Ilk davlatlar haqidagi yozma manbalar
Qadimgi aholi
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyo hudularidan topilgan
piktografik belgi-yozuvlar bronza davriga oid bo‘lsa-da, ular hozircha
kam sonli bo‘lib, qadimgi jamiyat haqida to‘liq ma’lumotlar bera olmaydi.
Milloddan avvalgi V-IV asrlarga oid ayrim kam sonli topilmalar ham
(Xorazm, sak yozuvlari) to‘liq emas. O‘rta Osiyo hududlaridan milloddan
avval III-II asrlarga oid ko‘plab tanga pullar topilganki, ular qadimgi
tarixni o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Undan tashqari to o‘rta
asrlarga qadar yetib kelgan ko‘p sonli yozma manbalar ma’lumotlari ham
muhimdir.
O‘rta Osiyo hududlaridagi dastlabki davlat uyushmalari haqidagi
yozma manbalar - zardo‘shtiylarning muqaddas diniy kitobi “Avesto”,
ahmoniylar davri mixxat yozuvlari, yunon-rim tarixchilarining asarlari
hisoblanib, ularning barchasi yurtimizdan chetda bitilgan. Shuning uchun
ham ularda ba’zi hollarda chalkashliklar va noaniqliklar, bir-birini inkor
etish hollari uchrab turadiki, bu o‘rinda mavjud yozma manbalarni
arxeologik tadqiqotlar natijalari bilan solishtirish va tahlil etish nihoyatda
muhimdir. Arxeologik ma’lumotlar yozma manbalar ma’lumotlarini
kengaytiradi, ularga aniqlik kiritadi, tarixiy taraqqiyotning aniq
yo‘nalishlarini ko‘rsatib, ma’lum davr haqidagi tasavvurlarimizni yanada
boyitadi.
Vatanimiz tarixini o‘rganishidagi dastlabki yozma manba sifatida
“Avesto” katta ahamiyat kasb etadi. “Avesto” qachon va qayerda paydo
bo‘lganligi tadqiqotchilar orasida hamon bahslarga sabab bo‘lmoqda.
“Avesto” kitobi va zardo‘shtiylik dinining asoschisi Zaratushtra
53
(Zardo‘sht, yunoncha Zoroastr) paydo bo‘lgan va faoliyat ko‘rsatgan
hudud haqida “Avesto”da keltirilgan geografik hududlarni o‘rganib xulosa
chiqargan ko‘pchilik hozirgi tadqiqotchilar O‘rta Osiyo yoki hech
bo‘lmaganda bu hududga qo‘shni bo‘lgan shimoli-sharqiy Eron degan fikr
bildiradilar. Umuman olganda, “Avesto”ning vatani Xorazm yoki
Baqtriya deb hisoblovchi olimlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
“Avesto”ni fransuz olimi Anketil dyu Perron birinchi bo‘lib tadqiq
etgan. 1755-1761 yillarda dyu Perron Hindistonning Gujarat viloyatida
eron zardo‘shtiylarining avlodlari-parslarning urf-odatlari va diniy
marosimlari bilan tanishib chiqadi hamda 1771-yilda “Avesto”ni fransuz
tiliga tarjima qiladi. Dastlabki “Avesto” 21ta kitobdan iborat bo‘lgan.
Bizgacha “Avesto”ning Yasna - “qurbonlik keltirish”, Visprat - “Hamma
hukmronlar”, Yasht - “qadrlash”, Videvdat - “devlarga qarshi qonun”
qismlari saqlanib qolgan. Bu qismlar Sosoniylar davrida (III-VI asrlar)
tahrir qilingan.
“Avesto”da ahmoniylargacha bo‘lgan geografik, hududiy nomlar,
atamalar, ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar, siyosiy tarix, diniy falsafa va
turli ma’lumotlar saqlangan. Unda jumladan shunday deyiladi: “O,
Spitama Zaratushtra, yashaydigan joylarga, bu yerlarga baxtlik qancha
kam bo‘lsada, tinchlik tortiq qildim. Birinchidan, odamlar yashashi uchun
eng yaxshi mamlakatni, Vanxvi Datyo daryosidagi Aryonam Vayjoga
(Eron tekisligi yoki ariylar o‘lkasi) asos soldim.
Ikkinchidan, men, Axuramazda, eng yaxshi mamlakatlar va
o‘lkalardan bo‘lgan Gava So‘g‘da (So‘g‘diyona) makoniga asos soldim.
Uchinchidan, men, Axuramazda, eng yaxshi mamlakatlar va
o‘lkalardan bo‘lgan qudratli Mouruga (Marg‘iyona) asos soldim.
To‘rtinchidan, men, Axuramazda, eng yaxshi mamlakatlar va
o‘lkalardan bo‘lgan, baland bayroqlari bo‘lgan go‘zal Bahdiga (Baqtriya)
asos soldim”.
1
“Avesto”da tilga olingan juda ko‘plab mamlakatlar - O‘rta Osiyo va
O‘rta Sharq, Afg‘oniston, Eronning shimoli-sharqiy hududlari bilan
bog‘liqdir. Yasht qismlari ariylarning yerlari haqida quyidagicha e’lon
qiladi: “U mamlakatning jasur sardorlari ko‘pdan ko‘p harbiy yurishlar
qiladi, uning keng yaylovlarga ega, suvga serob tog‘larida chorva tinch
o‘tlov va yemish bilan ta’minlangan, bu yerdagi sersuv chuqur ko‘llar
to‘lqinlanib turadi, kema qatnaydigan keng daryolarning oqimi
1
Yozma manbalar haqidagi ma’lumotlar A.Sagdullayevning “Qadimgi O`zbekiston ilk yozma manbalarda”
(T., 1996) kitobidan olinib qisman tahrir qilindi.
54
Pourutadagi Iskta, Xaravaydagi Mouru, So‘g‘ddagi Gava va Xvarizam
tomoniga toshib intiladi”.
“Avesto” ma’lumotlariga ko‘ra, eroniy sulolalaridan bo‘lgan
Kayoniylar sulolasining so‘nggi vakillaridan biri Kavi Vishtasp
payg‘ambar Zaratushtraga homiylik qiladi. Zaratushtra yashab faoliyat
ko‘rsatgan davr haqida aniq fikr yo‘q. Tadqiqotchilar bu davrni mil.avv. II
ming yillik o‘rtalaridan milodiy I ming yillik o‘rtalarigacha belgilaydilar.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikrlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak,
Zaratushtra mil.avv. I ming yillikning birinchi choragida yashab faoliyat
ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar Kavi Vishtaspni Baqtriyada hukmronlik
qilganini e’tirof etadilar. Avesto ma’lumotlariga ko‘ra, Kavi Vishtasp
davrida davlat uyushmasi mavjud bo‘lgan. Misol uchun, Gatalarda
Zaratushtra kichik hukmdorlarni urushlarni to‘xtatishga, kuchli va odil
podsho qo‘l ostida birlashishga da’vat etadi. Aftidan, o‘sha paytdayoq
kichik mulklarning yagona podsho hukmronligi ostidagi nisbatan yirik
siyosiy uyushmalarga birlashuvi boshlanadi. Payg‘ambar Zaratushtra va
shoh Vishtasp fikrimizcha, bu birlashuvning tashabbuskorlari edilar.
Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mil.avv. II ming yillikka
kelib, O‘rta Osiyoning janubida Qadimgi Baqtriya va Marg‘iyona hamda
unga qo‘shni bo‘lgan hududlarda Baqtriya - Marg‘iyona arxeologik
majmuiga kiruvchi yuqori darajada rivojlangan madaniy yodgorliklar
guruhi mavjud edi. To‘g‘aloq, Gonur, Dashli, Oltintepa, Sopolli,
Jarqo‘ton, Tillatepa kabilar shular jumlasidandir. Ularning ko‘pchiligi
dastlabki shahar markazlari bo‘lib, ularda arki a’lo, shahriston, diniy
markazlar hamda shahar oldi hududlari mavjud edi. Ya’ni ular o‘sha davr
nuqtai nazaridan yetarli darajada rivojlangan shaharlar edi. Ko‘pchilik
tadqiqotlardan bizga ma’lumki, ilk shaharlar davlatchilik paydo
bo‘lishining muhim va asosiy belgisi hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlar
mil.avv. II ming yillik oxiri I ming yillik boshlari qadimgi Baqtriya
hududlarida davlatchilik ko‘rinishlari paydo bo‘la boshlaganidan dalolat
beradi. Ktesiy bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mil.avv. II ming yillikning
dastlabki asrlarida Baqtriya kuchli podsholik bo‘lib, mintaqada
hukmronlik mavqeini qo‘lga kiritish maqsadida Midiya va Ossuriya
o‘rtasidagi urushlarda ishtirok etadi.
Davlatchilik paydo bo‘lishining muhim belgilaridan biri jamiyatning
ijtimoiy tabaqalarga bo‘linishi hisoblanadi. Ko‘pchilik manbalardan bizga
ma’lumki, Avesto jamiyati quyidagi to‘rtta tabaqaga bo‘linadi: 1) qohinlar
(atravanlar); 2) harbiylar (ratayistralar); 3) dehqon-chorvadorlar (vastrya-
55
fshuyant); 4) hunarmandlar (xutlar). Jamiyatning bunday tabaqalashuvi
qadimgi, ya’ni zardushtiylikkacha bo‘lgan a’analarni o‘zida aks ettiradi.
Bu an’analar ayrim o‘zgarishlar bilan ko‘p asrlar, Avestodan keyingi
davrlarda ham saqlanib qoladi.
Dastlabki ikkita tabaqa ancha imtiyozlarga ega bo‘lib, jamiyatni
boshqargan. Ayniqsa, qohinlar juda yuqori mavqeda turganlar.
Zaratushtra o‘z g‘oyalarini targ‘ib etish jarayonida podsho Vishtaspning
eng yaqin odami va maslahtchisiga aylanadi. O‘sha davrdagi jamiyatning
har bir bo‘lagi (yacheykasi) – uy, qishloq, voha va viloyat – o‘lka ma’lum
unvoni bo‘lgan o‘z diniy yo‘lboshchisiga ega bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra,
davlatning bosh qohini «zaratushtrotem» unvoniga ega bo‘lgan. Undan
tashqari «zautara» (diniy qo‘shiqlar ijrochisi), «aturpat» (olov bosh
qohini), «xirpat» (ibodatxona va diniy tadbirlar boshlig‘i) kabi diniy
uvonlar ham mavjud bo‘lgan.
Podsho va uning yaqinlari kelib chiqqan harbiylar tabaqasining ham
mavqei baland bo‘lgan. Jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchilari va
moddiy yaratuvchilari dehqonlar, chorvadorlar va hunarmandlar edilar.
Avestoda qullar ham bir necha bor eslatib o‘tiladi. Ular tabaqalarga
kirmagan va aftidan, jamiyat hayotida unchalik katta rol o‘ynamagan.
Jamiyatning boshqaruv tartibi haqida Avestoda ma’lumotlar
saqlangan. Manbada keltirilishicha, oriylar o‘lkasi quyidagi to‘rtta
ma’muriy hududiy birlikka bo‘linadi: 1-patriarxal oilaga tegishli bo‘lgan
turar-joylar (nmana); 2-qishloqlar (vis); 3- tumanlar (zantu); 4-viloyat –
o‘lka (daxyu). Ushbu birliklarning har biri o‘z yo‘lboshchisiga ega
bo‘lgan: 1-nmanopati (uy boshlig‘i); 2-vispati (qishloq boshlig‘i); 3-
zantupati (tuman oqsoqoli); 4-daxyupati (viloyat –o‘lka yo‘lboshchisi).
Eng yirik uyushma «daxyusasti» (viloyatlar ustidan hukmronlik
yoki viloyatlar uyushmasi) edi. Bunday uyushmaning hukmdori «butun
daxyular daxyupatisi» deb atalgan. Qiyosiy tahlillar asosida ahmoniylar
davridagi «shohlar shohi» unvoni ushbu Avesto unvoniga borib
taqalashini taxmin qilish mumkin. Avestoda shuningdek, «kavi», «sastar»
va «xatra» kabi boshqaruv bilan bog‘liq bo‘lgan unvonlar ham uchraydi.
«Kavi» (forschada «kay») unvoni Avestoda ko‘p uchraydi. Bu unvon
nafaqat katta o‘lkalar podsholari, balki kichik mulklar hukmdorlariga ham
berilgan. Qal’alar, tumanlar va viloyatlar hukmdorlari «Sastar» unvoni
bilan atalgan. «Hokimiyat», «qudrat» ma’nolarini beruvchi «xshatra»
unvoni tumandan tortib o‘lkalar hukmdorlarigacha berilgan. Misol uchun,
Bexistun yozuvlarida podsho Doro I ushbu unvon bilan tilga olinadi.
56
Avestoda yig‘in yoki yig‘ilish ma’nosidagi «xanjmana» (yangi fors
tilida «anjuman») so‘zi uchraydi. Aftidan, dastlabki paytlarda podsho
hokimiyati saylab qo‘yilgan. Chunki, «Shohnoma» ma’lumotlariga ko‘ra
kayoniylar (kavilar) sulolasining asoschisi Kayqubod kavilar umumiy
anjumanida Eron podshosi qilib saylanadi. Avesto ma’lumotlariga ko‘ra,
podsho (daxyupati) bir vaqtning o‘zida bosh harbiy va bosh qozi (sudya)
hisoblanga. Podsho o‘zining harbiy drujinasiga ega bo‘lgan. Viloyat va
harbiy holatlarda bu drujinalar shoh ixtiyorida bo‘lgan.
Mil avv. VI asrning o‘rtalariga kelib Erondagi Ahmoniylar sulolasi
hukmdorlari Qadimgi Sharqdagi ko‘pgina mamlakatlar ustidan, jumladan,
O‘rta Osiyodagi Parfiya, Marg‘iyona, Baqtriya, So‘g‘diyona, Xorazm,
“Saklar o‘lkasi” ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatdilar. Ahmoniylar davrida
bitilgan mixxat manbalarda O‘rta Osiyo xalqlari va viloyatlari haqida turli
ma’lumotlarni uchratishimiz mumkin.
Bu yozuvlar mil avv. VI -IV asrlarga oid bo‘lib, Eron hududlarida,
xususan, Behistun va Naqshi Rustam qoyalarida, Suza, Persepol va
Hamadon shaharlaridan topib o‘rganilgan. Bular orasida eng muhimi
Behistun yozuvlari bo‘lib, u Doro I davrida yozilgan. Bu yozuvlarda Doro
I bosib olgan o‘lkalar sanab o‘tiladi. Shuningdek, bosib olingan
hududlarda forslarga qarshi qo‘zg‘olonlar haqida ma’lumotlar beriladi.
Suza shahridan topilgan yozuvlarda Doro I bunday e’lon qiladi:
“Suzadagi saroyni men bino qilganimda uning bezaklari uzoq yurtlardan
olib kelingan. Uaka yog‘ochi Gadxaradan, oltin - Sard va Baqtriyadan,
yaltiroq toshlar va lojuvard So‘g‘diyonadan, feruza-Xorazmdan, kumush
va bronza Araxoziyadan, tosh ustunlar - Elamdan yetkazib kelingan.”
Persepol shahridagi saroy devorlarida baqtriyaliklar, xorazmliklar,
so‘g‘dlar va saklarning o‘yib ishlangan rasmlari topilgan. Bu rasmlarda
So‘g‘diyona, Baqtriya, Xorazm va saklar o‘lkasidan bo‘lgan soliq
to‘lovchilarning ahmoniylarga turli xil buyumlar (hunarmandchilik,
tikuvchilik, zargarlik, harbiy qurollar) hamda qadimgi Sharqda mashhur
bo‘lgan otlar va tuyalarni soliq sifatida olib kelayotgani tasvirlangan.
Xullas, ahmoniylar davri yozuvlarida o‘lkamiz xalqlarining qadimgi
tarixiga oid quyidagi ma’lumotlar saqlangan: viloyatlar va xalqlarning
nomlari, ayrim siyosiy jarayonlar, saklar yurtiga qarshi yurishlar, iqtisodiy
tuzum va moddiy madaniyat ma’lumotlari.
Yunon-rim tarixchilaridan birinchi bo‘lib “tarixning otasi” Gerodot
(mil.avv. V asr) O‘rta Osiyo xalqlari haqida ma’lumotlar beradi. Gerodot
o‘zining mashhur “Tarix” kitobini mil. avv. 455-445 yillarda yozgan. Bu
o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, Gerodot O‘rta Osiyo viloyatlarining
57
birortasida ham bo‘lmagan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyodagi xalqlar,
viloyatlar joylashuvidagi nafaqat aniq, balki umumiy chegaralaridan ham
bexabar bo‘lgan. O‘rta Osiyo viloyatlari haqida esa, o‘zi eshitgan
hikoyalari, surishtirib bilganlari asosida yozgan.
Tadqiqotchilarning hisobiga qaraganda, Gerodot “Tarix” kitobida
Baqtriya, Baqtra, baqtriyaliklarni 13 marta, so‘g‘dlarni 2 marta,
xorazmliklarni 3 marta, saklarni 11 marta, massagetlarni 19 marta tilga
olib ularning moddiy madaniyati, urf-odatlari, dini va tarixi haqida hikoya
qilgan.
Gerodotning O‘rta Osiyo to‘g‘risidagi asosiy fikrlari forslarning
sak-massagetlarga qarshi yurishlari, Kir II va To‘maris o‘rtasidagi siyosiy
munosabatlar, ahamoniylar harbiy qo‘shinlari safida yurtimiz xalqlari
jangchilarining ishtiroki, ularning yarog‘-aslahalari, yo‘lboshchilari, fors-
yunon urushlarida ularning jasorat ko‘rsatganligi, xalqlarning ahmoniylar
davlatiga bo‘ysunishi va soliq tartibi, sak-massagetlarning turmush tarzi
va diniy e’tiqodi va boshqa ayrim ma’lumotlardan iborat.
Misol uchun Gerodot massagetlar haqida shunday xabar qiladi:
“Bug‘doyni massagetlar ekmaydilar, chorvachilik va baliqchilik bilan
(Araks daryosida baliq serob) shug‘ullanadilar hamda sut ichadilar.
Massagetlar ichida ulug‘langan yagona xudo - bu Quyoshdir, Quyoshga
ular otlarni qurbon qiladilar, chunki xudoga dunyodagi eng chaqqon -
tezchopar jonliqni qurbon qilish lozim deb o‘ylaydilar”.
Asli Kichik Osiyodagi Knid shahrilik bo‘lgan yunon tarixchisi
Ktesiy ahmoniylar podshosi Artakserks (mil.avv. 404-359 yy.) saroyida
tabiblik qilgan. Ktesiy qalamiga mansub “Persika” asarining katta bir
qismi baqtriyaliklar tarixiga bag‘ishlangan.
Ktesiy Ossuriya podshosi Ninning Baqtriyaga qilgan yurishlari,
Baqtriyaning poytaxti va ko‘p sonli mustahkam istehkom va shaharlar
haqida ma’lumotlar berib jumladan shunday yozadi: “Baqtriyadagi
ko‘pdan ko‘p shaharlar orasida Baqtra nomli mashhur bir shahar bo‘lgan.
Bu shahar mamlakatning markazi bo‘lib, ko‘p shaharlar o‘rtasida, baland
va mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, unda podsho qal’asi
joylashgan”.
Yana bir yunon muallifi Ksenofont “Kiropediya” nomli asarida
Ktesiy xabarlariga o‘xshash, Baqtra shaharlarining ossuriyaliklar
tomonidan qamal qilinishi to‘g‘risida ma’lumot beradi. Shuningdek,
Ksenofont Kir II va Baqtriya urushlari haqida ham yozadi.
Mil. avv. IV asrning ikkinchi yarmida makedoniyalik Iskandarning
Sharqqa qilgan yurishlari natijasida O‘rta Osiyodagi qadimgi viloyatlar
58
haqida ko‘plab yangi tarixiy-geografik ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyingi
antik davr mualliflari (Arrian, Kursiy Ruf, Strabon va b.) asarlaridagi
ma’lumotlar ilk antik davr mualliflarinikiga nisbatan kengroq berilgan.
Makedoniyalik Iskadar yurishlari haqida yozgan tarixchilar asarlarida
qadimgi O‘zbekiston viloyatlari, shaharlar, qal’alar, manzilgohlar, himoya
devorlari, xo‘jalik va madaniy hayot haqida kengroq va batafsilroq
ma’lumotlar olish mumkin.
Olib borilgan arxeologik va antropologik tadqiqotlar natijalari
qiyosiy tahlil etilar ekan, qadimgi davrdagi O‘rta Osiyo hududida
yashagan qadimgi aholi tarixini tadqiq etish bir necha sabablarga ko‘ra
katta ahamiyat kasb etishi kuzatiladi. Ushbu ahamiyatli holatni
quyidagicha izohlash mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |