Mug‘lar va ijrochilik san'ati. Otashparastlik va uning muqaddas kalomi «Avesto»ni o‘rganshn bilan shug‘ullangan olimlarning ko‘pchiligi undagi barcha marosimlar, udumlarning teatr tomoshasiga o‘xshab ketishi, maxsus tashkil qilinishi sahnalashtirilishi va ijro etilishi haqida yozadilar. Chunonchi, 1903 yilda 3. A. Ragozin shunday degan ekan: «Qurbonlik marosimida otashparastlar ommasi ishtirok etgan. Ular ibodat harakatlarining muayyan qoidalariga qat'iy amal qilishlari, shuningdek, duolarni o‘z vaqtida, lozim mutanosiblik bilan (garmoniya) va muayyan pardalar registrda, ovozlarning zarur ohanglari va pardalarini to‘la saqlagan holda kuylashlari talab qilingan». Marosim qonun-qoidalaridan har qanday chekinish shakkoklik hisoblangan. Faqat qurbonlik marosimida emas, boshqa marosimlar va bayramlarda ham shunday qilingan bo‘lsa kerak. Shu masala bo‘yicha o‘z fikrini bildirgan M. Rahmonov murakkab qo‘shiq va xorlardan tashkil topgan «Avesto», undagi qator mifologik qahramonlar maxsus ijrochilarni taqozo etgan bo‘lib, ibodatxonalarda, maxsus maydonlarda zardushtiylik bilan bog‘liq marosimlar teatr tomoshalari singari ijro etilgan. Mitra, Anaxita kabi ma'budlar esa jonli insoniy qiyofalarda gavdalantirilgan, deb hisoblaydi. Ozarbayjon teatrshunosi M. Allaxverdievning fikr-mulohazalari ham qiziqarlidir. Uning yozishncha, drama san'atining ildizlari «Avesto»da jo bo‘lgan: monolog va dialog, xor va yakkaxonlik, raqs, badiiy so‘z, sahnaviy timsol. «Gotlar,— deb yozadi M. Allaxverdiev,— musiqa jo‘rligida rechitativsimon ijro etilib, zardushtiy mifologiyasining har xil syujetlarini aks ettirgan. «Avesto»ning boshqa qismi «Yasiv» bo‘lib, u ham sahna unsurlariga serob va qurbonlik marosimlariga bag‘ishlangandir». A. O. Makovelskiy va A. M. Aslanovlar o‘zlarining tadqiqotlarida “Got”larning kuylangani haqida yozadilar: «Qasidalar u zamonlarda kuylangan, buni ikkinchi o‘zagi “vak” — kuylash degan ma'noni bildiruvchi “mantaravaka” degan so‘zdan ham bilib olsa bo‘ladi. Mantaravaka deb, gotlarning ijrochilariga aytilgan. A. O. Makovelskiy mantaravakalarning ovozlarini tongda qichqiradigan xo‘roz ovoziga qiyos qiladi. Ular shu qadar baland ovoz bilan “Got”larning duo-afsunlarini, rivoyatlarini kuylashgan ekan.
Mazkur fikr-mulohazalar, garchi umumiy bo‘lsada, biz uchun tayanchdir. Shularga tayangan holda “Avesto” qasidalari va duolarining qay darajada ijro etilganini va sahnalashtirilganini sekin-asta aniqroq bilib olishimiz mumkin. Bunda, avvalambor «Avesto»ning bizgacha yetib kelgan qismlari ishonchli manba bo‘lib xizmat qiladi. Zotan, bayramlar, marosimlar, tomoshalar, sahnaviy timsollar — hammasi “Avesto”dan oziqlanadi. Olimlar zardushtiylikning paydo bo‘lishi va tarqalishini Mug‘ degan qabila bilan bog‘lab talqin etadilar. Mug‘llar shu dinni saqlovchi va targ‘ib qiluvchi bo‘lishgan ekan. I. M. Dyakonovning fikricha, mug‘lar aslida Turondan kelib chiqqan, keyinchalik Kaspiy dengizi janubrog‘ida, so‘ngra Midiyada yashaganlar. Bora-bora umuman zardushtiylik dinining bilimdonlari, targ‘ibotchilari, marosimlarini uyushtiruvchilar ham shu nom bilan atalgan. Qadimiy ajdodlarimiz bo‘lmish saklar, massagetlar, skiflar, boxtarlar, so‘g‘diylar, xorazmiylar orasida ham mug‘lar alohida hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lishgan. Ular «Avesto» duolari, qasidalari, rivoyatlarini yoddan yoqimli qiroat qilish, va'z aytish, haoma deb ataladigan ilohiy may tayyorlash va saqlash, olovxonalarni toza saqlash, marosimlarni tartibli o‘tkazishda ibrat bo‘lishgan. Bugina emas. Zardushtiylik amalda bo‘lgan qariyb barcha mamlakatlarda mug‘lar kohinlikdan tashqari qozi, tabib va olim vazifalarini ham bajarganlar. Ular hatto sartaroshlik ham qilishgan.
Xullasi kalom, mug‘lar har tomonlama qobiliyatli kishilar bo‘lishgan. Ayniqsa, marosimlar va har xil ommaviy yig‘inlar, tomoshalarni uyushtirish, o‘tkazish ulardan ham tashkilotchilik, ham san'atkorlik qobiliyatlariga ega bo‘lishni talab etgan. Buning uchun har qachon ularda o‘tkir aql, yaxshi xotira, pishiq gavda, ta'sirchan ovoz, ilhombaxsh kayfiyat, jozibali harakatlar va nigohlar, boshqa timsollarni gavdalantirish mahorati zohir bo‘lib turishn o‘z-o‘zidan ma'lum. Otashgohlar qoshida bunday iste'dodli mug‘larning butun-butun to‘dalari qaror topgan. To‘dalardagi mug‘lar orasida ma'lum darajada ixtisoslashish ro‘y bergan, deb o‘ylaymiz: so‘z ustalari, kuylovchilar, o‘yinchilar, har xil qiyofalarda chiquvchi o‘ziga xos aktyorlar alohida-alohida toifalarga bo‘linganlar. Yunon olimlari Hyerodot, Platon, Plutarx, Strabon va boshqalarning tadqiqotlari tufayli «mug‘» so‘zi «magus» shaklida yozilgan va aytilgan. Keyinroq Ovrupoda paydo bo‘lgan «mag», «magistr» tushunchalari, Sharqqa qaytib kelgan «ma'jus» iborasi ana shundan.
Tarixchilarning guvohlik berishicha, Iskandar Zulqarnayn zardushtiylarni o‘z dinidan voz kechishga majbur etib, mug‘larning kiyimlarini, marosim ashyolarini, otashgohlarni yondirgan ekan. Buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy o‘zining «Iskandarnoma» asarida bu fikrni tasdiqlaydi. Otashgohlardan qazilgan mug‘lar xalqlar orasiga kirib olib, baribir o‘z faoliyatlarini davom ettiraverganlar. Teatrshunos M. Allaxverdievning yozishicha, mug‘larning bir qismi chinakam san'atkorlarga aylanishgan va hatto yunon aktyorlari bilan birga rasmiy sahna tomoshalarida ishtirok etishgan. Zardushtiylik yunonlar hukmronligidan keyin yana ming yil Turonda yetakchi din sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Mug‘lar har sohada o‘z mahoratlarini yanada oshirganlar.
Zardushtiylikka nisbatan qaqshatg‘ich zarba arab istilochilari tomonidan berildi. Abu Rayhon Beruniy istilochilik va islomni targ‘ib etish jarayonida: «Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy xorazmliklarning kotiblarini o‘ldirib, kitob va daftarlarini kuydirgani sababli ular savodsiz bo‘lib qolib, o‘z ehtiyojlarida yodlash quvvatiga suyanadigan bo‘ldilar»,— deb yozgan. Shubha yo‘qki, Beruniy tilga olgan shahid kotiblar — mug‘lardir. Boshqa bir o‘rinda Beruniy bu fikrni yanada aniqroq ta'kidlaydi: «Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o‘rgangan va bilimini boshqalarga o‘rgatadigan kishilarni halok etib, butkul yo‘q qilib yuborgan edi». Ammo mug‘larning uncha-muncha qismi Turonning ayrim joylarida hunarlari va tuslarini o‘zgartirgan holda jon saqlaganlar va xufyona bo‘lsada, o‘z ishlarini davom ettirgan bo‘lsalar kerak.
Oxirgi olov uylarini mug‘ul bosqinchilari buzishgan. «Xuddi shu vaqtda,— deb yozadi M. Boys,— menimcha, so‘ngi muqaddas kitoblarning katta kulliyotlari, shu jumladan sosoniylar «Avasto»sining barcha nusxalari yo‘qolgan».
Lekin oddiy zardushtiylar u yer-bu yerda, yoddan bo‘lsada, o‘z dinlarini, urf-odatlarini saqlab kelganlar. Mumtoz adabiyotda qo‘llanib kelingan «mug‘ dayri» “mayxona, xarobat” degan iboralar ularni quvg‘inda yurganiga shundan guvohlik beradi. Temur, Temuriylar va ulardan keyingi davrlarda ham mug‘lar asosan may tayyorlovchi, ziyofat va bazmlarda bayt hamda alyorlar bilan may quyib beruvchi soqiy, quvnoq va sehrgar kishilar sifatida tilga olinadi. Chunonchi, Alisher Navoiy asarlarida «mug‘», «piri mug‘on», «mug‘bacha», «mug‘ dayri», «nag‘mai mug‘ona» degan so‘zlar va tushunchalar ko‘p uchraydi.
Zardushtiylik diniy hukmron mamlakatlarda yil, o‘n ikki oy, har qaysi oy va undagi har bir kun ma'lum bayramlar, marosimlar, hayitlar, udumlar bilan ta'minlangan. Zardushtiylar taqvimi jamoalar, xalqlar, fu-qarolarning hayoti va mehnat jarayonlarini muayyan tartibga solib, idora qilib tursa, bayramlar, marosimlar, tomoshalar ularga ruhiy oziq berib turgan. Turgan gapki, san'at, shu jumladan xalq tomoshalari ham zardushtiylik ta'limoti ta'sirida bo‘lgan, «Avesto»dan oziqlangan, odatdagi taqvim, mavsumiy va davlat bayramlari doirasida faoliyat ko‘rsatgan. Ming-minglab san'atkorlar kunning besh vaqtiga goh, haftaning yetti kuniga (buni Axuramazdaning yetti kashfiyoti deb ham tushunish mumkin), yilning o‘n ikki oyiga, shuningdek, ilohlarga, shohlarga, qahramonlarga, tarixiy yoki favqulotda ro‘y bergan voqyealarga bag‘ishlab, xilma-xil bayramlar, marosimlar, ma'rakalarga atab maxsus kuylar, qo‘shiqlar, raqslar, yallalar, sahnaviy tomoshalar yaratganlar. Shu asosda musiqada, raqsda, asotirlar va ularning timsollarini namoyon qilishda ya'ni teatr san'atida turkumlik paydo bo‘ladi.
«Avesto»ning bilimdoni va mohir ijrochisi, o‘z ijodida zardushtiylik ta'limotidan oziqlangan, zardushtiylarning ilohlarini, qahramonlarini kuylagan, mardumlarning bayramlari, marosimlarini o‘z kuylari, qo‘shiqlari, zamzamalari, qiroatlari bilan bezagan. Musiqa so‘zlarini «Zand Avesto», «Yasht» va «Yasno»lardan oladi va qisman o‘zi to‘qiydi. Gap shundaki, nainki Borbad, balki Xusrav Parvez saroyida xizmatda bo‘lgan mingga yaqin sozanda, navozanda, raqqos, qo‘g‘irchoqboz, muqallid, zandxonlarning aksariyati, shu jumladan o‘z davrida butun Sharqda shuhrat qozongai Sarkash, Nakiso, Sarkab, Bomshod, Ozodvori changi, Gesui Navogarlar birgina imperiya poytaxti Taysafunda emas, Marv, Gurganj, Samarqand, Buxoro, Kesh, Nusay va boshqa shaharlarda ham o‘z san'atlarini namoyish etganlar.
Bu davrda Movarounnahrdagi viloyatlarda ham turli tomosha san'atlarining maktablari shakllangan edi. Tojik olimi Asqarali Rajabning yozishicha: «Samarqand raqs maktabi, soya teatri, shirinkoru masxarabozlari, masalan, faqat sosoniylar saltanatiga dahldor bo‘lib qolmasdan, balki Xitoy, Hindiston, Turonda ham katta shuhrat qozongan».
Ma'lum bo‘lishicha, Borbad raqs san'atiga ham katta e'tibor berib, mavsumiy marosimlarda, bazmlarda ijro etiladigan o‘nlab raqs kuylari bastalagan va ularni o‘zi tuzgan raqs guruhlariga o‘rgatgan. Uning «Survochik» - «Bazimoro» silsilasidagi raqslarini xotin-qizlardan tuzilgan dastalar ijro etib, Xuroson va Movarounnahrda ham shuhrat qozonganlar.
Umuman, eramizdan avvalgi VII asrdan to eramizning VII asrigacha zardushtiylik bilan bog‘liq bo‘lgan mavsumiy bayramlarda sozandayu navozandalarning san'ati bilan bir qatorda teatrlashgan namoyishlar, zandxonliklar, kulgili o‘yinlar va raqslar katta o‘rin egallagan. Ko‘pincha bunday o‘yin va raqslar bir-biri bilan mazmunan va badiiy o‘yg‘unlashgan turkumlarni tashkil etgan. Ayniqsa, navro‘z va mehrjon bayramlarida o‘ynaladigan ko‘plab o‘yin va raqslar yaratilgan bo‘lib, shular ichida «Rasonvochik» nomli marosim raqslari, «Varzvochik» nomli maishiy raqslar butun bir silsilalardir.
Bunday raqslar Sug‘diyonada, Xorazmda, Farg‘ona vodiysida, Toshkent vohasida ham ko‘p ijro etilgan. «Olov uylari» o‘yinlari, mavsumiy marosimlarda o‘ynaladigan va «Avesto» ijrochiligi bilan bog‘liq o‘yin va namoyishlar, bazm raqslari, maqom o‘yinlari, qayroq va zang bilan ijro qilinadigan o‘yinlar, kamon, qilich, pichoq, kaltak va mash'alalar bilan o‘ynaladigan jangovar raqslar, hayvonlarning muqallidlari, doira va surnay raqslari, qarsak usullari bilan olib boriladigan o‘yinlar ijro san'ati jumlasidandir. T. Qilichevning yozishicha, Xorazmda bizning davrimizgacha yetib kelgan «Maqom ufari» nomli turkum raqslar bo‘lib, yetti qismdan iboratdir: «Norim-norim», «Sadr norim-norim», «Orazibon», «Qovrui», «Ut», «Go‘sfand». Bular xamon ijro san'atini na'muna darajasida shakllanishiga asos bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |