Islomda tasviriy timsollar – tomosha o‘rnida. Me'morchilik. Islomda ko‘rish va eshitishga mo‘ljalangan tomosha san'ati o‘z mohiyatiga ko‘ra, ilohiy tafakkurga yo‘g‘rilgandir. Bu holat she'riyatda - g‘azal, musiqada – maqom, tasviriy san'atda – naqsh, me'morchilikda – masjid, maqbara, minora, yoki madrasalarda yorqin ko‘zga tashlanadi. Masjid — Alloh bilan kunma-kun mulohot qiladigan, qalbi bilan tanxo turib Alloxga intiladigan, Alloh So‘zlarini bandalarga muntazam eslatib turiladigan muhaddas dargoh. Islomda masjid — Allohning uyidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunyod etgan ilk va keyin qurilgan masjidlarning me'moriy shaklu shamoyili ko‘hna ehromlarga payg‘ambarlar Ibrohim va Musoga vahiy qilingan Ahd asosidagi qonunlarga mutanosibdir. Masjidlar ilohiy-ruhiy ehrom markazi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan Ka'baning timsoliy ko‘rinishlaridir. Muso payg‘ambar ehromi — hozirgi zamon timsoli, Iso alayhissalom cherkovlari — kelajakning mukammal osmoniy ehromi timsoli bo‘lsa, Qur'oni Karim mazmuniga ko‘ra, islom ehromi — masjid o‘tmish, hozirgi kun, kelajakni o‘zida tamsil etgan Abadiy Ahd ehromiga kirish timsolidir. Masjid ilohiy quvvatlarni go‘zallik tarzida inson ruhiga ajib bir ichki tartib va intizom, sarishtalik va ta'sirchanlik bilan singdirib boradi.
Agar yahudiylar ibodatxonalari ichki ko‘rinish va bezaklarida ilohiylikka qaratilgan voqyeaband tasvirlar, haykallar yaqqol ko‘rinsa, isaviylar – xristianlar cherkovlarida moy-bo‘yohli tasvir, manzara, haykaltaroshlik ko‘zga tashlanadi. Ko‘rinadiki, yahudiylik va isaviylik tafakkuri tarixiylikka asoslanadi. Ularda muhaddas rivoyatlar – tasvirlar vositasida muqaddaslashtiriladi, ular rivoyatga hamdard, uning «quli», ya'ni ibodat qiluvchi rivoyat bilan, rivoyat esa ibodat qiluvchi bilan chirmashib ketadi. Islom nima uchun tasviriy san'atni, xususan haykaltaroshlik turini, soyali tasvirlarni sevmaydi? Shuning uchun sevmaydiki, islom rivoyatta ishonmaydi... Yahudiylar va isaviylar shaxs taqdirini va insonlar qismatini rivoyatga olib borib taqaydilar, Ular Allohni rivoyat orqali taniydilar. Islom esa buning aksi - musulmon kishi rivoyatga ishonmaydi. Shuning uchun u borlig‘ini rivoyatta emas - Allohga bag‘ishlaydi. Musulmon kishi qatiy ravishda ilohiyot qoidalariga, Alloh hukmlariga itoat etadi. Shu bois Allohning uyi — masjidlarda muqaddas so‘zlarga, Alloh ismi va sifatlarini ramziy ifodalovchi naqsh va yozuvlarga alohida urg‘u beriladi. Musulmon kishilarining tasviriy san'atga, xususan, odamning jonli tasvirlariga, haykallarga, qabrtoshlariga sig‘inmasligi shundan.
Do'stlaringiz bilan baham: |