mulkchilikning rivojlana borishi jamoa ichida ijtimoiy tengsizlikni boy va kambag‘allikni keltirib chiqaradi. Demak O‘zbekistonning qadimgi hududida eramizdan burungi VIII—VII asrlardayoq quldorlik tuzumi vujudga kela boshlagan. Bu davrda temirni eritish jarayonini o‘zlashtirilishi — ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiy etishiga olib keldi. Bu jarayon jamoa a'zolarini boy va kambag‘allarga ajralishni tezlashtirdi. Ayniqsa urushda qo‘lga tushgan asirlarni ishlatish orqasida quldorlik yanada rivoj topdi.
Sersuv joylarni atrofi keng chorvachilikka qulay dasht, sahrolar bilan o‘ralgan vohalarida o‘troq dehqonlarning soni ortib bordi. O‘troqlikka o‘tgan odamlar o‘z chorvalarini saqlash uchun qo‘ralar qura boshlaydilar. Bu davrda qullarning kuchidan, mehnatidan keng foydalanish orqasida juda ko‘p shaharlar, himoya devorlari va suv inshoatlari qurishga kirishildi. Balx, Samarqand, Marv shaharlari o‘sha davrning yirik savdo va madaniy markazlariga aylangan va O‘rta Osiyo Sharq hamda G‘arb o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar beshigi hisoblangan.
Eramizdan burungi birinchi ming yillik ichida maydonga kelgan yozma manbalar ham hozirgi O‘zbekiston hududida qadimda yashagan xalqlar madaniyatini mufassal xarakterlab beradi. Chunonchi O‘rta Osiyoda va Eronda o‘sha zamonda keng tarqalgan Zardushtiylik dinining muqaddas «Avesto» kitobida (eramizdan burungi IX—VIII asrlar) va yunon manbalarida O‘rta Osiyoda quyidagi o‘lkalar mashhur bo‘lgani ko‘rsatiladi: Parkana — Farg‘ona vodiysi, Sug‘diyona — Zarafshon daryosidan suv ichadigan yerlar va Qashqadaryo yerlari. Xorazm — Amudaryoning quyi oqimidagi yerlar. Baqtriya — hozirgi shimoliy Afg‘oniston, O‘zbekiston va Tojikistonning Amudaryoga yaqin viloyatlari. Marg‘iyona — Marv o‘lkasi, Murg‘ob daryosining quyi oqimidagi obod yerlar. Parfiyon — Turkmanistonning Qaspiy dengiziga yaqin janubi, g‘arb tomonidagi yerlar va hozirgi Afg‘onistonning Hirot viloyati.
Turli yunon olimlari eramizdan burungi IV—III asrdan boshlab qadimiy O‘zbekistonning iqlimi va xalqlari hamda bu o‘lkaning benihoya tabiiy boyliklari to‘g‘risida juda qiziqarli ma'lumotlar beradilar. Yunon tarixchisi Gerodot «Massagetlar juda katta va jangovar xalq» deb yozadi. Skiflarning qahramonliklari, ularning kuchi, hamjihatligi esa Gerodotni hayratda qoldirgan edi. Shu munosabat bilan u, «Biron qabila birlashgan skiflarga qarshi kurasha olmaydi» deb uqtiradi.
Bu xalqning vatanparvarlik va qahramonlik fazilatlari haqida boshqa muarrixlarning asarlarida ham issiq misralar yozilgan. Chunonchi Lotin tarixchisi Pompey Trog O‘rta Osiyoda yashovchi hamma qabilalar «Mehnatga va urushga chidamliligi va yengilmas jismoniy kuchi bilan ajralib turadi, ularning g‘alaba va shuhrat qozonishdan bo‘lak istaklari yo‘q» deb yozsa, Kvint Kursiy Ruf, «...Sug‘diyonlar — jasur odamlar, gavdalari juda barvasta, ular asir tushganlarida ham o‘limdan sira qo‘rqmaydilar, o‘lim oldidan ashula aytib, o‘z xursandchiliklarini bayon qiladilar degan fikrlarnn bayon qiladi. Gerodot Massagetlarni ham ko‘tarinki ruhda xarakterlaydi «Massagetlar ham otliq, ham piyoda jang qiladilar, o‘q, yoy, nayza va shamshir bilan qurollangan. Ular qurollarni jezdan yasaydilar, bosh kiyim, kamarlarini, qurollarni oltin bilan bezaydilar, otlariga ko‘krak qalqonlarni — sovutlarni ham jezdan yasab, yugan va boshqa jabduqlarga oltin bezaklar qadaydilar, chunki ularning mamlakatida oltin bilan jez benihoya ko‘p.
O‘rta Osiyoning behisob boyligi Eron Axmoniy shohlarini tinchitmas edi. Ular eramizdan burungi VII asrda O‘rta Osiyo yerlarini katta kuch bilan bosib olib, boyliklarini taladilar va IV asrgacha qariyb uch yuz yil hukmronlik qilishdi. Chunonchi Ahamoniylarning Suzax saroyi devorlaridagi yozuvlarda ko‘rsatilishicha Doro davrida juda ko‘p O‘rta Osiyolik qullar saroylar qurgan, saroy bezaklariga esa Baqtriyadan oltin, Sug‘diyona va Xorazmdan qimmatbaho toshlar, o‘chmas ranglar oldirib kelgan. Ular tabiatda va hayotda odamga yaxshilik va yomonlik keltiruvchi xudolar, ruhlar, devlar, jinlar, ajdaholar singari har xil sirli kuchlar mavjudligiga ishonardi. Chunki, ularning kundalik hayoti va tirikchiligi tabiat hodisalari bilan bog‘liq bo‘lgani sababli yil fasllarini ham yaxshilik va yomonlik ruhlari din bilan bog‘lar edilar. Shuning uchun ular bahor va yilning yoz faslini o‘zlariga yaxshilik keltiruvchi, qish faslini esa yomonlik keltiruvchi jonli ruhlar deb qarashardi. Mana shu tasavvurlar zaminida qadimiy O‘zbekiston hududida Mitra, Axaxit, Mitrix, Kayumars, Jamshid (Iima), Xubbi kabi juda ko‘p xudolar, miflar, ular bilan bog‘liq diniy, rivoyatlar maydonga keldi.
Turli yozma manbalar va tasviriy san'at yodgorliklarida qadimgi O‘rta Osiyo mifologiyasining namuna va izlari saqlanib qolgan. Chunonchi Gerodot qadimiy O‘rta Osiyo xalqlaridan massagetlarning quyosh, yer, suv va otashga sig‘inishlarini, Strobon esa, suvga topinganlarini hikoya qiladilar. Bular Totemizm va Animizm kabi diniy marosimlarga misoldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |