To`ldiruvchi. Kelishik va ko`makchi bilan shakllangan, kim? yoki nima? so`rog`iga (kim/nima+ni/ga/da/dan/uchun/orqali/sababli va hokazo) javob bo`luvchi va gapda fe’l bilan ifodalanuvchi bo`lakka boshqaruv yo`li bilan bog`lanadigan ikkinchi darajali bo`lak to`ldiruvchi deyiladi: 1.Men bu gapni ukamdan eshitdim. 2. Seni eslayman. Demak, to`ldiruvchi: 1) predmetni (kimni, nimani, kimga, nimaga va hokazo. so`roqni oladi) ifodalaydi; 2) kelishik va ko`makchi bilan shakllanadi; 3) fe’l bilan ifodalangan bo`lakka (ko`pincha kesimga) bog`lanadi; 4) bosh so`zga boshqaruv yo`li bilan bog`lanadi: To`ldiruvchining ikki turi bor: a) vositali to`ldiruvchi; b) vositasiz to`ldiruvchi. Vositasiz to`ldiruvchi o`timli fe’l bilan ifodalangan bo`lakka tobelanib, belgili yoki belgisiz tushum kelishigi qo`shimchasi bilan shakllanadi: 1.Yosh havaskorlar ashulani zavq bilan aytdilar.2. Bo`linganni bo`ri yer. 3. O`ziga birovning oz-moz til tegizishini ko`tarmasdi. 4. O`quvchilar hozir kitob o`qishyapti. Vositali to`ldiruvchi o`timli yoki o`timsiz fe’l bilan ifodalangan bo`lakka tobelanib, jo`nalish, o`rin-payt va chiqish kelishigi shakli yoki ko`makchi bilan shakllanadi: 1. Ravshan sen bilan boradi 2. Yaxshiga yondash, yomondan qoch. 3. Og`zi bo`shga ishonib bo`lmaydi. 4. Paxta mashina bilan terildi. Jo`nalish, o`rin-payt va chiqish kelishigidagi so`z doimo to`ldiruvchi bo`lib kelavermaydi, ular hol vazifasini ham bajaradi, bunda ham ular savolga qarab farqlanadi: U yolg`ondan hayron bo`ldi (qanday? – hol). U akasidan eshitdi (kimdan? – to`ldiruvchi). U maktabga bordi (qayerga ? – hol). Menga gapirdi (kimga? – to`ldiruvchi). Umuman olganda, to`ldiruvchi va hol shaklan ko`pincha o`xshaydi. Lekin asosiy farqi shundaki, to`ldiruvchi predmetni ifodalab, uning so`rog`iga javob bo`ladi, hol esa bunday xususiyatga ega emas.
Aniqlovchi. Gapdagi biror bo`lakning belgisini yoki bir narsa-buyumning boshqasiga qarashli ekanligini bildirgan bo`lak aniqlovchi deyiladi. Aniqlovchi gapda har doim otga yoki otlashgan har qanday bo`lakka bog`lanadi: 1. Mayda qor yog`yapti. 2. Qovunning og`iri, tarvuzning yengili shirin bo`ladi. 3. Oppoq mashina keng ko`chada navbatdagi chorrahani kesib o`tmoqda edi. 4. Toshkent juda chiroyli shahar. Aniqlovchi uch xil: 1) sifatlovchi-aniqlovchi;2) qaratuvchi aniqlovchi; 3) izlohlovchi. Sifatlovchi-aniqlovchi predmetning belgisini, miqdorini, tartibini bildiradi va qanday? qanaqa? qaysi? qancha? nechanchi? necha? qayerdagi? kabi so`roqqa javob bo`ladi. Sifatlovchi-aniqlovchi tomonidan aniqlangan bo`lak sifatlanmish deb yuritiladi. Sifatlovchi va sifatlanmish bitishuv yo`li bilan bog`lanadi: Notanish kishi unga qaradi. Sifatlovchi-aniqlovchining ifodalanishi: 1) sifat, son, olmosh, sifatdosh, ravish, taqlid: 1. Biz serjun va sergo`sht qo`ylarni ko`paytiryapmiz. 2. O`ninchi yillarning sargardonligi. 3. Taqir-tuqur ovozdan uyg`onib ketdim. 4. O`qigan kishi o`zar. 5. Ko`p odamning duosi ko`l. 2) ot: Asfalt yo`ldan mashinalar g`iz-g`iz o`tib turibdi. Bunday aniqlovchilar ba’zan majoziy (ko`chma) ma’noni ifodalashi mumkin: Kumush choyshab yopib dalalar... 3) ibora: Unda og`zining tanobi qochadigan odat bor. U qo`y og`zidan cho`p olmagan bola. 4) so`z birikmasi bilan: 1.U birinchi kungi ishni yakunladi. 2.Ukamning uyidagi mollarni ham olib ketishibdi. 2.Menga tegishli bo`lakni qoldiring. 3.Ertaga bo`ladigan majlis qoldirildi. Ba’zan sifatlovchi-aniqlovchi kengaygan ravishdoshli, sifatdoshli, harakat nomili birikma bilan ifodalanib, yoyiq holda kelishi mumkin: Misdek qizarib turgan yuzini ikki kafti orasiga olib, peshonasiga yuzini bosdi. Qaratqich-aniqlovchi. Qaratqich-aniqlovchi biror narsa tegishli, qarashli bo`lgan shaxs yoki predmetni bildiradi va belgili hamda belgisiz qaratqich kelishigidagi so`z bilan ifodalanadi. Qaratqich-aniqlovchi tomonidan aniqlangan bo`lak qaralmish deyiladi. Qaratqich va qaralmish moslashuv orqali birikib, shaxs va sonda, albatta, moslashgan bo`ladi: Odamning qo`li gul. Qaratqich-aniqlovchining ifodalanishi: 1) ot, olmosh: Gulnor yigitning so`zlarini diqqat bilan tingladi. 2) otlashgan so`z: O`nning yarmi – besh. 3) ibora: Og`zi bo`shning ichida gap yotmas.
Do'stlaringiz bilan baham: |