36
Bu davr manzilgohlarini o‘rganib, bu davrda ikki xil madaniyat
hukm surgan deyish mumkin. Birinchisi - qadimgi qabilalar dehqonchilik
uchun qulay yerlarga joylashib yuksak dehqonchilik madaniyatini
yaratgan bo‘lsalar, ikkinchisi - xuddi birinchi madaniyat sohiblari
darajasida ishlab chiqaruvchi kuchlarga ega bo‘lgan holda dasht va tog‘
oldi yaylovlarda chorvachilik madaniyatini yaratganlar.
Bronza davri O‘rta Osiyoning ijtimoiy tuzumida ham o‘zgarishlar
sodir bo‘lib o‘tdi. Urug‘chilik tuzumi bu davrda ham davom etdi. Ammo,
bu davrda ona urug‘ining mavqei yo‘qolib bordi.
Metall eritish va
xo‘jalikning rivojlanishi natijasida jamiyatda erkaklar mehnat va mavqei
birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lib bordi. Natijada jamiyat
taraqqiyotida,
dehqonchilik,
chorvachilik,
ovchilik
va
hunarmandchilikning rivojlanishida erkaklar yetakchilik qiladilar.
Xotinlar erkaklar ishlab chiqargan narsalarni iste’mol qilishda ishtirok
etsalar ham, unga egalik qilishdan mahrum bo‘ladilar. Ishlab chiqarishda
hukmronlik qilish shu tariqa erkaklar qo‘liga o‘tadi va ona urug‘i tuzumi
o‘rnini ota urug‘i (patriarxat) tuzumi egallaydi.
O‘rta Osiyo hududlarida yozuv yaqin kunlarga qadar mil.avv. V-IV
asrlarda paydo bo‘lgan deb kelinar edi. So‘nggi
yillardagi tadqiqotlar
boshqacharoq xulosalar bermoqda. Xususan, 2000 yilda Janubiy
Turkmanistondagi Gonurtepa qo‘hna shahrida ochilgan qabrlarning
biridan mil.avv. III ming yillikka oid o‘yma sopol muhr topildi. Unda
mixxat yozuvlar bor edi. Janubiy Turkmaniston qadimiyatining bilimdoni
V. Sarianidi va amerikalik mutaxassis T. Sharlachlarning fikricha, bu
xildagi muhrlar faqat podsho atrofidagi, podsho saroyiga yaqin shaxslarga
tegishli bo‘lishi mumkin. Mesopotamiyadagi Sargon muhrlarini (mil.avv.
2250-2200 yy.) eslatuvchi Gonurtepa
muhri mahalliy xom ashyodan
tayyorlangan bo‘lib, undagi mixxat yozuvlar «Lukaks xo‘jalik va qullar
hukmdori», deb o‘qildi. Ushbu yozuv bu yerdagi bronza davridayoq
yakka hukmdor boshqaruvi va Mesopotamiya bilan o‘zaro aloqalardan
dalolat beradi.
Shuningdek,
so‘nggi
arxeologik
ma’lumotlarga
ko‘ra,
O‘zbekistonning janubidan ham piktografik belgi-yozuvlar topilgan.
Tadqiqotchi Sh.
Shaydullayevning fikricha, Jarqo‘ton yodgorligidan
sopollarga bitilgan 47 ta belgidan iborat yozuvning topilishi
ajdodlarimizning bronza davrida piktografik yozuvni yaratgani va o‘z
fikrini turli belgilarda ifodalaganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Sheroboddagi
G‘oz qishlog‘i yonidagi ilk temir asriga oid yodgorlikdan tosh o‘g‘ir (keli)
topilgan bo‘lib, uning sirtida umumiy soni 14 ta bo‘lgan piktorafik belgi-
37
yozuv mavjud. Sh. Shaydullayev bu belgini Misr iyeroglifikasi bilan
solishtirib ulardan biri «haqiqat», yana biri esa dunyoning aylanishi, ya’ni,
«charxpalak» deb o‘qilishi mumkinligini taxmin qiladi. Xullas, bronza
davri va uning oxirlariga kelib o‘lkamiz hududlarida yozuv paydo
bo‘lganligi ilmiy asoslanmoqda hamda keyingi tadqiqotlar bu masalaga
yanada oydinlik kiritishi shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: