Yoshlar ongi - ommaviy madaniyat mafkurachilari nishoni
“Yoshlar” tushunchasi ijtimoiy-demografik guruh ta’rifi sifatida18 asr oxiri - 19 asr boshida istifodaga kiritilgan. Bungacha yoshlar alohida ijtimoiy guruh sifatida e’tirof etilmagan.
“Falsafa qomusiy lug‘at”ida “Yoshlar - yosh xususiyatlari, ijtimoiy holatining o‘ziga xosligi bilan ajralib turuvchi ijtimoiy-demografik guruh. Hozirgi paytda 14-16 yoshdan 25-30 yoshgacha bo‘lgan kishilar yoshlarga mansub hisoblanadi. Yoshlarning alohida ijtimoiy-ruhiy qiyofasi jamiyatning umumiy holati, ijtimoiylashuv qonuniyatlari, ta’lim-tarbiya imkoniyatlari bilan belgilanadi”30, - deb qayd etilgan.
Shunday qilib, yoshlar - jamiyat normal ish olib borishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy guruh ekanligi shubha tug‘dirmaydi. Yoshlar muammolarini tadqiq etishning dolzarbligi tobora ortib borayotganligini, shuningdek, yoshlar o‘z tabiatiga ko‘ra jamiyatning o‘zini o‘zi tiklashini ta’minlovchi avlodlar vorisiyligi kodiga ega ekanligi bilan ham izohlash mumkin. Yoshlarning hozir ham, kelajakda ham yashovchanligi jamiyatning rivojlanishi shartlaridan biridir. Jamiyatning rivojlanishi umuman yosh avlod pozitsiyasi qandayligi, uning qiyofasi, dunyoqarashi, salomatligi, sermahsul hayotga moyilligiga bog‘liqdir.
G‘arbda va MDHning ayrim mamlakatlarida yoshlar orasida jinoyatning, giyohvandlikning, alkogolizmning va o‘z joniga qasd etishning, yoshlar ishsizligining, axloqan buzuqlikning, ma’naviyatdan yiroqlikning, mehnatga munosabat buzilishining kuchayib borishi bilan bog‘liq ancha keskin muammolar yuzaga keldi. Masalan, keyingn paytlarda OAVda, ayniqsa, o‘smir yoshlarning suiqasd - xudkushlik qilib hayotni tark etayotganligi haqida xabarlar ko‘payib qoldi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda yangi Internet - psixologiyaning ta’siri kuchli bo‘lmoqda, bunda «Yessare» - (qochish, tark etish) tugmachasini bosgan zahoti narigi dunyoga ravona bo‘lish mumkinligi taassurotining shakllantirilganligi ham sabab bo‘lmokda. Yoki o‘z jinsini o‘zgartirishni xohlayotgan bolalar va o‘smirlar soni ortayotganligini, bu holni ularning ota-onalari hamda shifokorlar qo‘llab- quvvatlayotganliklari, AQSh va Yevropa siyosatchilari hamda jamoat arboblari bu haqida qizg‘in bahs va munozaralar olib borayotganligi haqida xabarlar berilmoqda.
Hozirgi jamiyatning muammosi shundaki, uning ideallari ommaviy madaniyatning qudratli ta’siri ostida shakllanadi hamda bugungi kunda ideal tushunchasi qahramon tushunchasi bilan almashtiriladi. Bularning bari hozirgi yoshlar uchun taqlid ob’ekti sifatida barkamol hodisa tarzidagi emas, balki ommaviy madaniyat qahramoni tarzidagi ideal sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |