5.Bosh suyagi. Umurtqa pog’onasi. Ko’krak qafasi.
Kalla suyagi, bosh skeleti (lotincha: cranium) — umurtqali hayvonlar va odamning bosh skeleti. Katta yoshdagi kishilarda kalla suyagi choklar bilan birlashgan, chaqaloqlarda bu suyaklar oʻrtasida suyaklanmagan kism — liqildoklar boʻladi. Odam kallasi 23 suyakdan iborat, ular juft va ayrimlari toq boʻladi. Odamda bosh miya juda rivojlanganligi uchun kalla suyagining miya qismi (kalla suyagi qutisi) katta, yuz qismi pastga choʻzilgan, hayvonlarda esa yuz qismi oldinga choʻzilgan boʻlib, kalla suyagining asosiy qismini tashkil etadi. Kalla suyagi miya va u bilan birga takomil etgan sezgi aʼzolarining tayanchi, ularni tashqi muhit taʼsiridan saqlab turadi. Bulardan tashqari, kalla suyagining yuz qismida organizm hayot faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan nafas sistemasining boshlanish qismi — burun boʻshligʻi, ovqat hazm qilish sistemasining boshlanish qismi — ogʻiz boʻshligʻi va eshitish hamda muvozanatni saqlash aʼzolari joylashgan.
Umurtqa pogʻonasi - odam va umurtqali hayvonlar skeletinint asosiy qismi. Ontogenezpa togʻayli yoki suyakli umurtqa tanasi rivojlanib, embriondagi xordaning dastlab bir oz qismi, keyinchalik hammasini egallagan.
Odamda Umurtqa pogʻonasi boʻyin, koʻkrak, bel, dumgaza va dum suyaklari — umurtqalarning ustmaust qoʻshiluvidan tashkil topadi. Umurtqa pogʻonasi shu umurtqa tanalarining orasida joylashgan togʻay disklar hisobiga uzayadi. Umurtkalar birbiriga ulanib borishi natijasida umurtqa kanali hosil boʻlib, unda orqa miya yotadi. Odam Umurtqa pogʻonasi kishining tik yurishiga moslashgan boʻlib, pastga qarab kengayib boradi. Umurtqa pogʻonasining boʻyin, bel, koʻkrak va dumgaza qismlarida fiziologik bukilmalar bor. Boʻyin va bel qismlari oldinga, koʻkrak va dumgaza qismlari orqaga qarab bukilgan boʻladi. Bu bukilmalar bola boshini mustaqil koʻtarib turishi, oʻtira boshlashi va tik yurishidan boshlab shakllanadi.
Umurtqa pogʻonasining boʻyin va bel qismi koʻp, koʻkrak qismi kam harakatlanadi. Kishining qaddiqomati Umurtqa pogʻonasi boylamlari, muskullarining holatiga bogʻliq.
Umurtqa pogʻonasi umurtqa kanalida yotgan orqa miyani ezilishdan, choʻzilishdan saqlaydi, gavdani tik tutadi, koʻkrak, qorin va chanoq boʻshliqlarini hosil qilish va boshqalarda ishtirok etadi.
Koʻkrak qafasi – sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchi hayvonlar va odamda toʻsh suyagi yordamida koʻkrak umurtqalariga qovurgʻalar birikishidan hosil boʻlgan bir butun tuzilma. Odamda koʻkrak qafasi yassi konusga oʻxshaydi. Koʻkrak qafasining yon, old va orqa devori bor. Yon va oldingi devorlari 12 juft qovurgʻadan hosil boʻladi; oldinda qovurgʻalar uchi toʻsh suyagiga kelib taqaladi; orqa devorning oʻrtasi umurtqa pogʻovasining koʻkrak boʻlimidan iborat. Koʻkrak qafasining yuqorisidagi tyoshikdan koʻkrak boʻshligʻiga traxeya, qiziloʻngach, qon tomirlari va nervlar oʻtadi, pastdan diafragma chegaralab turadi. Koʻkrak qafasida oʻpka, yurak va tomirlar joylashgan. Nafas olganda Koʻkrak qafasi kengayadi, ayni vaqtda boʻylama, old-orqa va koʻndalang hajmi kattalashadi. Koʻkrak qafasining hajmi va shakli yosh, jins va kasbga qarab turlicha. Koʻkrak qafasi chaqaloqlarda piramida shaklida, ayollarda pastki teshigi, boʻyi kaltaroq boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |