5-§.Yuridik faktlar huquqiy munosabatlar ham taraqqiyot qonuniyatlariga itoat etadi. Insonlar o‘rtasidagi aloqalarning yuridik shakli bo‘lmish son-sanoqsiz huquqiy munosabatlar muntazam ravishda paydo bo‘lib, o‘zgarib va barham topib turadi.
Huquqiy munosabatlar yuridik normalar asosida kelib chiqadi. Biroq, huquqiy normalar o‘z-o‘zidan, bevosita huquqiy munosabatlarni paydo qilmaydi. Normalar faqatgina huquqiy munosabatlar vujudga kelishining shartlarini, holatlarini va chegaralarini belgilab beradi. Huquqiy munosabatlarning mavjudligi yuridik faktlar, deb ataluvchi muayyan hayotiy hodisalar bilan bog‘liq. Yuridik faktlar huquqiy munosabatlarning zaruriy sharti, aniq talabi sifatida maydonga chiqadi.
XIV bob. munosabatlar
20–18-8
Xo‘sh, yuridik faktlar degani qanday hodisa? Turmushdagi barcha voqeliklar mana shunday hodisalar hisoblana oladimi? Chamasi, yo‘q. Hayotda turli-tuman faktlar, holatlar, shart-sharoitlar bor. Ammo, ularning hammasi ham yuridik fakt bo‘lavermaydi. Muayyan hodisa va holatlarni yuridik fakt deb e’tirof etish davlatning xohish-irodasiga bog‘liq. Yuridik fakt huquqiy munosabatni keltirib chiqaradi, tomonlarda huquq va majburiyat vujudga keltiradi. Huquqiy normalar ta’sirida u yoki bu hayotiy holatlar yuridik faktga aylanadi.
Yuridik faktlar – huquqiy normalar asosida huquqiy munosabatlarni vujudga keltiruvchi, o‘zgartiruvchi va barham toptiruvchi hayotiy hodisalardir. Yuridik faktlar huquqiy tizimda, huquqiy tartibga solish mexanizmida muhim rol o‘ynaydi va katta ahamiyat kasb etadi. Ular huquqiy norma bilan aniq huquqiy munosabat o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘indir.
Yuridik faktlar huquqiy normalar va huquqdorlik (huquq subyekti), subyektiv huquq va yuridik majburiyat bilan birgalikda huquqiy munosabatlarning zaruriy sharti hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq, har kim bilim olish huquqiga ega. Fuqaroning oliy o‘quv yurtiga kirib o‘qish huquqi amalga oshishi uchun u balog‘at yoshiga yetganligi hamda muomala layoqatiga egaligidan tashqari tegishli yuridik fakt mavjud bo‘lishi lozim. Bu yuridik fakt – uning kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirishi, tanlovdan o‘tishi va buyruq bilan o‘quv muassasasiga qabul qilinishidir. Ana shundagina talaba bilan o‘quv yurti ma’muriyati o‘rtasida huquqiy munosabat kelib chiqadi.
Yuridik faktlar huquq normalarida nazarda tutiladi, mustahkamlanadi. Masalan, nikohni FHDYo (ZAGS) idoralarida ro‘yxatdan o‘tkazish fakti – yuridik faktdir, chunki bu holat Fuqarolik kodeksi va Oila kodeksida mustahkamlangan. Ayni vaqtda, masjidda ham nikoh o‘qish faktlari (urf-odati) mavjud. Biroq, bu fakt qonunda nazarda tutilmagan. Shu bois, u yuridik fakt bo‘la olmaydi.
Yuridik faktlar xilma-xildir, ular mohiyatan bir necha turlarga bo‘linadi. Yuridik faktlar ular keltirib chiqaradigan huquqiy oqibatlarga qarab: huquqni yaratuvchi, huquqni o‘zgartiruvchi va huquqni bekor qiluvchi faktlarga bo‘linadi.
Ayni bir yuridik hodisa bir vaqtning o‘zida ham huquq yaratuvchi, ham huquqni o‘zgartiruvchi, ham huquqni bekor qiluvchi fakt bo‘lishi mumkin. Masalan, insonning o‘limi fakti meros huquqiy munosabatlarining kelib chiqishiga sabab bo‘la oladi, shu choqqacha mavjud bo‘lgan huquqiy munosabat ishtirokchilari tarkibi o‘zgarishiga olib keladi (ya’ni, o‘lgan shaxs bu munosabatdan chiqib ketadi), mavjud qator (oilaviy, mehnat, nafaqa) huquqiy munosabatlarning barham topishiga asos bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |