Tuxum yo’lining yallig’lanishi (salpingit), peritonit yoki bachadon yallig’lanishlari paytida paydo bo’ladi va bunda tuxum yo’llarining devori qalinlashadi, yo’li kengayib, unda zardobli yoki yiringli ekssudat to’planadi. Tuxumdon va tuxum yo’lining yallig’anishi pushtsizlikka olib keladi.
Bachadonning yallig’lanishi (metrit) jarayoni joylashgan organiga qarab, endometrit (ichki qavat yallig’lanishi), miometrit (muskul qavatining yallig’lanishi), perimetrit (tashqi qavatning yallig’lanishi) va parametrit (bachadon atrofi yumshoq to’qimasining yallig’lanishi) kabi turlarga bo’linadi.
Endometrit – bachadon shilliq pardasining yallig’lanishi. Tug’ishga yordam berishda noto’g’ri harakatlar qilinganda va jinsiy yo’llar orqali infeksiya kiritilganda, shuningdek, umumiy infeksion kasalliklar(brutsellyoz, sil, biyalarda – paratif)da rivojlanadi. Bachadon shilliq pardasi shishadi, giperemiyalanadi, eroziyalanadi, krupoz va difteritik parda hosil bo’ladi, qon quyiladi, bo’shliqlarda esa zardobli, shilliqli, yiringli, gemorragik, ixoroz ekssudat to’planadi. Bug’ozlik davrida bachadonning homila pardalari bilan tutashib – o’sib ketishi mumkin. Bu esa homilaning noto’g’ri rivojlanishiga, yo’ldosh ushlanib qolishiga va bola tashlashga (cho’chqa va shoxli hayvonlarda brutsellyoz aborti, biyalarda paratif aborti sabab bo’ladi.
Miometrit – bachadon muskul qavatining yallig’lanishi. Miometrit kam uchrab, odatda, bachadonni boshqa turdagi yallig’lanishi bilan birga uchraydi.
Perimetrit – bachadon seroz qavati qorin bo’shlig’ida joylashgan qismining yallig’lanishi. U qonuniy ravishda peritonit bilan yoki jarayonni bachadonni boshqa qismidan o’tishi bilan bog’liq.
Parametrit – bachadonni o’rab turgan yumshoq biriktiruvchi to’qimaning yallig’lanishi. U zardobli yoki flegmonoz xarakterda bo’lishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, bachadonning ¼ yoki ¾ aylanaga o’z o’qi atrofida o’ralib qolishi yoki uning jinsiy teshik orqali tashqari tushishi kuzatilib, bachadonda qon aylanishining og’ir buzilishi oqibatida nekrotik o’zgarishlar yuzaga keladi.
Sut bezi – ko’pchilik hayvonlarda yangi tug’ilgan bolalarni emizish davrida faoliyat ko’rsatib, to keyingi bug’ozlik davrigacha fiziologik atrofiyaga uchrashi yuzaga keladi. Sog’iladigan hayvonlarda (sigir, echki, biya) sut hosil bo’lishi (laktatsiya) sun’iy ravishda saqlanib, sut bezining faoliyati va uning holati bir qancha ichki va tashqi omillar (oziqlantirish, saqlash, sog’ish, ichki kasalliklar, jarohatlar va b.)ga bog’liq. Noto’g’ri saqlash, oziqlantirish va sut bezlaridan noto’g’ri foydalanganda ular atrofiyalanib, yog’ to’qimalari o’sib ketadi (yog’li yelin), o’z faoliyatini yo’qotishi mumkin.
Sut bezida uchrayotgan eng asosiy kasallik uning yallig’lanishi (mastit) hisoblanadi. Bu kasallik mexanik shikastlanishlar, qon va limfa yo’llari hamda so’rg’ichlari orqali (sil va yiring qo’zg’atuvchi mikroflora) yoki noto’g’ri sog’ish oqibatida, infeksiya tushishi natijasida paydo bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |