18-modda. Ommaviy axborot vositasining ustavi (nizomi)
Ommaviy axborot vositasi o‘z faoliyatini muassis tasdiqlaydigan ustav (nizom) asosida yuritadi.
Ommaviy axborot vositasining ustavi (nizomi) tahririyat xodimlari umumiy miqdorining kamida uchdan ikki qismi ishtirokidagi umumiy yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi va muassis tomonidan tasdiqlanadi.
Ustavda (nizomda) muassis, muharrir (bosh muharrir) va tahririyat xodimlarining vakolatlari belgilanadi va ommaviy axborot vositasining muassisi, nomi, qaysi tilda (tillarda) e’lon qilinishi, manzili, faoliyat turi va maqsadlari, tahririyat mol-mulki manbai hamda foydani (daromadni) taqsimlash tartibi, nashrni qayta tashkil etish va tugatish shartlari ko‘rsatiladi.
Ustav (nizom) O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid kelmasligi kerak.
19-modda. Ommaviy axborot vositasining muharriri (bosh muharriri) va tahrir hay’ati
Muharrir (bosh muharrir) ommaviy axborot vositasi tahririyati, tahrir hay’ati ishiga rahbarlik qiladi, muassis bilan munosabatlarda ommaviy axborot vositasi nomidan ish olib boradi.
Muharrirni (bosh muharrirni) lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish tartibi ustavda (nizomda) belgilab qo‘yilaTahrir hay’ati ommaviy axborot vositasi ustavida (nizomida) nazarda tutilgan tartibda tuziladi. Ommaviy axborot vositasining muassisi, tahririyati va noshiri o‘rtasidagi ishlab chiqarish, mulkiy, moliyaviy va boshqa munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
20-modda. Ommaviy axborot vositalarida homiylar ishtiroki
O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ommaviy axborot vositalariga homiylik qilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari bilan homiylar o‘rtasidagi munosabatlar qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Homiylarning ommaviy axborot vositalari va ular xodimlarining kasb faoliyatiga aralashuvi taqiqlanadi.
21-modda. Nashrga oid ma’lumotlar
Davriy nashrning har bir sonida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
1) nashrning nomi;
2) tahririyatning manzili;
3) muassis (muassislar)ning nomi;
4) muharrirning (bosh muharrirning) familiyasi, ismi-sharifi;
5) davriy nashrning ro‘yxatga olingan tartib raqami hamda bosilib chiqqan sanasi, gazetalarning esa, shuningdek, chop etishga ruxsat berilib, imzo qo‘yilgan vaqti;
6) aloqa korxonalari orqali tarqatiladigan davriy nashrlar uchun indeks raqami;
7) tiraji;
8) bosmaxonaning nomi va manzili.
Televideniye, radioeshittirish tahririyati har safar efirga chiqqanda, uzluksiz eshittirish chog‘ida esa, bir kecha-kunduzda kamida to‘rt marta televideniye, radioeshittirish tahririyati nomini e’lon qilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |