Hol. Ko`pincha fe’l-kesimga bog`lanib, uning belgisini bildirgan bo`lak hol deyiladi: Minbarga notiqlar birin-ketin chiqa boshladilar. Hol ba’zan fe’ldan boshqa turkumga ham bog`lanadi: Ko`chada odam ko`p. Holning ma’no turi: 1) vaziyat (ravish, tarz) holi qanday, qay holda, qay tarzda kabi so`roqqa javob bo`ladi va har doim fe’lga bog`lanadi. Vaziyat holi ravish, ravishdosh, ot, sifat, olmosh, taqlid, ibora bilan ifodalanadi: 1. U diqqat bilan tingladi. 2.Ukam chiroyli yozadi. U shoshmasdan jo`nadi. 3.Rais bilan ikkisi do`stlarcha xayrlashdi. 4.U qorovul bo`lib ishlaydi. 5.Daraxt barglari duv to`kildi. 6.Buni qanday bajarasiz? 7.Boshini eggan holda kelardi. Ravishdosh bilan ifodalangan vaziyat holi o`ziga tobe bo`lgan bo`lak bilan so`z birikmasini hosil qilishi mumkin: Eshikni sekin ochib, ichkariga qaradi. Bu yoyiq vaziyat holi deyiladi. 2) o`rin holi qayerga, qayerda, qayoqqa, qayerdan kabi so`roqqa javob bo`ladi va ko`pincha o`rin ravishi, ot, olmosh bilan ifodalanadi: 1. Bolalar ko`chaga chiqib ketishdi. 2.U orqadan qochdi. 3.Bunda bulbul kitob o`qiydi. 3) payt holi qachon, qachongacha, qachondan beri, qay vaqt kabi so`roqqa javob bo`ladi va ko`pincha ot, payt ravishi, olmosh, payt ravishdoshi, sifatdosh, harakat nomi, son, sifat bilan ifodalanadi: 1.Imtihonlar yozda bo`ladi. 2.Bugun maktabim yonidan o`tdim. 3.Shunda men bir sapchib tushganman. 4.Nafasimni rostlagach, tikilibroq qaradim. 5.Buni o`qiyotganimda sezib qoldim. 6.Qaytishda siznikiga kirib o`tamiz. 7.Qo`lim bo`shida o`qiyman. 8.Yig`ilish uchda bo`ladi. 4) miqdor holi qancha, qanchalab, nechalab, necha marta kabi so`roqqa javob bo`ladi va ko`pincha miqdor-daraja ravishi, son, sifat va miqdor-daraja ma’nosini bildirgan so`z birikmasi bilan ifodalanadi: 1.Men juda ko`p qayg`urdim. 2.O`n marta eshitgandan bir marta ko`rgan afzal. 3.Bir onda o`z kuchining o`lchovsiz darajada o`sganini sezdi. 4.Siz qancha terdingiz? 5.Bular qop-qop terib qo`yishdi. 6.Men o`ylagan darajada qilisharmikan? 5) sabab holi nima sababdan, nima sababli, nima uchun, nimaga, nega kabi so`roqqa javob bo`ladi va quyidagicha ifodalanadi: a) sabab ravishi: Otasi noiloj ko`ndi; b) -lik, -siz+lik, -gan+lik qo`shimchali chiqish kelishigidagi ot, sifatdoshdan keyin -dan qo`shimchasini keltirish bilan: Salima opa quvonganidan hech gapira olmas edi; d) -gani, -ganligi qo`shimchali so`zdan keyin tufayli, uchun so`zidan birini keltirish bilan: U o`qimagani uchun bilmadi. 6) maqsad holi nima maqsadda, nima uchun, nima qilgani, nima qilgali, nega so`rog`iga javob bo`lib, quyidagicha ifodalanadi: a) maqsad ravishi: Men atayin gapirmadim; b) jo`nalish kelishigidagi harakat nomi yoki harakat nomidan keyin uchun ko`makchisini keltirish bilan: U o`qish uchun keldi; d) maqsad ravishdoshi: U o`qigani keldi; e) fe’ldan so`ng uchun, deb so`zini keltirish bilan: O`qiyman deb keldi; f) harakat nomidan keyin maqsadida, maqsadda, maqsadi bilan so`zini keltirish yordamida: Gulnor opa bafurja gaplashish maqsadida keldi; 7) shart holi nima qilsa (m , -ng, -k , -ngiz) so`rog`iga javob bo`ladi va bir harakatning bajarilishi uchun shart bo`lgan boshqa ish-harakatni bildiradi: Eksang, o`rasan; 8) to`siqsizlik holi nima qilsa ( -m, -ng, -k , -ngiz) ham/-da? so`rog`iga javob bo`lib, bir ish-harakatning bajarilishi uchun to`siq bo`la olmaydigan ish-harakatni bildiradi va shart fe’li+ham (-da), ravishdosh/sifatdosh+bilan ko`makchisi, qaramay, qaramasdan so`zi qatnashgan qurilma orqali ifodalanadi: Chaqirilmasa ham, qatnashdi. Kichik bo`lgani bilan ancha og`ir edi. Shoshganiga qaramay kutib turdi. Ayrim darslikda qurol-vosita holi ajratiladi. Bu hol nima bilan, qanday usul bilan degan so`roqqa javob bo`ladi: Xat qalamda (qalam bilan) yozilgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |