Ona tilim - millat tayanchi!
Til har bir millatning eng aziz boyligi, uning ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita sanaladi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” degan hikmatli so‘zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Xaqlqimizning bebeho boyligi bo‘lgan o‘zbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lib, xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Prezidentimiz o‘z nutqlaridan birida “Ulug‘ alloma, XX asr boshida olti tilli – o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug‘at tuzgan Ishoqxon Ibratning mana bu hikmatli so‘zlarini eslatgan edilar: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Darhaqiqat, hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tilining o‘ziga xos betakror xususiyatlarini saqlab qolish, uni kelajak avlodga beshikast yetkazish bizning ajdodlarimiz va kelgusi avlod oldidagi muqaddas burchimizdir.
Tarixga nazar tashlasak, asrlar, davrlar o‘tishi bilan ko‘plab tillar iste’moldan chiqib, “o‘lik til”ga aylanganini ko‘ramiz. Lotin, oromiy, qadimgi yunon, kelt, shumer, akkad, xett tillari... Ular qatori bir paytlar yurtimiz hududida muomalada bo‘lgan qadimgi xorazmiy, so‘g‘d, boxtariy (baqtriy) tillarini ham keltirish mumkin. Turli bosqinlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, avlodlar, din va mafkuralar almashuvi singari omillar tillarning taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynagan. Bu jarayon bugungi kunda ham davom etmoqda. Har ikki haftada 1 ta til o‘lik tilga aylanmoqda. Bu holat har bir til egalarini sezgirlikka chaqiradi.
O‘zbek tili mansub bo‘lgan turkiy tillar oilasiga 30 dan ziyod til kiradi va ularda Yer yuzida 250 milliondan ortiq kishi so‘zlashadi. Olimlarning fikricha, bugun turkiy tillar orasida faqat oltita tilning holati barqaror deb baholangan. Bular davlat tili maqomiga ega bo‘lgan o‘zbek, turk, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz tillaridir.
O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeyi tobora yuksalmoqda. Dunyo miqyosida o‘zbek tilida gaplashuvchilarning umumiy soni 50 millionga yetadi. Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek tili so‘zlashuvchilar soni bo‘yicha dunyoda 27-o‘rinda turadi. Agar dunyoda 7000 ga yaqin til va lahja mavjudligini e’tiborga olsak, bu yaxshi ko‘rsatkich.
O‘zbek tili davlat tili maqomiga ega bo‘lgan 100 ta tildan biridir. Holbuki, dunyoda bunday yuksak maqomga ega bo‘lmagan, ammo yuz millionlab kishilar so‘zlashadigan tillar ham bor. O‘zbek tili qo‘shni davlatlarda ham muomaladagi asosiy tillardan sanaladi. Xususan, qo‘shni Tojikistonda va Qirg‘izistonda o‘zbeklar tub millat vakillaridan keyingi o‘rinda turadi. Afg‘onistonda esa o‘zbek tili pushtu va dariy tillaridan keyingi uchinchi rasmiy til sanaladi.
Bugun o‘zbek tili dunyo axborot makonida ham o‘z o‘rniga ega tillar qatoridan o‘rin olgan. O‘nlab yirik xalqaro axborot mahkamalari, radio va telekanallar o‘z materiallarini o‘zbek tilida ham tarqatishmoqda. Vikipediya, Gugl, Feysbuk singari yirik messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, internet platformalarida o‘zbek tilining mavqeyi oshib bormoqda.
O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbek tili qadimiy va boy tarixga ega bo‘lib, uning shakllanishida miloddan oldingi va miloddan keyingi dastlabki asrlarda mintaqamiz hududida yashagan baqtriylar, so‘g‘diylar, xorazmiylar hamda boshqa elat va millatlar o‘z ta’sirini ko‘rsatgani haqida mavjud ilmiy manbalar dalolat beradi.
O‘zbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qo‘shganini alohida ta’kidlash tabiiydir.
Shu borada Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy kabi ilmu fan va adabiyot namoyandalarining xizmati va qoldirgan merosi muhim o‘rin egallaganini qayd etish joiz.
O‘zbek adabiy tili ayniqsa XIV-XV asrlarda – Amir Temur va temuriylar davrida rivojlanishning yangi, yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy, Boborahim Mashrab, Muqimiy, Furqat kabi o‘nlab mumtoz adib va allomalarimizning ijodida ona tilimizning lug‘at boyligi, badiiy imkoniyatlari, uning go‘zalligi va nafosati yanada yorqin namoyon bo‘lganini ta’kidlash lozim.
Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, o‘z hayotini xalqimizning ma’naviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bag‘ishlagan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug‘ ma’rifatparvarlarning ulkan xizmatlarini, bu yo‘lda haqiqiy vatanparvar, yurtparvar, millatparvar sifatida iz qoldirgan ziyoli insonlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomining berilishi o‘zbek tili taraqqiyoti uchun tub burilish yasadi. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan qonunni qabul qilinishida Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘anievich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek tilining qadri yana baland bo‘ldi. Davlatimiz mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi; mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamiz o‘zbek tilida yaratildi, yurtimiz bo‘ylab va xalqaro maydonlarda Davlat madhiyamiz ona tilimizda yangramoqda.
Shuningdek, 1990-yili Vazirlar Mahkamasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun, 1995-yili “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri, 1996-yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori va shu kabi boshqa hujjatlar qabul qilingani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
Hozirgi kunda o‘zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Davlatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar o‘zbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda.
Yuzlab bog‘chalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, yangi gazeta va jurnallar, tele-radio kanallar, nashriyotlar, madaniy-ma’rifiy muassasalar, kutubxonalar ona tilimizda faoliyat yuritmoqda.
2016-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda folklorshunoslik, dialektologiya, turkologiya, matnshunoslik kabi yo‘nalishlarda o‘zbek tili ilmiy nuqtayi nazarlardan tadqiq etilmoqda.
O‘zbek tili va uni o‘qitish masalasida yangi o‘quv dasturlari yaratilmoqda, darslik va qo‘llanmalar, risola va monografiyalar nashr etilmoqda, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek tilining buguni va istiqboli haqida amaliy taklif va tashabbuslar bildirilmoqda.
Poytaxtimiz markazida yaratilgan Adiblar xiyoboninig adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bag‘ishlangani ayniqsa e’tiborlidir.
Ona tilimiz va milliy adabiyotimizni ulug‘lash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodimizga yetkazish maqsadida, yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi. Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida eng avvalo o‘zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Hukumat miqyosida bayramni nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Respublikaning barcha viloyatlarida turli tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.
Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi munosabati bilan davlat tadbiri o‘tkazilib, unda Prezidentimizning shaxsan ishtiroki hamda davlat tilining nufuzini yanada oshirish bo‘yicha bildirgan takliflari, belgilab bergan vazifalari, qolaversa, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasida davlat tilini rivojlantirish departamentining tashkil qilinishi, bundan buyon 21-oktabr mamlakatimizda ona tili bayrami sifatida keng nishonlanishi davlatimiz tomonidan ona tilimiz – o‘zbek tiliga hurmat va e’tiborning amaldagi ifodasidir.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan shu qisqa vaqt ichida jiddiy ishlar amalga oshirildi. Atamalar Komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Davlat tili to‘g‘risida” qonunning yangi tahriri, o‘zbek tilini rivojlantirishning 2020-2030- yillarga mo‘ljallangan konsepsiya loyihasi ishlab chiqildi.
2020-yilning 23-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bu chinakam tarixiy hodisa edi. Prezidentimiz o‘z tilimizda butun dunyoga mustaqil mamalakatning o‘z tilida dunyoga aytar so‘zi borligini namoyon qildi.
Bugungi kunda xalqaro maydonda obro‘-e’tibori tobora yuksalib borayotgan O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbek tili Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘rganilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘paymoqda.
Mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida
Do'stlaringiz bilan baham: |