Erkin A’zam “Otoyining tug’ilgan yili”, “Ko’k eshik”
“Otoyining tug‘ilgan yili” qissasi Erkin A’zamni keng kitobxonlar davrasiga o‘ziga xos yozuvchi sifatida olib kirdi. Qissa lirik ruhi, izchil realizmi, pishiq-puxta xarakterlari bilangina emas, hayotga, kishilarga, voqea-hodisalarga tanqidiy nigohi bilan diqqatni jalb etdi. Qissa qahramoni – Barno, Ra’no, Nazira, Vazira, Jovli, Rahmatilla, Muhiddinlarning kursdoshi; Ziyoxon Ahmadxonov, Dilora Jo‘raeva, Maxsumov, Ubaydullaev singari domlalarning talabasi; Beshog‘ochdagi bezori bolalar bilan mushtlashib, yuz-ko‘zi yorilgan bola. Xullas, Asqar Shodibekov Toshkentga keldiyu hammaga otning qashqasiday tanildi-qoldi. U o‘ziga xos yigit: g‘irromlik, soxtalik, maqtanchoqlik, tantiqlik bilan chiqisha olmaydi.
Asqar Shodibekov – yong‘oq. Ammo shaldir-shuldur qilaveradigan puch emas, mag‘zi to‘q, mazali yong‘oq. Ahmadxonov, masalan, talabalarga “Mashrabning oti nega Mashrab?” degan savolni beradi. Gulya, Zulya, Dilya, Jovliboy, Rahmatullalar javob izlaydilar. Asqar Shodibekovgina savol bema’niligini anglaydi. Avvalo, Mashrab – shoirning ismimas, taxallusi. Ikkinchidan, shoir Mashrab bo‘lgani bilan biron narsa o‘zgarib qoladimi? Asqar Shodibekov masala sirtida sirg‘almaydi, ildiziga boqadi. Ahmadxonovning beburd savoli sabab bo‘lib, u o‘zbek mumtoz adabiyotini sinchiklab o‘rganadi. Masalalar mohiyatiga kiradi.
Asqar Shodibekov – muhabbat yoshidagi yigit. Ammo unga Barno, Ra’no, Vazira, Naziralar yoqmaydi. Ular jiddiy fikr yuritishdan yiroq . Qizlar yaltir-yultir kiyimlari, antiqa talaffuzlari bilangina diqqatni jalb etadilar. Jovliboylar ham o‘ziga xos odamchalar. Ular zudlik bilan kechagi kunlarini unutishga, asl mohiyatlarini yashirishga intiladilar.
Asqar Shodibekov Beshog‘ochning zo‘rlari mohiyatini ham bir mushtlashuvdan keyin bilib oladi. U akasi, yangasi, Ubaydullaev domla, frantsuz tili o‘qituvchisi Dilora Jo‘raevagagina ixlos qiladi. Ular bilan samimiy gaplashadi. Asqar Shodibekov tasodifan Raxshona ismli qo‘shnisiga mehr qo‘yadi. Sirtdan Raxshona oddiygina, parishonxotirgina, chiroyi ham o‘rtachagina qiz. Ammo uning qalbida bir olam go‘zallik bor. Asqar Shodibekov qizni bir ko‘radi – e’tibor beradi. Ikki bor ko‘radi – qiziqishi ortadi. Uchinchi bor ko‘radi – sevib qoladi. Shu qizga uylanmoqchiligini akasiga ishonch, qat’iyat bilan aytadi.
Erkin A’zam uslubida kesatiq, piching seziladi. Uning kesatiqlari o‘ziga xos. Adib bu uslubni asardan-asarga qurchlatib bormoqda.
Erkin A’zam 1950 yil 10 avgustda tog‘li Boysunda tug‘ilgan. 1972 yil Toshkent Davlat universiteti (xozir O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Respublika radiosida muharrir, «Guliston» va «Yoshlik» jurnallarida bo‘lim muharriri, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va Sanat nashriyotida tahririyat mudiri bo‘ldi. 1992—1994 yillarda O‘zbekiston milliy axborot agentligida bosh direktori o‘rinbosari. 1995 yildan «Tafakkur» jurnali bosh muharriri I, II chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati.
«Chiroqlar o‘chmagan kecha» (1977), «Otoyining tutilgan yili» (1981), «Olam yam-yashil» (1984), «Javob» (1986), «Bayramdan boshqa kunlar» (1988), «Mir v svetax» (1999), «Pakananing oshiq ko‘ngli» (2001), «Kechikayotgan odam» (2002) to‘plamlari muallifi. Yozuvchi asarlari asosida «Chantrimore», «Piyoda», «Dilxiroj», “Suv yoqalab”, «Zabarjad», «Jannat qaydadir»“Parizod” filmlari suratga olingan. Asarlarini ruhan birlashtirib turadigan jihat-insoniy erk, xar qanday zo‘ravonlikka munsabat masalasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |