26-modda. Muallif materiallari va xatlaridan foydalanish
Ommaviy axborot vositalarida tegishli qonun hujjatlariga asoslangan holda jurnalistika, adabiyot, san’at asarlaridan va ilmiy asarlardan foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Tahririyatga kelgan xatlarni e’lon qilishga tayyorlash chog‘ida mazmunini buzmagan holda ularning matnini qisqartirish va tahrir etishga yo‘l qo‘yiladi.
Tahririyat qonuniy asoslarda rad etgan materialni ommaviy axborot vositasida majburan e’lon qildirishga hech kimning haqqi yo‘q.
27-modda. Raddiya berish va javob qaytarish huquqi
Yuridik yoki jismoniy shaxs ommaviy axborot vositasida e’lon qilingan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va o‘zining sha’ni hamda qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan ma’lumotlar bo‘yicha raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqlidir.
E’lon qilingan material tufayli huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘z raddiyasini mazkur ommaviy axborot vositasi orqali e’lon qilishga haqlidir. Raddiya yoki javob maxsus ruknda yoxud ana shunga sabab bo‘lgan material bosilgan ayni o‘sha sahifada e’lon qilinishi shart. Raddiya yoki javob gazetalarda ular kelgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida, boshqa davriy nashrlarda esa navbatdagi sonda e’lon qilinadi.
Olingan raddiya yoki javob radioeshittirish yoki televideniye tahririyati tomonidan radioeshittirish yoxud teleko‘rsatuvning ayni o‘sha dasturi yoki turkumida, kelgan kunidan e’tiboran bir oy muddat ichida e’lon qilinadi.
Asosli va odob doirasidagi javob matnini, agar uni e’lon qilish hajm yoki vaqt nuqtai nazaridan ommaviy axborot vositasining faoliyatiga zarar yetkazmasa, tahrir qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositasi raddiya yoki javobni e’lon qilishdan bosh tortsa yoxud ularni e’lon qilish uchun belgilab qo‘yilgan muddatni buzsa, yuridik yoki jismoniy shaxs da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
28-modda. Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzishda aybdor deb topilgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 218-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi ikkinchi qismi va 140-moddasi ikkinchi qismi.
Muharrir (bosh muharrir), shuningdek, jurnalist ommaviy axborot vositasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun, agar ma’lumotlar: rasmiy xabarlardan olingan bo‘lsa; axborot agentliklari yoki davlat organlarining matbuot xizmati orqali olingan bo‘lsa yoxud muallifning oldindan yozib olinmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga berilayotgan nutqlarida aytilgan bo‘lsa, javobgar bo‘lmaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |