Ramal bahri. Fo`ilotun ruknining zihofoti
Asl ruknlar takroridan bahrlar hosil bo`ladi, dedik. Ammo bahrlarning vaznlarini hosil qilishda asl ruknlar bilan birga noasl ruknlar ham ishtirok etadi. Shu sabab bahrlar yuzaga keltiradigan vaznlar miqdori ancha. O`zbek aruzshunosligi yutuqlarini o`zida mujassamlashtirgan “O`zbek aruzi lug`ati” adabiyotshunos olim Anvar Hojiahmedovning jiddiy va mashaqqatli mehnatlari mahsuli sifatida aruz ilmini o`rganayotganlarga ko`mak bera oladi. “Mezon ul-avzon”, “Badoyi’u-s-sanoyi’”, “Muxtasar” asarlari ham bahrlar yuzaga keltirgan vaznlarni o`rganishda bugungi kitobxonga murakkablik qilmaydi. Negaki, ustoz adabiyotshunoslar har bir ma’lumot tushunarli ifodalanishi uchun astoydil intilganlar. Diqqat qiling: “Bilgilkim har tag`ayyurkim usulga kirar ani zihof derlar. Ul rukni mug`ayyarni muzohafu furu’ derlar. Bu tag`ayyur yo mufrad bo`lur, yo murakkab”20. Asl rukndagi o`zgarish bir ruknda bor-yo`g`i bitta bo`lsa, mufrad (fard, ya’ni yakka) – sodda tag`ayyur, ya’ni o`zgarish; bir ruknda birdan ortiq bo`lsa, murakkab o`zgarish deyiladi.
O`zbek she’riyatida eng ko`p qo`llanadigan bahrlar ramal, hazaj, rajaz kabilar bo`lib, asrlardirki bu bahrlarda yaratilgan go`zal she’rlar ko`nglimizni sehrlaydi, ruhimizga oqib kiradi. Bugun aruz vaznida yaratilayotgan aksar asarlar ham aynan shu bahrlarda ekani ma’lum. Shu sabab bu bahrlarni o`rganish lozim. “Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon”da ramal bahrining o`n uch vazninigina sanab o`tib, ularga misollar keltiradi. Bobur o`zining “Muxtasar”ida “Ramal bahri ellik to`qqiz vazn, o`ttiz bir musta’mal, yigirma sakkiz muxtara’, o`n ikki vazn musta’mali matbu’ ”, – deb ta’kidlab, 59 vaznning barchasiga misollar keltiradi. She’riyatimizda ramal bahrining 24 vaznidan foydalanilgan”21. Bularni o`rganish uchun zihofotdan xabardor bo`lish lozim.
“Zihof” so`zi arabcha bo`lib, bir necha ma’noni anglatadi. Biz uchun muhim ma’nosi: “Aruzda bir bahr (vazn)ning juzvlarida bo`ladigan o`zgarishlar (orttirish va kamaytirish yo`li bilan)”22. Asl rukndagi bir yoki bir necha harfning o`zgarishi: orttirilishi yoki kamaytirilishi zihoflarni, ya’ni noasl ruknlarni hosil qiladi. Har bir asl ruknning o`z zihofoti bor. Ular asosida bir bahrdan rang-barang vaznlar hosil bo`ladi. “Fo`ilotun zihofoti o`ndur”23. Turli manbalardagi ma’lumotlarda tafovutlar bo`lgani sababli zihoflarni berishda “Mezon ul-avzon”ga tayandik. Chizmasini yodlash shart emas. Zihof va uning vaznda ifodalanishini bilsangiz, chizmasini ular yordamida tayyorlash mumkin.
№
|
Zihof nomi
|
Asldagi o`zgarish sabab hosil bo`lgan noasl rukn
|
Chizmasi
|
Vazn nomida zihof-ning ifodalanishi
|
1.
|
Tasbig`
|
Fo`iloton (fo`iliyon)
|
– V – ~
|
Musabbag`
|
2.
|
Xabn
|
Failotun
|
V V – –
|
Maxbun
|
3.
|
Shakl
|
Failotu
|
V V – V
|
Mashkul
|
4.
|
Kaff
|
Fo`ilotu
|
– V – V
|
Makfuf
|
5.
|
Tash’is
|
Folotun (fo`itun)
|
– – – (– V – )
|
Musha’as
|
6
|
Qasr
|
Fo`ilot (fo`ilon)
|
–V ~
|
Maqsur
|
7.
|
Hazf
|
Fo`ilo (fo`ilun)
|
– V –
|
Mahzuf
|
8.
|
Rab’
|
Fa’uvl
|
– ~
|
Marbu’
|
9.
|
Qat’
|
Fo`il
|
– –
|
Maqtu’
|
10.
|
Jahf
|
Fa’
|
–
|
Majhuf
|
Ramal bahri yuzaga keltirgan vaznlarning ayrimlarini ko`rib o`tsak.
Man-ga haj-ring-dan a-lam ko`p,
– V – – / – V – –
Sa-na-mo, qil-ma si-tam ko`p24.
– V – – / – V – –
Keltirilgan baytning vaznini nomlash uchun, avvalo, chizmaga qarab taqte’ni yozamiz:
fo`ilotun / fo`ilotun,
fo`ilotun / fo`ilotun.
Fo`ilotun ruknining takroridan ramal bahri yuzaga keladi. Endi ruknlar sonini aniqlaymiz. Bir baytda to`rtta ekan. “To`rt” so`zi murabba’ deyilgan. Ruknlar sifatiga e’tibor qaratamiz, rukn to`rt marta ham to`liq qatnashayotgani uchun “solim” so`zi qo`llanishi kerak. Natijada vaznning nomi hosil bo`ladi: ramali murabba’i solim (“Solim” so`zi arabcha bo`lib, “sog`lom” degani).
Vaznning nomi “ramali murabba’yi maqsur” bo`lsa, taqte’ va chizmasi quyidagicha ifodalanadi, yuqoridagi taqte’dan bir hijo kamayadi va zihofga uchragan rukndagi oxirgi hijo o`ta cho`ziq bo`ladi:
fo`-i-lo-tun / fo`-i-lon,
– V – – / – V ~
fo`-i-lo-tun / fo`-i-lon.
– V – – / – V ~
“Maqsur” so`zi arabcha bo`lib, “qusurli, kamchilikli” degani.
Vaznning nomi “ramali murabba’yi mahzuf” bo`lsa, taqte’ va chizmasi quyidagicha ifodalanadi, yuqoridagi taqte’dan o`ta cho`ziq hijoning cho`ziq hijoga almashinishi bilan farqlanadi:
fo`-i-lo-tun / fo`-i-lun,
– V – – / – V –
fo`-i-lo-tun / fo`-i-lun.
– V – – / – V –
Ramal bahrining musaddas va musamman shaklidagi vaznlarini misollar asosida ko`rib o`tsak.
Do'stlaringiz bilan baham: |