Frazeologizmlar. Ma’no yaxlitligiga ega bo‘lgan va nutqiy jarayonga qadar ikki va undan ortiq so‘zlarning barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutqqa tayyor holda olib kiriluvchi ko‘chma ma’nodagi barqaror birikmalar frazeologizmlar (iboralar) dir.
Maqol. Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar maqollardir.
Matal. Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, to‘g‘ri ma’noda qo‘llaniladigan, xalq donishmandligi natijasida vujudga kelgan barqaror birikmalar matallardir.
Hikmatli so‘zlar (aforizmlar). Grammatik jihatdan gap holida shakllangan, xalqning turmush tajribasiga tayanib ma’lum bir shaxs tomonidan yaratilgan qisqa, obrazli barqaror birikmalar hikmatli so‘zlar (aforizmlar) dir.
Diqqatingizni jamlang!
Mashhur aforizmlardan namunalar
“Nimadir senga yoqmasa, uni o‘zgartir. Modomiki, uni o‘zgartira olmas ekansan, unga nisbatan munosabatingni o‘zgartir.” – Meri Engelbrayt
***
“Ma’nosiz umrdan, ma’noli o‘lim afzal.” – Korason Akino
***
“Xudo meni o‘zgartirish qo‘limdan kelmaydigan narsalarni qabul qilishim uchun samimiylik bilan, o‘zgartirishim mumkin bo‘lgan narsalarni o‘zgartirishim uchun jasurlik bilan, ularni ajrata olishim uchun esa aql bilan siylagan.” – Reyngold Nibur
***
“Ko‘pchilik odamlar anglash uchun emas, javob qaytarish niyatida tinglaydilar.” – Stiven Kovi
***
“Ko‘pincha kambag‘allik deganda ochlik yoki uysizlikni tushunamiz. Aslida keraksiz bo‘lib, muhabbat va g‘amxo‘rlikka zoriqish chinakam yo‘qsillikdir. Har kim bu baloga qarshi kurashni o‘z oilasidan boshlamog‘i lozim.” – Tereza Ona
***
“Kecha – o‘tmish, erta – mavhum, hozir atalmish bugun esa – Xudoning mukofotidir.” – Bil Kine
Topshiriq. Nuqtalar o‘rniga tushirib qoldirilgan harflardan mosini qo‘yib maqollarni ko‘chiring va ularda ilgari surilgan g‘oya haqida fikrlashing.
Yurt boshiga ish tu...sa, er yigit ...ozir bo‘lar. Xalq bor yerda ...aqlik bor.
El boqsa, bax...ing kular, el bo...masa, ta...ting qular. Xalq...a suyansang, bo‘l...san, xalqdan ch...qsang, so‘larsan.
Topshiriq. Berilgan iboralarning ma’nolarini izohlang va gaplar tuzing. Otni qamchilamoq, otning qashqasiday, oshig‘i olchi, popugi pasaymoq, yuzi yorug‘ bo‘ldi, to‘ydan oldin nog‘ora chalmoq, tuyaning dumi yerga tekkanda, tuyaning ustida ham it qopadi,
to‘nini teskari kiyib olmoq.
Frazeologizmlar, maqollar, aforizmlar qanday birikmalar hisoblanadi?
a) barqaror birikmalar b) so‘z birikmalari
s) tasviriy ifodalar d) fonetik birliklar
Maqolni davom ettiring: O‘z uying –
a) o‘z to‘shaging b) jonajon uying
s) o‘lan to‘shaging d) qush inida ko‘rganini qiladi
Quyidagi birliklardan qaysilari ham erkin, ham turg‘un birikma sanaladi?
ko‘ngli ko‘tarildi, esi chiqib ketdi, toqatlari toq bo‘ldi ;
ko‘ziga issiq ko‘rindi, ko‘zi to‘rt bo‘ldi, lom-lim demadi;
s) bag‘ri tosh, aqli kirgan, joni halqumiga tiqilgan;
d) boshiga yetmoq, qulog‘iga quymoq, o‘z yog‘iga qovurilmoq.
Turg‘un birikmalar bo‘lgan iboralarni o‘z ichiga jamlagan filologik lug‘at turi berilgan qatorni toping.
“O‘zbek tili frazeologizmlarining izohli lug‘ati”
“O‘zbek tilining toponimik lug‘ati”
s) “O‘zbek tili iboralarining o‘quv izohli lug‘ati”
d) “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”
Quyidagi iboraning to‘g‘ri tarjimasi berilgan qatorni aniqlang
Ни пуха ни пера
a) Qushday yengil bo‘ling b) Aytganingiz kelsin
s) O‘takasi yorildi d) Omadingizni bersin
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
Qadimda xalqlar yozuv materiali sifatida nimalardan foydalanishgan?
Siz qanday asarlarni sevib o‘qiysiz? Asar mualliflari haqida ma’lumot bering.
Nutq go‘zalligini ta‘minlashda barqaror birikmalarning o‘rni qanday?
Kitob mutolaasi insonga nima beradi?
Barqaror birikmalarni o‘rganuvchi tilshunoslik bo‘limi qanday ataladi?
Uyga vazifa. O‘qilgan kitoblaringiz ro‘yxatini tuzing va ularga qisqacha tavsif bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |