9-mavzu. Zamonaviy dunyoda ta’lim
Nom yoymoq, istasa kimki jahonda, Musofirni ezgu tutsin har onda.
O‘qish uchun material
Oliy ta’lim
“Oliy ta’lim” atamasi zaminida iqtisod, fan, texnika va madaniyat sohasida faoliyat olib boruvchi, ish mobaynida ilm-fan, madaniyat, texnika yangiliklarini qo‘llagan va o‘z ustida ishlagan holda nazariy va amaliy muammolarni bartaraf etuvchi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tushuniladi. Oliy ta’lim oliy o‘quv yurtlari tomonidan xalq xo‘jaligi, fan va ma’daniyatning turli sohalari bo‘yicha oliy malakali mutaxassis bo‘lishni istagan va tegishli talablarni bajargan o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limini olgan kishilarga ilmiy-nazariy bilim berish hamda muayyan ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Oliy ta’lim jarayonida talabalarga oliy ma’lumot beriladi. Oliy ta’lim tushunchasi muayyan ixtisoslik bo‘yicha mutaxassis oldida turgan nazariy va amaliy muammolarni mustaqil darajada hal qilish imkonini beruvchi bilim va malakalar yig‘indisini anglatadi. Oliy ta’lim muassasalari yuridik maqomga ega. Respublikamizda oliy ta’lim muassasalarining quyidagi ko‘inishlari bor:
universitet — oliy ta’lim dasturini bajarishda talabalarga egallayotgan sohasi bo‘yicha yoki keyinchalik o‘qishlarini davom ettirishlari uchun keng qamrovli bilim berishga e’tibor qaratiladi;
akademiya — oliy ta’lim dasturini bajarishda oliy ta’lim berish bilan bir qatorda keyinchalik o‘qishlarini davom ettirishlari uchun aniq bir yo‘nalishga tayyorlaydi;
institut — barcha oliy ta’lim muassasalari kabi oliy ta’lim dasturini bajaradi, bilim berishda bir yo‘nalishga qaratilgan bilim beriladi.
Zamonaviy dunyoda ta’lim
Hozirgi kunda ta’lim tizimida jahon tajribasini o‘rganish va tatbiq qilish bizdagi ta’lim tizimini jahon standartlari darajasiga olib chiqish uchun zarur. Ta’lim sohasi global dunyoning tarkibiy qismi sifatida jamiyatda bo‘layotgan barcha o‘zgarishlarni hisobga olishi, ana shu asosda o‘z tuzilishi va faoliyat mazmunini o‘zgartirishi zaruriyatdir. Bu borada dunyoning yetakchi davlatlari
ta’lim tizimi tajribasini o‘rganish, ularni tahlil qilish va tatbiq etish lozim.
Garvard Universiteti – AQSHdagi eng qadimiy universitetlardan biri, dunyodagi eng yirik moliyaviy imkoniyatlarga va rivojlanish
fondiga ega ta’lim muassasasi. Bu oily dargohda 40 dan ziyod Nobel mukofoti sohiblari, shuningdek, ko‘plab siyosatchilar (masalan, Teodor Ruzvelt va Barak Obama) va omadli ishbilarmonlar (masalan, Bill Geyts va Mark Sukerberg) bilim olganlar.
Massachusets Texnologiya Institut i– aniq fanlar va texnologiyalar sohasida jahonda yetakchi mavqega ega bo‘lgan bilim yurti. Institutda tabiiy fanlar va muhandislik ishi bo‘yicha eng zamonaviy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazib kelinadi. Ushbu ilm dargohi siz va bizning hayotimizni o‘zgartira olgan kashfiyotlarga mualliflik qilgan 80 nafar Nobel mukofoti sohiblarini, shuningdek, ko‘plab olimlar, muhandislar va jamoat arboblarini yetishtira olgan.
Kembridj Universiteti – Yevropadagi eng qadimiy ilm maskanlaridan biri. Ushbu universitetga 1209 -yilda asos solingan bo‘lib, ko‘plab fan yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ulkan tajriba to‘plagan. Jahonda eng ko‘p, ya’ni 88 nafar Nobel mukofoti sohiblari aynan shu ta’lim maskanida bilim olgan.
Oksford Universiteti – Yevropaning eng qadimiy universitetlaridan biri hamda Britaniya ta’lim tizimining haqiqiy faxri. Bu yerda o‘qishni dunyodagi minglab yoshlar xohlashadi. Uning bitiruvchilari safida Lyus Kerrol, Djon Tolkin, Margaret Tetcher va Toni Bleyerni ko‘rish mumkin. Bu o‘quv dargohi o‘zining ming yillik an’analarini asrab-avaylaydi hamda ta’lim berishning yuksak mavqeyini egallab keladi.
London Universiteti – Londonda ochilgan dastlabki o‘quv muassasasi. Ko‘plab fan sohalaridagi eng zamonaviy ilmiy tadqiqotlar aynan shu universitetda o‘tkaziladi. Ushbu bilim yurtida o‘z vaqtida Aleksandr Bell (telefon ixtirochisi), Djon Fleming (elektron lampa ixtirochisi), Frensis Krik (DNK molekulasi tuzilishi tadqiqotchisi)lar ta’lim olganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |