Birgalik nisbat – ish-harakatning bir necha bajaruvchi tomonidan bajarilganligini bildiradi: borishdi, o`qishdi. Birgalik nisbat shakli unli bilan fe’l asosga –sh, undosh bilan tugagan fe’l asosga –ish qo`shimchasini qo`shish bilan hosil bo`ladi: borishdi, ishlashdi. Bordilar, keldilar shakli ko`plik shaklidagi aniq nisbatdagi fe’l sanaladi.
Ba’zan bir necha nisbat qo`shimchalari fe’l asosiga birdaniga qo`shiladi: yuvintirishdi. Bunday holda fe’l nisbati oxirgi nisbat qo`shimchasiga qarab belgilanadi.
FE’LLARNING VAZIFA SHAKLLARI
Fe’llar gapda boshqa so`zlar bilan bog`lanib, turli gap bo`laklari vazifasida keladi. Buning uchun fe’l turli shakllarga ega bo`ladi. Turli gap bo`laklari vazifasida kelish uchun xoslangan fe’l shakllari fe’lning vazifa shakllari sanaladi.
Fe’llarning to`rtta vazifa shakli mavjud: 1) sof fe’l shakli; 2) harakat nomi shakli; 3) sifatdosh shakli; 4) ravishdosh shakli.
Do'stlaringiz bilan baham: |