131- dars
Mavzu: Shoira. Hakim Nazir.
Maqsad: a) ta’limiy: mavzu haqida tushuncha berish;
b) tarbiyaviy: insonparvarlik, o’zaro yordam berish, birovlar dardini his etish, do’stlik kabi tuyg’ularni tarbiyalash.
c) rivojlantiruvchi: matnni hikoya qilish malakasini rivojlantirish.
Darsning turi. Yangi bilim beruvchi dars
Darsning metodi. Savol- javob.
Darsning jihozi. Mavzuga mos rasmlar.
Darsning borishi.
I.Tashkiliy qism:
Salomlashish;
Davomatni aniqlash;
Darsga hozirlik ko’rish;
Darsning maqsadini aytish.
II.O’tgan mavzuni so’rash va mustahkamlash.
1. Shoir she'rda tinchlik ramzi bo'lgan oq kaptarni nimaga o'xshatadi?
2. Kimlarga nisbatan «qotil», «battol», «jallod», «odamxo'r» so'zlarini ishlatadi?
3. «Tinchlik urushni yengadi» deganda nimani tushunasiz?
4. She'r mazmunini o'z so'zlaringiz bilan ayting.
Insonning eng ustuvor huquqlaridan biri - bu tinch yashash huquqidir.
III. Yangi mavzu bayoni.
Matn mazmunini so’zlab beraman.
SHOIRA
Hakim Nazir
Shoiraning darsxonasida... chetlariga alvon hoshiya tortig'liq sariq qog'ozlar osib qo'yilgan. Bular «Maqtov yorliqlari».
Nima bo'ldi-yu, keyingi paytda Shoiraning bahosi sal pasaydi. Oyisi Habiba opa bundan tashvishga tushdi. Oldinlari ham u qizining o'qishini ko'p o'ylar, maktabdan tez-tez xabar olar, qizim darsiga qaray qolsin deb, uy yumushlariga ko'pda alahsitmasdi. Shoira ikki fandan «uch», «to'rt» baho olib kelgan kuni Habiba opa unga dedi:
— Endi, qizim, hamma ishdan butkul ozodsan. Maktabdan tashqari vaqtlar u yoq-bu yoqqa borishni ham qo'y. Faqat darsingga qara.
Shoiraning dami ichiga tushdi. Qutbinikiga qandoq qilib borishni o'yladi. «Ha, bo'ldi, oyim yo'g'ida boraman», dedi ichida. Ertasiga o'qishdan keyin, oyisi ishdaligida Qutbinikiga borib keldi. Indiniga ham shunday qildi. Ammo tezda bu sir ochildi.
Habiba opa bir kuni nima ham bo'lib fabrikadan erta qaytdi. Qarasa, eshik qulf. Yon qo'shnilardan so'rasa, bilishmadi. Balki Qutbinikiga ketdimikin? Qutbiniki qayerda? Habiba opa aniq bilmasdi. Avval maktabga borib, Qutbilar turadigan yangi uy manzilini aniqlab oldi-da, qo'shni binoga qarab ketdi. Ikkinchi qavatga chiqdi. Qutbilarning uyini topdi. Eshikdan kirarkan, hang-u mang bo'lib qoldi: egnida fartuk tutgan Shoira terlab-pishib kir chayib turibdi. Qutbi kirlarni ayvondagi arg'amchiga yoyyapti, bir to'da bolalar esa katta xonada chug'urchuqday g'ujg'on o'ynayapti...
Habiba opa birpas baqraygancha qarab qolgach:
— Voy, uyni yolg'iz tashlab bu yoqda... nima qilyapsan? — dedi Shoiraga.
Shoira bir zum dong qotib turdi, keyin oyisiga yer tagidan qarab:
— Siz... ishdan qaytguncha... — dedi-yu, u yog'ini aytolmadi.
Shu chog' Habiba opaning ko'zi ro'paradagi xonada cho'zilib yotgan kampirga tushdi, unga yaqinlashib salomlashdi. Afti burishgan-qurishgan kampir arang qaddini ko'tarib o'tirdi-da, inqillagan ovozda:
— Iloyo baraka topsin, qizingiz. Chaqqongina-lochingina ekan. O'rtog'iga mehribonlik qilib, og'irimizni yengillatyapti. Umri uzoq bo'lsin. Siz ham maqsadingizga yeting, bolalaringizning rohatini ko'ring, — deb qaltiragan qo'llarini yuziga surtdi.
Habiba opa hech narsa tushunolmasayam hayronligini yashirdi, kampirdan hol-ahvol so'radi. Kampir ko'ngli bo'shashib, hasratga tushdi: u yaqinda kelinidan ajralib, beshta go'dak nevaralar bilan qolibdi, g'amdan o'zini oldirib qo'yibdi. O'g'li esa ko'proq safarda yurarkan. Bu yangi binoda hali tanish-bilish orttirganlaricha yo'q, bularning kunlariga ko'proq Qutbining yangi sinfdoshlari yarab turishibdi ekan.
Habiba opa ahvolni tushungandan keyin kampirni yupatgan bo'ldi:
— Ko'p g'am yemang, buvijon. Birovning boshiga tashvish tushganda qarab turib bo'ladimi!
Yo'lda Shoira, oyimdan rosa dakki yeyman, deb cho'chi-gan edi. Habiba opa qaytaga muloyimlik bilan:
— Nimaga bu ishingni mendan yashirib yurganding, qizim? — deb so'radi. Shoira o'zini gunohkor sezib, churq etolmadi.
— O'rtog'ingning ahvolini ochiq aytaversang bo'lmasmidi?!
Onasining savolidan qattiq gina ohangi sezildi, Shoiraning ko'ngli buzilib ketdi. «Kechiring», dedi-yu, yig'lab yuborguday bo'ldi. Nazarida, oyisi uni o'rtog'inikiga sira yubormay qo'yadiganday tuyilib, xavotirga tushdi: Qutbi sho'rlikning ahvoli nima kechadi-ya endi?
Shoiraning o'z o'rtog'iga astoydil joni achiyotganidan Habiba opa ta'sirlanib ketdi. Kutilmaganda u qizining yelkasini silab, dedi:
— Xafa bo'lma, jon qizim. O'rtog'ingga qarashsang-qarashgin-u, faqat darslardan orqada qolasanmi deb qo'rqaman-da!
— Sira qo'rqmang, oyijon! — dedi chehrasi ochilib Shoira va onasini quchoqlab o'pdi.
IV. Mustahkamlash. Matnni qismlarga bo’lib o’qittiraman.
So’ngra savol- javob o’tkazaman.
1. Shoira nima uchun o'rtog'inikiga borib, uy ishlariga yordam berishini onasidan yashirdi?
2. Qutbining buvisi Shoirani nega maqtadi?
3. Shoira onasiga qanday va'da berdi?
4. Shoiraning qaysi xususiyati sizga yoqdi? Hikoyadan Shoiraning fazilatlari tasvirlangan o'rinlarni topib o'qing.
V.Uyga vazifa; matnni o’qish va qayta hikoya qilish.
VI. Darsni yakunlash. O’quvchilar bilimini baholash.
Do'stlaringiz bilan baham: |