Yurakning qon tomirlari. Yurak o’ziga kerakli moddalarni olishi uchun alohida qon tomirlari bilan ta’minlangan. Yurak qon tomirlari ikkita toj arteriyadan iborat. O’ng toj arteriya - a. coronaria dextra aortadan chiqib, yurakning o’ng qulog’i tagiga keladi va toj egat orqali o’ngga, so’ngra yurakning o’ng uzun ariqchasi orqali uning uchigacha yetib boradi. Bu arteriya o’z yo’lida bir qancha mayda tarmoqchalar hosil qiladi. Chap toj arteriya - a. coronaria sinistra yurakning chap toj ariqchasida bo’ladi va uzun chap toj ariqchasidan yurak uchiga yetib boradi. Har ikkala toj arteriya bir – biri bilan anastomoz hosil qiladi. Yurakning vena tomirlari yurak muskullaridan qaytib, o’ng bo’lmaga quyiladi. Yurakning katta venasi - v. cordis magna chap toj arteriyasi yonida joylashib, unga o’ng uzunchoq ariqchadan yurakning o’rta venasi - v. cordis media kelib qo’shiladi. Yurakning kichik venalari - v. cordis parvae 4 – 5 shoxobchadan iborat bo’lib, yurakning o’ng qorinchasidan qonni yig’ishtirib, o’ng bo’lmaga quyadi. Yurak g’ilofi (kuylakchasi) qizilo’ngach, bronx va ko’krakning ichki arteriyasidan qon oladi. Limfa suyuqligi oraliq va bronxial limfa tugunlariga quyiladi.
Yurak nervlari simpatik va parasimpatik nervlarning yulduzchasimon tugunidan - nn. Accelleretis cordis hamda adashgan nerv - n. depressor cordis dan iborat. Yurakning ustki yuzasida 6 ta nerv chigali bo’lib, ularda o’pka arteriyasi atrofida, o’pka venasi va kovak venalar oralig’ida joylashadi. Yurakning katta – kichikligi har xil hayvonlarda turlicha bo’ladi, bunga hayvonlarning yoshi, bajaradigan ishi, turi, jinsi va sog’lig’i ta’sir etadi. Otlar yuragi tirik vaznining 0,6 – 1,04 % ni, qoramollarniki 0,4 % ni, cho’chqalarniki 0,28 % ni, itlarniki 0,85 – 1,4 % ni tashkil etadi.
4. Yurakning rivojlanishi
Qon tomirlari sistemasining markazi bo’lgan yurak rivojlanishi davrida murakkablashib borgan. U filogenez davrida aortaning pastki tomoni old qismidan hosil bo’lgan. Yurak paydo bo’lishi bilan oldin jabra, qon tomirlari, kapillyarlar, so’ngra esa tana tomirlari vujudga kelgan. Xordali hayvonlarning yuragi yaxshi rivojlanmagan, ularda aorta qisqarib – yozilishi natijasida qon harakatga keladi. Baliqlarda ikki kamerali, bitta bo’lma va bitta qorinchali yurak paydo bo’lgan, lekin undan faqat venoz qon oqadi. Baliq yuragining kamerasidan arteriya konusi va vena sinusi paydo bo’ladi. suv hayvonlari quruqlikka chiqib, o’pka orqali nafas olish natijasida vena sinusi yurak bo’lmasiga qo’shilib ketadi. Arteriya konusi aorta va o’pka arteriyasiga aylanishi natijasida yurakning asosiy bo’limi bo’lmacha va qorinchaga bo’linib qoladi. Baqalarning yuragi ancha yaxshi rivojlangan, uch kamerali (ikki bo’lma va bitta qorinchali) bo’ladi. o’ng bo’lmadan venoz qon, chap bo’lmadan esa o’pka venasi orqali arterial qon qorinchaga quyilib aralashadi, shundan keyin tomirlarga chiqib ketadi. Reptiliyalarda yurak qorinchasi to’sqichlar orqali yarmigacha bo’linadi. Qushlarda va sut emizuvchilarda yurak qorinchasi o’rtasidan ikkiga bo’linib, o’ng va chap qorincha hosil qiladi, so’ngra yurak to’rt kamerali bo’lib qoladi. Qon esa arterial va venoz qonga bo’linadi.
Yurak ontogenez rivojlanish davrida embrionning endoderma qavati bilan splanxnotomning visseral varag’i o’rtasida, bo’yin oblastida ikkita endoteliy naychasi shaklida paydo bo’ladi. Keyinchalik tana shakllanishi bilan naychalar bir – biriga yaqinlashib ko’krak qafasiga surilib, bitta nayga aylanadi. Bu nay atrofida endokard, miokard va perikardning ichki varag’idan epikard hosil bo’ladi. Yurak naychasida vena sinusi, yurak bo’lmasi, qorinchasi va arteriya konusi, ulardan esa yurak kameralari hosil bo’ladi. shu davrda yurak bo’lmasi to’sqichida oval teshik bo’lib, u bola ona qorindalik vaqtida qon aylanishi uchun xizmat qiladi. Bola tug’ilgandan so’ng oval teshi chuqurchaga aylanib qoladi. Yurak qorinchalari ichidagi to’rsimon ipchalar ham bola yosh vaqtida muskul tolasi hisoblanib, keyin payga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |