4-mashg‘ulot. Amaliy. Nishongacha bo‘lgan masofani aniqlash usullari. Burchak kattaligi yordamida nishongacha bo‘lgan masofani aniqlash. Minglik formulasi va uni amalda qo‘llash.
Nishongacha bo‘lgan masofani aniqlash usullari: Nishonni birinchi o‘q bilan urish uchun nishongacha bo‘lgan masofani bilish kerak. Bu yonlama shamol, havo harorati, atmosfera bosimiga qarab kiritiladigan tuzatishlarni to‘g‘ri aniqlash va eng muhimi, mo‘ljallagichni to‘g‘ri o‘rnatish va mo‘ljalga olish nuqtasini to‘g‘ri tanlash lozim. Harakatsiz va harakatlanayotgan, shuningdek paydo bo‘layotgan nishonlargacha bo‘lgan masofani tez va to‘g‘ri aniqlash muvaffaqiyatli o‘q uzishning asosiy shartlaridan biridir.
Yaqin masofalarni aniqlash uchun quyidagi eng sodda usullardan foydalanish mumkin:
Ko‘z bilan chamalab aniqlash usuli – har qanday jang sharoitlarida qo‘llaniladigan asosiy, eng sodda va qulay usullar sirasiga kiradi. Ammo, nishongacha bo‘lgan masofani ko‘z bilan chamalab to‘g‘ri aniqlash ko‘nikmasini shakllantirish uchun turli joy sharoitlarida, yilning turli fasllarida va kunnig turli vaqtida surinkali mashg‘ulotlar olib borish lozim.
Nishongacha bo‘lgan masofani ko‘z bilan chamalab to‘g‘ri aniqlash ko‘nikmasini shakllantirish uchun, shuningdek, masofalarni ko‘z bilan chamalab aniqlashni ko‘p mashq qilish, olingan natijalarni qadam bilan o‘lchab va xaritaga solishtirib yoki biron – bir boshqa usullarda tekshirish shart.
Avvalombor, etalon deb olingan bir nechta masofalarni fikran tasavvur qilib, har qanday joyda aniq farqlay olishni o‘rganish zarur. Mashqlarni qisqa masofalar
( 10,50,100m) dan boshlash kerak. Mazkur masofalarni yaxshi o‘zlashtirib olgach, asta – sekin katta masofalar (200,400,800m)ga o‘tish va o‘qotar quroldan taьsirli o‘q uzishning eng katta uzoqligiga erishish lozim. Yuqorida zikir etilgan etalonlarni o‘rganib, ularni ko‘rish xotirangizga mustahkam joylashtirib olsangiz, boshqa masofalarni ularga taqqoslashingiz va baholashingiz oson kechadi.
Bunday mashq qilish jarayonida masofalarni ko‘z bilan chamalab aniqlash usulining aniqligiga taьsir ko‘rsatadigan quyidagi qo‘shimcha hodisalarga eьtibor berish zarur:
1.Nisbatan yirik predmetlar xuddi shu masofada joylashgan kichkina predmetlardan yaqin bo‘lib tuyuladi.
2.Aniq ko‘rinib turgan predmetlar nisbatan yaqinda joylashgandek bo‘lib tuyuladi, shuning uchun:
- yorqin (oq, sariq, qizil) rangli predmetlar qora (jigarrang, ko‘k) rangli predmetlardan yaqinda joylashgandek bo‘lib tuyuladi;
- yaxshi yoritilgan predmetlar xuddi shu masofada joylashgan yaxshi yoritilmagan
predmetlardan yaqinda joylashgandek bo‘lib tuyuladi;
- tuman va yomg‘ir paytida, shom qorong‘usida, bulutli kunlarda, chang – to‘zon paytida kuzatilayotgan predmetlar havo ochiq kunlardagidan uzoqda joylashgandek bo‘lib tuyuladi;
- predmetlarning rangi va fonidagi tafavut qanchalik katta bo‘lsa, ulargacha bo‘lgan masofa shuncha kamaygandek bo‘lib tuyuladi; masalan, qishda qor bosgan dala unda joylashgan barcha nisbatan qora predmetlarni go‘yoki yaqinlashtiradi.
3. Ko‘z va kuzatilayotgan predmet o‘rtasida oraliq predmetlar qancha kam bo‘lsa, mazkur predmet shuncha yaqin bo‘lib tuyuladi, shu jumladan:
- tekis joydagi predmetlar yaqin bo‘lib tuyuladi; usti ochiq keng suv havzalari maydoni orqali aniqlanadigan masofalar ayniqsa qisqargandek bo‘lib tuyuladi, chunonchi, qarama – qarshi qirg‘oq hamisha amaldagidan yaqin bo‘lib tuyuladi;
- o‘lchanayotgan chiziqdan kesib o‘tuvchi o‘nqir – cho‘nqir joylar (jarlar, daralar) masofani go‘yoki kamytiradi.
4. Pastdan tepaga, tog‘ ostonasidan cho‘qisiga qarab kuzatganda predmetlar yaqindek bo‘lib tuyuladi, tepadan pastga qarab kuzatganda esa predmetlar uzoqda joylashgandek bo‘lib tuyuladi.
Masofalarni ko‘z bilan chamalab aniqlashni quyidagi usullar yordamida yengillashtirish va nazorat qilish mumkin:
a) masofalarni o‘lchash uchun bir – biridan mustaqil bo‘lgan bir nechta odamdan foydalanish yo‘li bilan; olingan barcha natijalarning o‘rtacha miqdori eng aniq natija hisoblanadi.
b) o‘lchanayotgan masofani joyda belgilangan, kattaligi maьlum bo‘lgan boshqa masofaga taqqoslash yo‘li bilan (masalan, o‘lchanayotgan uchastka yaqinidan simyog‘ochlari o‘rtasidagi masofa malum bo‘lgan aloqa yoki yelektr uzatish tarmog‘i o‘tgan bo‘lishi mumkin).
Masofalarga teran baho berish uchun quyidagi jadvalda keltirilgan taxminiy ko‘rsatkichlardan foydalanish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |