10. Mavzu:. Yurak-qon tomirlari. Limfa organlar sistemasi
Reja :
1. Qon aylanish tizimining organizm uchun ahamiyati.
2. Katta va kichik qon aylanish doiralari haqida tushuncha.
3. Yurakning anatomik tuzilishi.
4. Yurakni rivojlanishi.
5.Limfa aylanish tizimiga umumiy morfofunksional tavsif.
6.Organizmning asosiylimfa yo’llari va limfa tugunlari.
7.Limfa tizimining rivojlanishi.
8.Qon hosil qiluvchi va immun organlar.
Tayanch iboralar. Yurak, qon tomir, arteriya, vena, kapilyar, yurak bo‘lmachalari, yurak qorinchalari, katta qon aylanish doirasi, kichik qon aylanish doirasi. Qon tomirlar, anastomoz, arteriya yoyi, arteriya to‘ri, ajoyib to‘r, vena tomiri, kapilyar, klapan, advintitsiya, media, intema, endoteliy.Limfa tizimi, limfoid organlar, limfa tuguni, limfa timiri, limfa yo‘li, o‘ng limfa yo‘li, ko‘krak limfa yo‘li, limfa bo‘shliqlari, limfa yoriqchalaridagi kovaklar, limfa kapillyarlari, ichki sekretsiya bezlari, timus, gipofiz, epifiz, qalqonsimon bez.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Dilmurodov N.B “Hayvonlar anatomiyasi” fanidan amaliy laboratoriya mashg’ulotlari bo’yicha o’quv qo’llanma. Toshkent 2014 y
2. Юдичев Ю. Ф. и др. «Анатомия домашних животных». Учебник. Омск. 2003г.
3. Victoria Aspinall, Melanie Cappello «Introduction to Veterinary anatomy and Physiology» textbook Edinburgh London New York Oxford philadelphia st louis sydney toronto 2015
4.Narziyev D.X. «Hayvonlar anatomiyasi». Toshkent, 1986.
1. Qon aylanish tizimining organizm uchun ahamiyati.
Murakkab tuzilgan organizmning har bir hujayrasiga oziq moddalar yetkazib berish va unda hosil bo’lgan chiqindi moddalarni tegishli organlar orqali chiqarib yuborishda qon tomirlari sistemasi xizmat qiladi. Bu muhim sistema qon aylanish va limfa aylanish sistemalariga bo’linadi va tomirlar yoki angiologiya sistemasi deyiladi. Qon tomirlari sistemasi yurak va undan chiqqan arteriya (qizil) qon tomirlaridan hamda unga qon olib keluvchi vena (ko’k) qon tomirlaridan iborat. Qon tomirlari sistemasiga qon ishlab chiqaruvchi organlardan taloq, ilik, limfa tugunlari ham kiradi. Qon tomirlari sistemasi organizmda juda katta ahamiyatga ega bo’ladi. Arteriya qon tomirlari orqali butun tana hujayralariga ular hayoti uchun kerakli moddalar, masalan, kislorod, oziq moddalar va hokazolar yetkazib beradi. Moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan chiqindi moddalar karbonat angidrid, har xil tuzlar, keraksiz suv va siydik vena qon tomirlari orqali tashqariga chiqarib tashlanadi. Qon tomirlari organizmga qon bilan bir qatorda kuchli ximiyaviy ta’sirga ega bo’lgan moddalar (gormonlar) ham yetkazib beradi. Bunday moddalarni ichki sekresiya bezlari ishlab chiqaradi. Qon suyuqligining shaklli elementlari orqali organizm himoya qilinadi (fagositoz yo’l bilan) va immunitet bilan saqlanadi. Shunday qilib, qon tomirlari sistemasining asosiy vazifasi trofik holatni hamda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan temperaturani doimiy saqlashdan iborat.
Qon suyuq biriktiruvchi to’qima bo’lib, kislorod va oziq moddalarni to’qimalarga olib boradi va metabolizm jarayonida hosil bo’lgan chiqindi moddalarni to’qimalardan o’pka, buyrak va jigarga qaytaradi.
Qon suyuq qismi – barcha erigan moddalardan tashkil topgan plazmadan va tashqi ko’rinishi hamda bajaradigan vazifasi jihatidan bir-biridan farq qiluvchi qon hujaylaridan tuzilgan.
Qon tana bo’ylab to’rt kamerali muskulli organ, ya’ni yurak yordamida aylanadi. Yurakning o’ng tomoni qonni o’pka qon aylanish tizimiga yo’naltiradi , chap tomoni esa qonni tananing qolgan qismlariga, ya’ni kata qon aylanish tizimiga haydaydi.
Yurakning o’ng va chap bo’lmachalari qonni o’pka va tananing qolgan qismlaridan oladi, o’ng va chap qorinchalari esa qonni o’pkaga va tananing qolgan qismlariga haydaydi.
Qon aylanish tizimi arteriya, kapillyarlar va vena to’rlaridan tashkil topgan bo’lib, ular tananing barcha organ va to’qimalarni ta’minlaydi.
Arteriyalar qalin devorga ega bo’lib, yurakdan kislorodga to’yingan qonni bosim ostida olib chiqadi. Mustasno tariqasida o’pka arteriyasi yurakdan o’pkaga karbonat angidridga to’yingan qonni chiqaradi.
Vena qon tomirlari birmuncha yupqa devorga ega bo’lib, karbonat angidridga to’yingan qonni yurakka olib keladi. Mustasno tariqasida o’pka venasi kislorodga to’yingan qonni o’pkadan yurakka olib keladi.
Limfa tizimi ortiqcha to’qima suyuqligi yoki limfani limfa tomirlari to’riga yig’ishtiradi va uni yurakka yaqin joyda qon aylanish tizimiga qaytaradi. Limfa tomirlar bo’ylab aylanganda bir qator limfa tugunlari orqali o’tib, har xil yot moddalar va patogenlarni filtrlab qoladi. Limfoid to’qimalardagi limfositlar va immun tizim hayvon sog’ligiga xavf tug’diradigan patogenlarga qarshi kurashishda maxsus reaksiyalarni ishlab chiqadi.
Qon aylanish tizimi to’rtta qismdan tashkil topgan:
1. Biriktiruvchi to’qimadan tashkil topgan qon kislorod va oziq moddalarni tana bo’ylab tashiydi va to’qimalarda moddalar almashinuvi natijasida hosil bo’lgan chiqindi moddalarni yig’ishtirib oladi.
2. Kovak, muskulli, to’rt kamerali organ – yurak qonni butun tana bo’ylab harakatlanishiga javob beradi.
3. Aylanish tizimi arteriya, vena va kapillyarlar to’ridan tashkil topgan bo’lib, qonni butun tana bo’ylab aylanishini ta’minlaydi.
4. Limfa tizimi limfa tomirlari to’ridan tashkil topgan bo’lib, limfa yoki ortiqcha to’qima suyuqligini tashish va uni qonga qaytishiga javobgar hisoblanadi.
Qon tana massasi hajmining 7% ni tashkil qiladi va uning rN o’rtacha 7,4 (7,35-7,45) ga teng.
Do'stlaringiz bilan baham: |