Tayanch so’z va iboralar: gap, ega, kesim, aniqlovchi, to’ldiruvchi, hol, uyushiq bo’lak, ajratilgan bo’lak.
GAP BO`LAGI. Gap bo`lagi – sodda gapning tarkibiy qismi. Gap bo`lagini ajratishda asosiy belgi – ular orasidagi sintaktik aloqa. Gapdagi so`zga so`roq berish, uning qaysi turkumga mansubligi, gap ichida joylashish tartibi, qanday qo`shimcha olishi tom ma’noda gap bo`lagi turini belgilashda asos bo`la olmaydi. Gap bo`lagini aniqlash kesimni aniqlashdan boshlanadi. Chunki asosiy xabar kesimda mujassamlangan bo`ladi. Gapdagi boshqa barcha bo`lak olib tashlansa ham, xabar saqlangan bo`ladi. Lekin birgina kesimni olib tashlab, boshqa bo`lak saqlansa ham, bu xabar yo`qoladi. Kesim orqali ega va hol, ular orqali esa to`ldiruvchi va aniqlovchi aniqlanadi. Gap bo`lagining turi odatda bir-biriga nisbatan aniqlanadi: hol va ega kesimga nisbatan, aniqlovchi aniqlanmishga nisbatan, to`ldiruvchi to`ldirilmishga nisbatan. Umuman olganda, qolgan barcha bo`lak bevosita yoki bilvosita kesimga bog`lanadi. Shuning uchun u gapning grammatik markazi deyiladi. Ega va hol kesimga bog`lanadi. Lekin aniqlovchi bilan to`ldiruvchi har qanday bo`lakka bog`lanishi mumkin. Gap bo`lagi darajasiga ko`ra ikki xil: 1) bosh bo`lak; 2) ikkinchi darajali bo`lak. Bosh bo`lak. Ega va kesim – bosh bo`lak. Boshqa bo`lak ega va kesimga tobelanadi. Kesim gapning markaziy bo`lagi hisoblanadi. (q. Bosh bo`laklar). Ikkinchi darajali bo`lakka to`ldiruvchi, aniqlovchi, hol kiradi. (q.Ikkinchi daralai bo`laklar)
Gap bo`lagining uslubiy xususiyati: 1) ega bilan kesimni moslashtirishda bog`lama (shaxs-son qo`shimchasi, to`liqsiz fe’l, bo`ldi, qildi, etdi yordamchi fe’li, sanaladi, hisoblanadi kabi fe’l)dan foydalaniladi: Men o`quvchiman. U talaba bo`ldi. Bu tarix hisoblanadi; 2) qaratqich-aniqlovchidagi -ning qo`shimchasi she’riyatda ba’zan -im tarzida qo`llanadi: O`zbekiston - vatanim manim; 3) sifatlovchi aniqlovchi ot bilan ifodalansa, majoziy ma’no kasb etadi: Kumush choyshab yopib dalalar, qor tagida uxlab yotadi; 4) sifatlovchi-aniqlovchi turli so`z turkumidan tizilib, sifatlash vazifasini bajargan ibora va so`z birikmasi bilan ifodalanadi: Osmono`par tog`lar, bag`ri keng inson, cheki yo`q qirlar, fikri tiniq insonlar. 5) qaratqich-aniqlovchi o`rnida sifatlovchi-aniqlovchi qo`llanadi: Bahorning sarin yellarini sog`indim – Bahordagi sarin yellarni sog`indim.
Gap bo`lagi tartibi. Gap bo`lagi tartibi ikki xil: a) odatdagi tartib; b) o`zgargan tartib. Odatdagi tartib. Bunda quyidagi holat kuzatiladi: 1) ega (o`z aniqlovchisi bilan) oldin, kesim gapning oxirida keladi: Yosh havaskorlar to`plandi; 2) payt holi egadan oldin keladi: Bugun yosh havaskorlar to`plandi; 3) to`ldiruvchi o`z aniqlovchisi bilan egadan keyin keladi: Bugun yosh havaskorlar dehqonlarga katta tomosha ko`rsatdi; 4) vaziyat holi kesimdan oldin keladi: Daryo uzoqdan tovlanib ko`rinardi. O`zgargan tartib (bu inversiya ham deyiladi)da quyidagi holat kuzatiladi: 1) ega kesimdan keyin keladi: Yashasin mustaqillik! 2) to`ldiruvchi kesimdan keyin keladi: To`xtat suvni! 3) vaziyat holi fe’l-kesimdan keyin keladi: Shamol esadi g`ir-g`ir.
Gap bo`lagi tartibi o`zgarishi quyidagi hollarda kuzatiladi:
1) badiiy nutqda, ko`pincha, she’riyatda; Senga bo`ldim azaliy oshiq. Bunga berar o`lim xotima;
2) hayajon kuchli bo`lganda: Oling qo`lingizni!
3) shior va chaqiriqda: Yashasin mustaqillik!
4) mantiqiy urg`u talabi bilan: Bordik biz. Ayting o`zingiz.
Gapning ajratilgan izoh bo`lagi. Gapda biror bo`lakning ma’nosi so`zlovchi nazarida noaniqroq bo`ladi va uning ma’nosini aniqroq berish, izohlash maqsadida xuddi shunday boshqa bo`lakni gapga kiritadi. Mas., Men ishni mana shundan boshladim gapida shundan to`ldiruvchisining ma’nosi noaniq. Shuning uchun so`zlovchi aniqroq ma’noli boshqa bir to`ldiruvchini gapga kiritadi: Men ishni mana shundan, ya’ni tushuntirishdan boshladim. O`zidan oldingi bo`lakni izohlagan bunday bo`lak ajratalgan izoh bo`lak deyiladi. Ajratilgan bo`lakning uyushiq bo`lakdan farqi shundaki, u bir tushunchaning ikkita nomi, ya’ni bir shaxs/narsa/belgi/harakat ikki marta nomlanadi, uyushiq bo`lak esa bir necha shaxs/narsa/belgi/harakatni ifodalaydi. Gap bo`lagini ajratishda so`z tartibining o`zgarishi, gap bo`lagining kengayishi, bir bo`lakning o`zidan oldingi bo`lakni izohlashi, bir bo`lakni boshqasidan ajratib, bo`rttirib ko`rsatish zaruriyati kabilar sabab bo`ladi: 1.Ko`chada borar, g`amgin va o`ychan. 2.Ukasi, ko`zlari chaqnagan, unga g`azab bilan qaradi. 3.Oldinda, muyulishda, bir qora ko`rindi. 5.U har kuni, quyosh tikka kelganda, shaharga tushadi. Quyidagi gap bo`lagi ajratiladi: 1) ega: Biz, yoshlar, buni esdan chiqarmasligimiz kerak; 2) kesim: a) fe’l-kesim: Men uni ko`ndirishga harakat qildim – yalindim, yolvordim, hatto tiz cho`kdim; b) ot-kesim: U shoir – inson ruhining bilimdoni; 3) to`ldiruvchi: Oyimni, ya’ni Xosiyat Suvonovani, mukofotlashdi. To`ldiruvchi tashqari, boshqa, o`rniga, bilan, birga kabi so`zli birikma bilan ham ajratiladi: Mendan tashqari, u ham bor. 5) aniqlovchi: 1) qaratqich-aniqlovchi: Bir necha kishining ayol va erkakning qorasi ko`rindi; 2) sifatlovchi-aniqlovchi (ba’zi darslikda bu ters sifatlovchi-aniqlovchi deb ataladi): Gullar terdim, chiroyli; 6) hol: 1) o`rin holi: Uning qo`lidan ushlab ichkariga, mehmonxonaga, boshladi; 2) payt holi: Anjuman bugun, soat beshda, boshlanadi; 3) ravish (vaziyat) holi: Qo`llar ishlar tez — mo`jizakor; 4) maqsad holi: Shaharga borish uchun, ya’ni o`g`lini ko`rish uchun, ulov qidirdi; 5) miqdor-daraja: Bugun sizni yana, ikkinchi marta kechirishdi. Ko`pincha ravishdosh va sifatdosh bilan ifodalangan hol ham ajratilishi mumkin: O`zidan o`zi hadiksirab, atrofga olazarak boqadi. Otasi, ikki qo`ltig`ida narsa ko`targan holda, yo`lga tushdi.
Ajratilgan izoh bo`lakda tinish belgisi. Yozma nutqda izoh bo`lak ko`pincha vergul va tire bilan ajratiladi: 1) izoh bo`lak ikki tomondan vergul bilan ajratiladi: Kanal bo`yidagi choyxonada, avtobus bekatida, A’zamjon uchradi; 2) izoh bo`lakning o`z ichida vergul bo`lsa, ikki tomoniga tire qo`yiladi: Endi odamlar – otliq, piyoda, yosh-qari – uchray boshladi; 3) ajratilgan bo`lak kengayib, uyushib, gap oxirida kelsa, undan oldin tire qo`yiladi: Mening o`z muhabbatim bor – toza va musaffo!; 4) bosh kelishikdagi kishilik olmoshini izohlagan bo`lakdan avval tire, keyin vergul qo`yiladi: Men – Mengliyeva Munira, VIII sinfda o`qiyman; 5) yozma nutqdagi Onam – Xosiyat Suvonova, maktabda ishlaydi kabi gapda ham shunday.
Gapning uyushiq bo`lagi. Gapda bir xil shakllangan, bir xil so`roqqa javob bo`ladigan, o`zaro teng bog`langan va boshqa bitta bo`lakka tobelanadigan bo`lak birdan ortiq bo`lishi mumkin. Bu - uyushiq bo`lak. Masalan: Bola goh menga, goh unga qarar edi. Gapning barcha bo`lagi uyushadi: 1) ega: Bugun Anvar yoki Sobir navbatchilik qiladi; 2)kesim: a) fe’l kesim: Biz besh oydan buyon o`qib, ishlab, izlanib kelyapmiz; b) ot-kesim: Yo`l keng va tekis edi; 3) to`ldiruvchi: a) vositasiz to`ldiruvchi: Kitob(larni) va daftarlarni keltirdi; b) vositali to`ldiruvchi: Akamga va opamga xabar qildik; 4) aniqlovchi: a) sifatlovchi-aniqlovchi: Salqin va bahavo bog`da dam oldik; b) qaratqich-aniqlovchi: Olma(ning) va shaftoliniig hosili mo`l bo`ldi; 5) hol: a) vaziyat holi: Topshiriqni tez va puxta bajardik. b) payt holi: Bugun va ertaga men navbatchilik qilaman; d) o`rin holi: Shahar va qishloqda qurilish avjiga chiqqan; e) sabab holi: Quvonch va shodlikdan tili aylanmas edi; f) maqsad holi: U shaharga o`qish va ishlash maqsadida kelgan edi. g) miqdor holi: Men sizga o`n marta, yuz marta gapirdim; h) shart holi: Agar mehnat qilmasang, qiynalmasang o`z maqsadingga erisha olmaysan; i) to`siqsizlik holi: U charchasa ham, yiqilib qolgudek bo`lsa ham yurishdan to`xtamadi; Uyushiq ega shaxsni anglatsa, kesim birlikda ham, ko`plikda ham bo`lishi mumkin: Karim, Salim va Ahmad keldi(lar). Uyushiq ega jonsiz narsani ifodalasa, kesim, odatda, birlikda bo`ladi: Stol va stul tartibga keltirilgan. Gapda ko`makchi fe’lli so`z qo`shilmasi uyushiq kesim bo`lib kelganda ba’zan ko`makchi fe’l yetakchi fe’lning eng so`nggisiga bog`lanib kelishi mumkin: U allaqachon yozib, chizib bo`ldi. Uyushiq bo`lak yoyiq holda ham bo`ladi: Ma’ruzachiga qiziq, kishini hayratda qoldiradigan savollar berishdi. Uyushiq bo`lak juft-juft bo`lib ham qo`llanadi: Shahrimizda keng va tekis, toza va yorug` ko`chalar ko`paymoqda.
Uyushiq bo`lakda ko`plik, egalik va kelishik qo`shimchasining qo`llanishi ikki xil: 1) son (ko`plik), egalik va kelishik qo`shimchasi uyushiq bo`lakning oxirgisiga qo`shiladi: Noma va arizalarning ba’zisi mirzo, muftilarga havola qilinar edi; 2) gapdagi uyushiq bo`lakning har birida son, egalik, kelishik qo`shimchasi alohida-alohida takrorlanadi: Qor sovug`i qo`llarimni va oyoqlarimni, peshonamni yalab tursa-da, menga juda yoqimli tuyuldi. Nutqda son, egalik va kelishik qo`shimchasi uyushiq bo`lakda har xil ishlatilishi ham uchraydi: Bolalar yaslilari va bog`chalarida, maktablarda mehnatkashlarning farzandlari tarbiyalanmoqda. Gapda uyushiq bo`lak bog`lovchisiz, sanash ohangi bilan, biriktiruv bog`lovchisi (va, hamda), ular vazifasidagi -u, -yu yuklamasi, bilan ko`makchisi, zidlov bog`lovchisi (ammo, lekin, biroq), na, -da yuklamasi, goh, yoki, yoxud, dam, ba’zan, yo kabi ayiruv bog`lovchisi bilan bog`lanib keladi: Mashina sekinladi, lekin to`xtamadi. Gapning uyushiq bo`lagi guruh-guruh bo`lsa, bir-biridan nuqtali vergul bilan ajratiladi: Yutib chiqish uchun ot chopqir, zotdor bo`lishi, yaxshi toblanib sovutilishi; chavondoz usta, epchil bo`lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |