Aslida esa, ommaviy madaniyatning to‘laqonli yuzaga kelishi Angliyada paydo bo‘lgan sanoatni paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. “Insoniyat boshiga tushgan eng katta musibat bosma dastgohning kashf etilishi bo‘ldi”, - degandi bir vaqtlar Benjamin Dizraeli. Bu kashfiyotni shu qadar salbiy baholagan Dizraeli haqmidi yoki yo‘qmi - gap bunda emas. Biroq uning iqtisodiyotga va birinchi navbatda, madaniyatga ta’siri chindan ham beqiyos bo‘ldi.
Gutenbergning ixtirosi tub o‘zgarish qildi, u har qanday hajmdagi kitobni tez va ko‘p tayyorlash muammosini hal etdi. Natijada kitoblari soni ko‘paydi, bahosi arzonlashdi. Oqibatda, oz sonli madaniyatli kishilarning ijodiy yutuqlari nusxasini ko‘paytirib, madaniyat sohasini demokratlashtirish uchun zamin yaratdi.
17-18 asrlar Yevropa adabiyotida shu vaqtgacha noma’lum bo‘lgan yangi sarguzasht, detektiv, avantyura romanlari janrlari yuzaga kelib, ko‘p nusxada chop etilgani bois kitobxonlar doirasi yanada kengayib bordi. Bu haqda gap ketganda, mashhur “Robinzon Kruzo” nomli romanning hamda xatarli hisoblanuvchi kasblar kishilari - tergovchilar, harbiylar, o‘g‘rilar, fohishalar va hokazolar hayoti haqida hikoya qiluvchi asarlar muallifi Daniel Defo (1660-1731) kabilarni asralari shov-shuv bo‘ldi.
Bu ixtiro tufayli ommaviy madaniyat homila holatidan go‘daklik bosqichiga o‘tdi. Endi deylik, Yevropani bir joyda istiqomat qiluvchi muallifning asarini Osiyoda ham, Amerika qit’asida ham o‘qish imkoniyati vujudga keldi. Umuman bu ixtiro kitob bosish sanoatining ilk ibtidosi edi.
XIX asr o‘rtasida, Edison fonografni ixtiro etdi. Endi musiqani ham ko‘paytirish mumkin bo‘ldi. Buyuk kompozitorlar va musiqachilarni betakror asarlari yozilgan arzon grammplastinkalarni eng chekka shaharlarda, eng kichik do‘konlardan ham topish, tinglash mumkin bo‘ldi. Bu ommaviy madaniyat rivojida yana bir bosqich bo‘ldi.
1894 yilda ilk kinofilm namoyish etildi. Asrlar davomida rivojlanib kelgan teatr san’ati kinoekranlarning bo‘z pardasiga ko‘cha boshladi va tez orada u ham keng xalq ommasining boyligiga aylandi. Ammo bunday bahramandlik kutilmagan madaniy va ijtimoiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Ayrim faylasuflar oddiy kishining go‘zallik, nazokat va nafosatdan bahramand bo‘lishi uni o‘zini o‘zi takomillashtirishga hamda olg‘a harakat qilishga undaydi, deb xayol qilishdi. Biroq keng ommaning hammasi ham yuksak madaniyat boyliklaridan bahramand bo‘lish: ilmiy, ibrat olish, Dostoevskiy, Joys va Kafkani o‘qish, Bax va Shostakovichni tinglash hamda yuksak san’at asarlarini to‘plashni istamasligi ma’lum bo‘ldi. Natijada ommaviy ko‘paytiradigan yangi texnika tufayli bahramand bo‘lish mumkin bo‘lgan yuksak madaniyat san’atning chinakam murakkabligini yashirgan ommabop xitlar qatoriga tushib qoldi.
Kinofilmlar va radio, keyinchalik esa televidenie uchun yaratilgan yangi musiqa hamda pesalarning ko‘p qismi, klassik namunalarga qiyoslaganda, maydalashib ketgandi. Qisqasi, demokratlashtirilgan madaniyat haddan tashqari yengil bo‘lib qoldi.
Bir tomonlan, sanoat rivojlanishi Yevropadagi barcha davlatlar ijtimoiy strukturasida ham jiddiy o‘zgarishlarga olib keldi. Yangidan ochilgan va jadal kengayib borayotgan zavod va fabrikalar yangi-yangi ish kuchini talab qildi, oqibatda Yevropaning barcha mamlakatlarida jadal urbanizatsiya jarayoni boshlanib ketdi. Qishloq joylardan shaharlarga ko‘plab kishilar ko‘chib keldi.
Yevropa va AQShdagi urbanizatsiya jarayonlari oqibatida XIX asr oxiriga kelib shahar aholisining hissasi 75% ni tashkil etdi. Urbanizatsiyaning muqarrar jarayonlari ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi shu paytgacha mavjud bo‘lgan an’anaviy odatlarni uzilishni boshlab berdi. Boshqacha aytganda, ommani avvalgisiga zid bo‘lgan yangicha hayotiy sharoitga tushirib qo‘ydi. Ko‘p asrlik an’analardan mahrum bo‘lgan bu kishilar jadallik bilan bir xil qiyofa kasb eta boshlashdi.
Konveyer tipidagi ishlab chiqarishning rivojlanishi ham bunga anchagina ko‘maklashdi. Bunday ishlab chiqarishning ustun turishi nafaqat kasbiy jihatdan, balki madaniyati jihatidan ham bir-biriga egizakdek o‘xshash bo‘lgan kishilarni shakllantirdi. Bir qolipda, konveyer tarzida fikrlashga o‘rgangan kishi o‘tmish madaniyatining o‘zining aqli yetmaydigan, murakkab namunalarini qahr bilan rad etib, jadallik bilan rivojlanayotgan ommaviy madaniyatning bir xil andaza va qolip asosida yaratilgan yuzaki mahsulotini bajonidil qabul qilardi. Muvaffaqiyat, shuhrat ketidan quvgan madaniyat arboblari buni tushunib, o‘z asarlarini ommaviy talabning yangi tendensiyalariga moslay boshlashdi. Natijada madaniyat va birinchi navbatda, ommaviy madaniyat insonni go‘zallikka, ma’naviylikka oshno qilish vositasidan kishi ko‘z o‘ngida ish orasidagi bo‘sh vaqtda shunchaki ko‘ngilochar, bo‘sh vaqtni to‘ldirish vositasiga aylana bordi.
XIX asr kishisi hayot kundan-kunga yaxshilanib, mustaqillik oshib bordi. Ilgari taqdir inoyati deb hisoblangan va behad minnatdorlik tuyg‘usini uyg‘otgan narsa qonuniy ne’mat sifatida qabul qilinib, buning uchun minnatdorlik bildirish ham, uni kutish ham shart emas, deb hisoblana boshladi11.
Shunday qilib, insoniyat sivilizatsiyasidagi yangi davr kishilar keng ommasiga hayotning yengilligi tuyg‘usini baxsh etdi, uni o‘ziga nisbatan axloqiy talabchanlikdan, hozirgi kun va kelajak oldidagi mas’uliyat hissidan, mehnatga va ijtimoiy axloqning an’anaviy normalariga nisbatan hurmat tuyg‘usidan mahrum etdi. Did, odat, fikr tarzi standartlashtirildi, unda bir qolipdagi narsalar hukmronlik qildi. Ko‘pchilik kishilarning turmush tarzi o‘rtacha darajaga keltirildi, ma’lumoti, kasb-kori darajasi va h.k.ga bog‘liq bo‘lmagan holda birxillashtirildi. Sinfiy tafovutlar yo‘qotildi. Ilgari ozchilikkina bahramand bo‘lgan ko‘plab narsalar omma uchun bemalol bo‘lib qoldi.
Inson madaniy jihatdan shaxslashuvdan xoli bo‘lib qoldi. U jamiyatning boshqa qatlamlari kishilari, professional guruhlari va hatto xalqlardan hech nimasi bilan ajralib turmaydigan bo‘ldi.
Yuzaga kelgan sharoitda nisbatan yuqori madaniy saviya hisobiga ajralib turish uchun o‘zini majburlash zarur bo‘lardi, sivilizatsiya ne’matlaridan uncha qiynalmay bahramand bo‘lishga o‘rganib qolgan ommaviy kishi esa bunga qodir emasdi. Tavsiflanayotgan davrda ne’matlardan cheksiz foydalanishga intilish umuman muhim hodisa bo‘lib qoldi. Yangi kishini beshikdaligidanoq o‘rab turgan olam uning ishtahasini tinmay qitiqlaydi, u yangi sivilizatsiya to‘kin-sochin qilib qo‘ygan ne’matlarni imkon qadar ko‘proq iste’mol qilishga intiladi. Ayni shu tendensiya iste’mol jamiyatini shakllantirish negizini tashkil qilgan.
“Iste’mol jamiyati” atamasini nemis ijtimoiy psixologi Erix Fromm iste’molga kiritgan. Iste’mol jamiyati moddiy ne’matlarni ommaviy iste’mol qilishni anglatadi. Ommaviy iste’molni esa, ommaviy odam ongida tegishli qadriyatlar, qoidalar tizimini oldindan shakllantirmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi. Yirik biznes vakillari ommaviy odam ongida ne’matlarni hayotiy ehtiyojlarni qondirish uchun emas, balki “nufuzli ne’matlarni” iste’mol qilish yo‘li bilan nufuzli maqomga ega bo‘lish uchun iste’mol qilish zaruratini asta-sekin shakllantirishdan manfaatdor edilar.
Bunday sharoitda reklama alohida rol o‘ynaydi, chunki tovarni ishlab chiqarish emas, balki xaridorni shu tovarni sotib olishga ishontirish qiyin.
Ayni paytda texnika taraqqiyoti ham bir joyda turmaganidek, Charlz Uistoun va Semuel Morze jahonga telegrafni tuhfa etishdi. 1895 yilda esa, insoniyat radiodan boxabar bo‘ldi. Shuningdek, gazeta hamda ko‘ngilochar jurnallar ommaviy nusxada chiqarila boshlandi. Binobarin, yangi axborot makoni paydo bo‘ldi va tadbirkor kishilar bu makondan foydalanish iste’molchi uchun kurashda qanchalik ulkan ustunlik berishini tezda tushunib qolishdi.
Ko‘ngilochar tadbirlar vositasida takdim etiladigan iste’mol mollari reklamasining samarasi yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Natijada reklama, bir tomondan, bozor muvaffaqiyati garovi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ommaviy madaniyatning keng tarqatuvchi vositaga aylanadi. Bu uning yanada tijoratlashuviga olib keldi. Bu - madaniyat industriyasining moliya kapitali bilan to‘g‘riidan-to‘g‘ri qo‘shilib ketishida namoyon bo‘ladi. Gollivudning ko‘pgina kinokompaniyalari bugungi kunda san’at va moliyaviy monopoliyalar mulkiga aylangani hammaga ma’lum.
Moliya va sanoat kapitalining madaniyat industriyasi bilan qo‘shilib borishi shu tariqa sodir bo‘ladi. Gazeta va jurnallarga egalik qilayotgan transmilliy monopoliyalar ham tashkil qilinmoqda. Oqibatda ommaviy madaniyatni nazorat qilish reklama beruvchilar va omma cho‘ntagidagi pulni qoqib olishgagina mo‘ljallangan yengil-yelpi, saviyasi past madaniyatni yaratuvchilar qo‘liga o‘tib qoldi.
Avval boshdan madaniyatni demokratlashtirish namunasi sifatida mavjud bo‘lgan narsa endi, industriyaning bir qismiga aylanib qoldi. Chunonchi, dastavval oddiy ko‘ngil ochish vositasi bo‘lgan kinematografiya tez orada san’atning ommabop turigagina emas, balki sanoatning qudratli sohasiga ham aylandi. Radio haqida ham shu gaplarni aytish mumkin.
Televidenie ko‘psonli tomoshabinlarni zabt eta oldi va tomoshabinlarga ko‘ngil ochishning reklama roliklari bilan aralashib ketgan qulay hamda arzon shaklini taklif etdi. Boshqacha aytganda, ommaviy kommunikatsiya vositalari tijorat manfaati nuqtai nazaridan “ommaviy madaniyat”ning soxta mahsulotlarini yarata boshlashdi: ko‘ngilochar hamda tijorat ko‘rsatuvlari qanchalik oddiy va arzon bo‘lsa, tijorat nuqtai nazaridan shuncha katta muvaffaqiyat keltirardi.
Ommaviy madaniyat shakllanishi jarayonining yakunlovchi bosqichida unga bozor iqtisodiyoti qonunlari juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Shu ta’sir ostida chinakam madaniyat industriyasi yuzaga kelib, unda vositachilar (menejerlar, prodyuserlar) instituti katta o‘rin egalladi. Vositachilarsiz teatrni sahnalashtirishga, adabiy, musiqiy asarlarni nashr etishga, ko‘rgazmalar, konsertlar, festivallar tashkil etishga va boshqalarga bankdan kredit olib bo‘lmasdi.
Bugungi kunda ommaviy madaniyat majmuidan madaniyat industriyasini rivojlantirishning bir qancha yo‘nalishilarda paydo bo‘ldi. Masalan: -ommaviy badiiy madaniyatni (sport-sirk tomoshalaridan tortib, erotik ko‘rsatuvlargacha), professional sportni (ishqibozlar uchun tomosha tarzidagi), bo‘sh vaqtga mo‘ljallangan tashkiliy ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tuzilmalarni (tegishli tipdagi klublar, diskotekalar, raqs maydonchalari va b.) hamda ommaviy tomoshalarning boshqa turlarini o‘z ichiga oluvchi ko‘ngilochar bo‘sh vaqt industriyasi kabi.
Konveyer usulida yaratilayotgan ushbu barcha mahsulotni “chinakam”, “yuksak” madaniyat bilan qiyoslab bo‘lmasligi haqidagi ta’kidlar odatiy tus olgan. Bunday fikrlarning adolatliligini ta’kidlagan holda, bunday o‘zgarishlar ommaviy madaniyatning aynan bozorga mo‘ljallanganligi bilan bog‘liqligini aytib o‘tish zarur. Chunki shu munosabat bilan “g‘oyalarni ishlab chiqarish” tipologiya jihatidan “buyum ishlab chiqarish”ga o‘xshatib qo‘yildi, moda mezonlariga bo‘ysundirildi, oqibatda “muqarrar, boqiy” ma’naviy qadriyatlar kundalik bozor kon’yunkturasi talablari qurboniga aylandi.
Jahondagi ko‘pgina mamlakatlar axborot sohasida ustuvorlikni ta’minlashning strategik maqsadlarga erishishi milliy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning asosiy yo‘llaridan biri sifatida e’tirof etmoqdalar. Bugungi kunda har bir fuqaro axborot iste’moli madaniyatini shakllantirishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Axborot iste’moli madaniyati, eng umumiy ma’noda, axborot oqimidan inson manfaatlari, kamoloti hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ma’lumotlarni qabul qilish, saralash, tushunish va talqin etish uchun xizmat qiladigan bilimlar, qobiliyat va malaka tizimini anglatadi.
Inson o‘zida bunday madaniyatni shakllantirishi uchun axborotni qabul qilar ekan, “Bu axborotni kim uzatayapti?”, “Nima uchun uzatayapti?” va “Qanday maqsadda uzatayapti?” degan savollarni o‘ziga-o‘zi berishi, unga asosli javob topishga harakat qilishi kerak bo‘ladi. Ana shundagina turli g‘oyalar ta’siriga tushib qolish, taqdim etilayotgan ma’lumotlarga ko‘r-ko‘rona ergashishning oldi olinadi hamda shakllangan axborot iste’moli madaniyati milliy manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga zid bo‘lgan xabar, ma’lumotlarga nisbatan o‘ziga xos qalqon rolini o‘taydi, shaxs dunyoqarashi va xulqidagi sobitlikni tarbiyalashga xizmat qiladi”12.
Xulosa qilib, yuqorida aytilganlar ommaviy madaniyatning yuzaga kelishi, qaror topishi va rivojlanishi bosqichlarini, shuningdek, bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan asosiy omillarni ajratib ko‘rsatish imkonini beradi.
1. Gutenberg bosma dastgohi ixtiro qilinish vositasida madaniyat sohasiga kirib kelgan ilmiy-texnik inqilob, keyinchalik ommaviy madaniyat hodisasining yuzaga kelishi va jadal rivojlanishiga ommaviy kommunikatsiya vositalari - gazetalar, ommaviy jurnallar, “o‘n sentli” ommabop romanlar, radio, grammofon yozuvi, kinematografiya, keyinchalik esa televidenie, magnit va video-magnit yozuvining rivojlanishi ko‘maklashdi. Bularning bari texnik aloqa vositalari yordamida uzatiladigan axborot hajmini juda ham oshirib yubordi va san’atning shu paytga qadar yopiq bo‘lgan olamini - saylangan kishilar uchun madaniyatni - birmuncha demokratlashtirish, hamma va har kim bahramand bo‘laoladigan qilish imkonini berdi. Biroq, shu bilan bir vaqtda, madaniyat saviyasining umumiy tarzda pasayishiga olib keldi, chunki endi u jamiyatning nafaqat madaniy jihatdan tayyorgarlik ko‘rgan elitasiga emas, balki oddiy ishqibozlariga mo‘ljallangan edi. Shu bois elitar madaniyat qadriyatlarini “o‘rtamiyona” holatga keltirish talab qilingandi.
2. Industrlashtirish va urbanizatsiya, fan-texnika taraqqiyoti natijalaridan foydalanish sanoat ishlab chiqarishining gurkirab rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratdi. Bunday ishlab chiqarish kishilar turmush tarzini shunga muvofiq tashkil etishni talab qildi. Yirik korxonalarning yaratilishi va rivojlanishi kishilarning ommaviy ishlab chiqarish jamoalariga birlashishini hamda ularning cheklangan hududlarda ixcham tarzda istiqomat qilishini talab etdi. Bu masalaning yechimi urbanizatsiya, shaharda hayot kechirish bilan bog‘liq edi.
3. Shakllanishi jarayonida ommaviy kommunikatsiya vositalarini rivojlanishi muloqot vositalari hamda usullarining almashtirilishi inson turmush tarzi va faoliyatiga ta’sir qilibgina qolmay, balki uning olamga qarashlarini va hatto, ongi tipini ham o‘zgartiradi. Kundalik hayotda foydalanib turganimiz moddiy boyliklarning ko‘pi hozirgi avlod hayoti davomida yaratilgan. Hozir insoniyat istifoda etib turgan bilim har besh yilda ikki baravar ko‘paymoqda. 2021 yilga borib esa insoniyat bilimi har 72 kunda ikki baravar ortadigan bo‘ladi.
4. Industrlashtirish va urbanizatsiyaning eng muhim oqibatlaridan biri eng kam harajatlar bilan eng ko‘p tovar massasi chiqarish bo‘lib, shu narsa iste’mol jamiyatiga asos soldi. Ilgari kapital faqat ishlab chiqarish haqida qayg‘urgan bo‘lsa, endi iste’molchilarni vujudga keltirish zarurati paydo bo‘ldi. Aholi keng ommasining nufuzli iste’molga intilishi uning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.
5. Biron-bir ne’matning yuqori maqomi reklama bilan shakllantiriladi, bu esa ommaviy madaniyatning hamma joyda tijoratlashuviga olib keladi. Iste’mol jamiyatida ish ko‘rgan ommaviy madaniyat sotish va uning vositasida pul qilish zarur bo‘lgan tovarga aylanadi.
6. Ommaviy madaniyatning kapital bilan birikib ketishi ko‘ngil ochish industriyasining siyosiy muhit bilan birikib ketishiga olib keldi. Masalan, siyosatchilar uchun ommaviy madaniyatdan foydalanish saylovchilarning muayyan guruhi e’tiborini tortadi. Pirovard natijada ommaviy madaniyatdan siyosiy targ‘ibot quroli sifatida foydalanish uning ayrim yo‘nalishlarining, ayniqsa, kinematografiya va televidenie kabilarning o‘ta siyosiylashtirilishida o‘z ifodasini topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |