Tizimlar nazariyasi va tizimli tahlil fani - fanlararo fandir. Demak, bu fan mutaxassislik fanlarning tadqiqot usullaridan tegishli tizimlarni o‘rganishda foydalanadi. Bular:
- sotsiologik usullar (kuzatuv, intervyu va so‘rovnoma orqali o‘rganish usullari);
- psixologik usullar (kuzatuv, test, eksperiment va xok. orqali o‘rganish usullari);
- matematik usullar (matematik modellashtirish, matematik tahlil, funksional tahlil, algebra, matematik mantiq, o‘yinlar nazariyasi, ehtimollar nazariyasi usullari va boshqalar);
- statistik usullar (boshlang‘ich statistik tahlil, tanlanma statistik kuzatuv, korrelyasion-regression tahlil, vaqt qatorlari tahlili, indekslar usuli);
- iqtisodiy tahlil usullari (iqtisodiy samaradorlik nazariyalari usullari);
Tizimlar nazariyasi va tizimli tahlil - avvalam bor, ilmiy-metodologik fandir. Bu fan ob’ekt, xodisa va jarayonlarni yahlit holatda o‘rganish maqsadida turli usullarni o‘zida qamrab oladi. Bu usullar majmuasi biror-bir murakkab ob’ekt, xodisa yoki jarayonning husususiyatlari, tarkibiy qismlari va funksiyalarini o‘rganib olishga imkon beradi. Natijada o‘sha ob’ekt, xodisa yoki jarayon tizim ko‘rinishiga keltirilib, o‘ning ichki elementlari orasidagi munosabatlari, uning tashqi muhit bilan munosabati, elementlarining muayyan tuzilma asosida bog‘liqligi va muayan maqsad sari intilishi tushuntirib beriladi. Tizimli tahlil usuli har qanday maqsad sari intiluvchi ob’ekt, xodisa yoki jarayonni yahlit holatda ko‘rishni majburlaydi. Tizimli tahlilda ob’ekt va xodisalarni yahlit holatda ko‘rish hususiy holatda ko‘rishdan ustun turadi. Demak, tizimli tahlilda fikr soddalikdan murakkablikga emas, balki murakkablikdan soddalikka, yahlitlikdan tarkibiylikka, tizimdan elementlar sari qarab yuradi. Demak, muayan murakkab ob’ekt, xodisa yoki jarayonni tizimli tahlil qilish deganda, uni yahlit holatda, ya’ni tizim sifatida namoyon qilib, hususiyatlarini o‘rganish tushuniladi. Bunda tizimning holati va hususiyatlarini o‘rganiladi va buning natijasida uning o‘z ideal holatidan og‘ishganligi sabablari aniqlanadi. So‘ng, o‘sha sabablarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rinishidagi yechimlar tavsiya etiladi. Tizimli tahlil intuitiv qaror qabul qilishlarda qo‘llanilmaydi va ko‘pincha muammoni har-tomonlama o‘rganish, hisob-kitoblarni amalga oshirish va modellashtirish yordamida qarorlar qabul qilish jarayonlarida qo‘llaniladi. Tizim qanchalik katta va murakkab bo‘lsa, tizimli tahlil shunchalik muhim va kerakli tadqiqot instrumenti bo‘ladi. Ob’ekt, xodisa yoki jarayonlarning tizimli tadqiq qilish ko‘p holatlarda tuzilmaviy va funksional tadqiqotlar ko‘rinishida amalga oshiriladi, ya’ni har qanday tizim ichkaridan yoki tashqaridan o‘rganiladi. Agar tizim tashqaridan o‘rganilsa, tizimning tashqi muhit bilan o‘zaro aloqasi yoki tizimning funksiyalari ko‘rib chiqiladi, ya’ni bu erda funksional yondashuv qo‘llaniladi. Tizimning funksiyasi nima deganda uning nima uchun kerakligi tushuniladi. Funksional yondashuvda tizim harakatining maqsadi aniqlanadi va shu maqsadga erishishda tizim hususiyatlaridan qanday foydalanilishi ko‘rsatiladi. Qisqacha qilib aytganda “Tizim maqsadi nima va unga erishish uchun nima qilish kerak?” degan savolga javob izlanadi.
Agar tizim ichkaridan o‘rganilsa, tizimning tuzilmasi, tarkibiy qismlari va ular orasidagi o‘zaro aloqalar ko‘rib chiqiladi, ya’ni bu – tuzilmaviy yondashuvni qo‘llash jarayonidir. Funksiyalardan holi tuzilma yo‘q bo‘lganligi kabi, tuzilmadan holi funksiyalar ham bo‘lmaydi, ya’ni ikkalasi bir-biri bilan doimo uzviy bog‘liq bo‘ladi va ularni ajratib bo‘lmaydi. Tuzilmaviy yondashuv tizimning qanday tuzilganligi, qanday qismlardan tarkib topganligi va ular qanday bog‘liqligini o‘rganishda qo‘llaniladi. Tuzilmaviy yondashuv ikkita bosqichdan iborat bo‘ladi: boshida tizimning barcha muhim qismlari aniqlanadi va ular elementlar sifatida namoyon qilinadi; keyin tizimning tuzilmasi aniqlanadi. Qisqacha qilib aytganda “Tizim - bu nima va qanday tuzilgan?” degan savolga javob izlanadi. Tashqi muhitdagi o‘zgarishlar yangi muammolar va maqsadlarga olib keladi, bu esa o‘z navbatida tizim funksiyalarining va buning oqibatida uning tuzilmasining ham o‘zgarishiga olib keladi. Shu bilan birga, agar tuzilmaning salohiyati yuqori, ammo qo‘yilgan maqsadlar bunga mos bo‘lmasa, maqsadlar va funksiyalar mos ravishda to‘g‘rilanadi. Ma’lumki, tuzilmaviy va funksional yondashuvlar tizimning dekompozitsiyasini amalga oshirishda qo‘llaniladi. Tizimli yondashuv tizimning kompozitsiyasini amalga oshirishda qo‘llaniladi. Ushbu yondashuv qo‘llanilganda tizim yahlit holatda bo‘lganligi faraz qilinib uning hususiyatlari o‘rganiladi.Tizimli yondashuvdan oldin tuzilmaviy va funksional yondashuvlar amalga oshirilgan bo‘lishi shart. Tizimli yondashuvni tor ma’noda tuzilmaviy va funksional yondashuvlar sintezi sifatida ko‘rsa bo‘ladi. Keng ma’noda tizimli yondashuv, bundan tashqari, tizim ishlashining samaradorligini o‘rganishni, ya’ni texnik-iqtisodiy yondashuvni ham o‘zida qamrab oladi. Dinamik yondashuv tizim elementlari va uning quyi tizimlarining dinamik modellarini ishlab chiqish va shu asosda tizimning dinamik hususiyatlari haqida xulosalar chiqarishga qaratilgan. Tizimning dinamikasi deganda uning holati, tuzilmasi, funksiyalari, ishlashi samaradorligining vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib borishi tushuniladi. Tizimning dinamik o‘zgarishini klassik (orqaga qayta oladigan) va noklassik (orqaga qayta olmas, evolyusion) dinamik o‘zgarish turlariga tasniflasa bo‘ladi. Biologik va ijtimoiy tizimlar, vaqt o‘tishi sari, albatta, evolyusion va orqaga qaytmas tarzda o‘zgarishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |