Yon qismi (pars lateralis) juft, noto’g’ri shaklga ega. Uning pastki yuzasida atlantning ustki bo’g’im yuzasi bilan bog’im hosil qiluvchi ellips shaklidagi bo’g’im bo’tig’i (condylus occipitalis) joylashgan. Bo’g’im bo’rtig’i o’rtasida til osti nervi kanali (canalis hypoglossalis) o’tadi. Ensa bo’rtig’i orqasida chuqurcha (fossa condularis), uning tubida esa kanal (canalis condylaris) bor. Bo’g’im bo’rtig’idan lateralroq bo’yinturuq o’ymasi (incisura jugularis) bor. Bu o’yma chakka suyagidagi shunday o’yma bilan qo’shilib bo’yinturuq teshigini (foramen jugularis) hosil qiladi. Yon qismni miya yuzasida sigmasimon vena egati (sulcus sinus sigmoidei) joylashgan.
Ensa suyagining serbar qismi (squama occipitalis) tashqariga qavargan keng plastinka shaklida. Uning tashqi yuzasini o’rtasida tashqi ensa bo’tig’i (protuberantia occipitalis externa) bor bo’lib, undan to katta
28-Rasm. Ensa suyagi
A ichki yuzasi
1-for. occipitale magnum; 2-clivus; 3-sulcus sinus petrosi inferioris;
4-canalis condylaris; 5-sulcus sinus transversi; 6-sulcus sinus sagittalis superioris; 7-protuberantia occipitalis interna; 8-crista occipitalis interna.
B tashqi yuzasi
1-protuberantia occipitalis externa; 2-linea nuchae inferior; 3-condylus occipitalis; 4-pars lateralis; 5-linea nuchae superior.
teshikgacha o’rta chiziq bo’ylab tashqi ensa qirrasi (crista occipitalis externa) yo’nalgan.
Ensa bo’rtig’idan o’ng va chap tomonga pastga qarab egilgan yuqori ensa chizig’i (linea nuchae superior) yo’naladi. Unga paralel ravishda tashqi ensa qirrasini o’rta qismidan pastki ensa chizig’i (linea nuchae inferior) boshlanadi. Bundan tashqari tashqi ensa bo’rtig’i ustida uncha yaxshi bilinmagan eng yuqorigi ensa chizig’i (linea nuchae suprema) joylashgan.
Ensa suyagi pallasining ichki botiq miya yuzasida joylashgan xochsimon tepalik (eminentia cruciformis) uni to’rtta chuqurchaga bo’ladi. Uning markazida ichki ensa bo’rtig’i (protuberantia occipitalis interna) joylashgan. U pastga tomon torayib ichki ensa qirrasiga (crista oscipitalis interna) davom etadi. Undan yuqori tomonga qarab yuqorigi sagital vena egati (sulcus sinus sagittalis superior) ketadi. O’ng va chap tomonga yo’nalgan ko’ndalang vena egati (sulcus sinus transversus) sigmasimon vena egatiga (sulcus sinus sigmoideus) o’tib ketadi. Ensa suyagi serbar qismining ustki va yon chekkasi tishlari yaxshi bilingan bo’lib, chakka va tepa suyaklari bilan birlashadi.
Yangi tug’ilgan bola ensa suyagi katta teshikni o’rab, bir-biridan tog’ay qatlam bilan ajralgan to’rt bo’lakdan iborat. Uning serbar qismi yumaloq shaklda bo’lib, tashqi yuzasida tashqi ensa bo’rtig’i ko’rinib turadi. Ichki yuzasi botiq va tekis bo’lib, biroz bilingan xochsimon tepalik bor. Yon bo’laklari noto’g’ri shaklda. Uning tashqi tomonida bo’g’im bo’rtig’i joylashgan bo’lib, tagida til osti nervi kanali o’tadi. Asosiy qismi to’rtburchak shaklida. Uning oldingi chekkasi ponasimon suyakdan, yon chekkalari chakka suyagi piramidasidan tog’ay qatlamlar bilan ajragan. Ichki yuzasi biroz bukilgan bo’lib, qiyalikni hosil qiladi. Tashqi tomonida halqum bo’rtig’i yaxshi bilinmagan. Ensa suyagining taraqqiyoti uzoq vaqt davom etib, bolalikning birinchi davrida (4 yoshda) serbar va yon qismlari o’zaro qo’shilsa, asosiy qismi yon qismlari bilan bolalikning ikkinchi davrida (6-10 yoshlarda) qo’shiladi. Suyakning o’sishi o’smirlik davrida (20 yoshda) tugaydi.
Tepa suyagi
Tepa suyagi (os parietale) juft suyak (29-rasm). U kalla tomining yuqori yon qismlarini hosil qiladi. Tepa suyagi tashqariga qavargan to’rt burchakli plastinka shaklida. Uning uchta chekkasi tishli bo’lib, oldingi peshona chekkasi (margo frontalis) peshona suyagi bilan tishli chok hosil qilib birikadi. Ensa chekkasi (margo occipitalis) ensa suyagi bilan, yuqorigi sagittal chekkasi (margo sagittalis) shu nomdagi ikkinchi suyak bilan tishli chok hosil qilib birikadi. Uning pastki tangasimon chekkasi (margo squomosus) ponasimon suyak katta qanoti va chakka suyagi pallasi bilan birikadi. To’rt qirra o’zaro birikib to’rtta burchakni: oldingi-yuqorigi peshona (angulus frontalis), oldingi-pastki ponasimon (angulus sphenoidalis), orqa-yuqorigi ensa (angulus occipitalis) va orqa-pastki so’rg’ichsimon burchaklarni (angulus mastoideus) hosil qiladi. Qavariq tashqi yuzasining markazida tepa do’ngi (tuber parietale), undan pastroqda chakka mushaklari boshlanadigan ustki va pastki chakka chiziqlari (lineae temporales superior et inferior) joylashgan. Uning ichki botiq yuzasida yuqorigi sagital vena egati (sulcus sinus sagittalis superioris) va arteriya egatlari (sulci arteriosi) bor. So’rg’ichsimon burchak sohasida sigmasimon vena egati (sulcus sinus sigmoideus) joylashgan. Yuqorigi sagittal vena egati bo’ylab turli kattalikdagi bosh miya to’r pardasining paxion granulyatsiyalari izlari (foveolae granulares) joylashgan.
Tepa suyagi endesmal yo’l bilan suyaklanadi. Yangi tug’ilgan bola tepa suyagi (29-b rasm) to’rtburchakli shaklga ega bo’lib, chekkalari tekis, burchaklari yumaloq bo’ladi. Tashqi yuzasida tepa do’mbog’i bor, ichki yuzasi silliq.
A B
29-rasm. Tepa suyagi. A. katta odamniki. B.Chaqaloqniki.
1-margo frontalis; 2 margo squomosus; 3- tuber paritale; 4-margo occipitalis; 5-margo sagittalis.
Uch yoshda ichki yuzasida qon tomir egatlari, to’rt yoshlarda esa chekkalarida chok tishlari paydo bo’ladi. Bolalikning birinchi davrida qon tomir egatlari chuqurlashib, sagital sinus egati paydo bo’lsa, bolalikning ikkinchi davrida tepa suyagi rel’efi tugallanadi. Tashqi yuzasida yuqori va pastki chakka chiziqlari paydo bo’lib suyak tuzilishi kattalarnikiga o’xshab qoladi.
Peshona suyagi
Peshona suyagi (os frontale) (30-rasm) toq bo’lib, kalla tomining oldingi qismi va oldingi kalla chuqurchasini hosil qilishda ishtirok etadi. Unda uch qism: vertikal joylashgan serbar, juft ko’z kosasi va burun qismlari tafovut qilinadi.
Peshona suyagi serbar palla qismining (squama frontalis) tashqi qavariq yuzasi (facies externa) yon tomonlarida chakka yuzasiga (facies temporalis) o’tib ketadi. Pallaning tashqi yuzasida juft peshona bo’rtig’i (tuber frontale) bor bo’lib, ularning o’rtasida burun usti sohasi (glabella) joylashgan. Suyak pallasi ko’z kosasi qismidan ko’z kosasi usti qirrasi (margo supraorbitalis) vositasida ajralib turadi. Bu qirraning burun qismiga yaqin joyida o’yma (incisura supraorbitalis) bor. Ko’pincha bu o’yma teshikka (foramen infraorbitale) aylanishi mumkin. Ko’z kosasi usti qirrasi lateral tomonga yonoq suyagi bilan birikadigan yonoq o’simtasini (processus zygomaticus) hosil qilib tugaydi. Yonoq o’simtasidan yuqoriga va orqaga qarab chakka muhagi birikadigan chakka chizig'i (linea temporalis) yo’naladi. Har bir qirradan yuqoriroqda qosh usti ravog’i (arcus superciliaris) bor.
Peshona suyagi pallasining ichki (miya) yuzasi (facies interna) gorizontal joylashgan ko’z kosasi qismiga o’tadi. Pallaning ichki yuzasini oldingi tomonida peshona qirrasi (crista frontalis) bor. U orqa tomonga qarab o’rta chiziq bo’ylab yo’nalgan yuqorigi sagital vena egatiga (sulcus sinus sagitalis superioris) davom etadi. Peshona qirrasining asosida bosh miya qattiq pardasi yopishadigan ko’r teshik (foramen caecum) bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |