Me’daosti bezining patologiyasi. Me’daosti bezi (glandula pancreas) aralash bez bo’lib, u tashqi sekretsiya bezi vazifasini bajarib, o’n ikki barmoqli ichakka hazmlanish jarayonida ishtirok etadigan shira ajratadi, ichki sekretsiya bezi sifatida Langergans orolchalarida “insulin” (insula), “glukagon” gormonini hosil qilib, organizmda uglevodlar almashinuvini boshqaradi. Bulardan tashqari, bezning chiqaruv yo’llari epiteliylarida lipokain gormoni hosil bo’lib, yog’ almashinuvini boshqaradi.
Me’daosti bezi tomonidan amalga oshiriladigan qand almashinuvini boshqarilishi, buyrak usti bezlarining gormonlari hisoblangan adrenalinga ham bog’liq, chunki adrenalin insulinga teskari ta’sir ko’rsatadi. Agar insulin gormoni qand sarfini paysalga solsa, adrenalin esa uni almashinuvini kuchaytiradi. Har ikki gormonning o’zaro bir- biri bilan kelishib ishlashi, markaziy nerv sistemasi tomonidan boshqariladi.
Jinsiy bezlar patologiyasi. Erkak va urg’ochi hayvonlar jinsiy bezlari turli xildagi gormonlar (urug’donda – testosteron, tuxumdonda – follikulin, estron va sariq tana gormoni – lyuteokrin yoki progestron) hosil qilib, ular faqat jinsiy jarayonga ta’sir qilib qolmay, moddalar almashinuvi va organizmning umumiy rivojlanishiga ham ta’sir ko’rsatadi.
Yoshlik davrida jinsiy bezlar yetilmasa yoki olib tashlansa, infantilizm rivojlanib, moddalar almashinuvi zaiflashadi va u bilan bog’liq yog’ bosish paydo bo’ladi. Bunday holatda ikkilamchi jinsiy xususiyatlar rivojlanmaydi, markaziy nerv sistemasining reaktivligi pasayib, tormozlanish jarayoni ustunlik qiladi. Organizmning bunday o’ziga xos xususiyati qishloq xo’jaligi hayvonlaridan foydalanishda, ba’zan juda ham bebaho holat bo’lib hisoblanadi. Amaliyotda erkak va urg’ochi hayvonlarni axta qilish ulardan yuqori mahsulot olish va tinchlantirish maqsadida (novvos, ot, xo’roz axtalab semirtirishda) qo’llaniladi. Jinsiy yetilgan hayvonlarni axtalash ularda moddalar almashinuvini pasaytiradi, yog’ bosishni kuchaytirib, ikkilamchi jinsiy xususiyatlari esa qarama- qarshi jinsdagi hayvonlarnikiga yaqinlashadi (xo’roz ko’proq tovuqqa o’xshab ketadi), ya’ni oraliq (interseksual) jinsiy tip hosil bo’ladi. Lekin jinsiy faollik (jinsiy aktga harakat qilish, erkak hayvonlar ereksiyasi) saqalngan bo’lishi ham mumkin bo’lib, u jinsiy reflekslarning saqlanishi bilan tushuntiriladi.
Qarilik davrida jinsiy bezlar faolligini to’xtashi (klimaks, klimakterik holat) organizmni qarib, munkayishiga olib keladi, almashinuv jarayonlari pasayadi, organizm umumiy tonusi va markaziy nerv sistemasining reaktivligi susaygan bo’ladi.
Jinsiy bezlar faolligining o’sishi organizmda moddalar almashinuvining jadalligi bilan bog’liq bo’lib, tana tuzilishi va shu jinsga xos ikkilamchi jinsiy belgilarning namoyon bo’lishi bilan xarakterlanadi. Jinsiy gormonlarning sun’iy yuborilishi, jinsiy bezlarni ko’chirib o’tkazish organizm tonusini ko’tarib, ma’lum darajada yoshlanish samarasini ham beradi. Axta qilingan hayvonga qarama- qarshi jinsdagi hayvon jinsiy bezlari ko’chirib o’tkazilganida yoki ularni mahsulotlari yuborilganida, u hayvon organizmida shu bez gormoni ishlab chiqarilishidagi kabi o’zgarishlarni yuzaga keltiradi.
Tuxumdon sariq tanasi ham gormon hosil qilib, u graf pufakchalari rivojlanishining (ovulyatsiyani) oldini oladi va kuyga kelishini to’xtatib qo’yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |