Aholining hududiy uyushishi va shu xudud chegaralarida ommaviy hokimiyatning amalga oshirilishi. Davlat tuzumigacha bo‘lgan kishilik jamiyatida individning u yoki bu uruqqa mansubligi qon-qarindoshlik asosida aniqlanardi. Buning ustiga, qat’iy belgilangan hududiga ega bo‘lmagan urug‘ jamoasi u yerdan-bu yerga ko‘chib yurardi. Davlatga uyushgan jamiyatda esa, aholining urug‘chilik asosida uyushishi o‘z ahamiyatini yuqotdi. Uning o‘rnini hududiy asosda uyushish prinsipi egalladi. Davlat qat’iy chegaralangan hududga ega bo‘lib, uning suveren hokimiyati faqat shu hududga tatbiq etiladi, unda yashaydigan aholi esa, yuzaga kelgan davlatning fuqarosiga aylanadi. Shunday qilib, yangi huquqiy institut – fuqarolik tobeligi paydo bo‘ladigan davlatning makondagi sarhadlari suveren hudud hisoblanadi. Ko‘rinib turibdiki, «Davlat – jamiyatning siyosiy-hududiy tashkilotidir. Davlat hududi – muayyan davlat suvereniteti ostida bo‘lgan, tarixiy voqelik, xalqaro bitimlarga muvofiq o‘rnatiladigan va mustahkamlanadigan hududdir»1.
Davlat hududi – uning yurisdiksiyasi tarqaladigan makon. Davlat o‘zining tegishli hududida suveren hokimiyatini amalga oshiradi va ularni boshqa davlatlar va ayrim guruhlarning hujumidan himoya qilish huquqiga ega. Muayyan davlatning tegishli qonunlari faqat o‘sha davlatning belgilangan hududida amal qiladi, boshqa davlatlar esa, undan mustasno hisoblanadi. Zero, qonunlarni makonda amal qilishi prinsipining mohiyati va mazmuni ham shundadir.
Hudud, odatda, ma’muriy hududiy deb ataladigan maxsus bo‘linishga ega bo‘ladi. Masalan, 1991-yil 20-noyabrda Oliy Kengash tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari, viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharlardagi tumanlar, qishloqlar, ovullar va shaharchalar ham O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy qismlari hisoblanadi. O‘zbekiston o‘z yurisdiksiyasini mazkur hududlarda amalga oshiradi. Davlat aholini ma’muriy-hududiy birliklarga ajratib, o‘z hokimiyatini ma’muriy-hududiy prinsip asosida amalga oshiradi.
Respublikamiz Markaziy Osiyoda, Amudaryo bilan Sirdaryo oralig‘ida joylashgan bo‘lib, uning hududi shimoliy-g‘arbda Turon past tekstligini, janubiy-sharqda Tyanshan va Oloy tog‘ tizimlarini, janubiy-g‘arbda Qizilqum cho‘llarining bir qismini egallaydi. Maydonining umumiy uzunligi 2355 kilometrni tashkil etadi. O‘zbekiston tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, 12 ta ma’muriy viloyat, 157 ta qishloq tumani, 123 shahar va 104 shahar tipidagi qo‘rg‘on kiradi. Davlatning ma’lum hududga egalik qilishi uning birinchi belgisidir. Davlat hududi yer, yer osti boyliklari, havo bo‘shlig‘i va hududiy suvlarni o‘z ichiga oladi va u faqat «qattiq yer»gagina bog‘lanishi mumkin emas.
Davlat hududida istiqomat qiluvchi va uning hokimiyatiga bo‘ysunuvchi odamlar uning fuqarolari hisoblanadi. Fuqarolar xalq vakili, jamiyat a’zolari sifatida umumiy madaniy jihatlari va tarixiy ongiga ko‘ra davlatga mansublik tuyg‘usiga ega bo‘lgan, nisbatan keng ijtimoiy guruh tarzida tavsiflanishi mumkin. Aholisiz davlat bo‘lmaydi, chunki muayyan hudud davlat deb tan olinsada, lekin bu davlat tomonidan qabul qilinadigan qonunlar ijrosini ta’minlovchi aholining bo‘lmasligi, uning go‘yo bir materik yoki qit’a singari hududiy birlik sifatida namoyon bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Davlat aholisi uning tuzulishiga ko‘ra bir millatdan tashkil topishi yoki ko‘p millatli bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat vakillari yashaydi, ular ijtimoiy mavqei, tili, dini, urf-odatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bo‘lib, hudud miqyosida birlashganlar. Bir davlat hududida mavjud turli milliy guruhlarga nisbatan yagona siyosiy hokimiyat tatbiq etiladi.
Mazkur borada davlatning fuqaroligi masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Fuqarolik – o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda javobgarlikning mavjudligida ifodalanadigan, davlat hududida yashovchi shaxslarning davlat bilan barqaror huquqiy aloqasi hisoblanadi. Bu shaxsning muayyan davlat ixtiyorida bo‘lishi, mamlakat ichida ham, uning tashqarisida ham davlatga mansub ekanligida namoyon bo‘ladi. Ushbu mansublik huquqiy hujjatlar (pasport) yordamida tasdiqlanadi. Fuqarolik deganda, insonni siyosiy-huquqiy tomondan davlat hududida va uning tashqarisida himoyalanishi, qonuniy muhofazalanishi tushuniladi.
Fuqarolik tushunchasi qadimiy Yunoniston va Rimda mavjud bo‘lsada, asosan, feodalizm inqirozga uchrab, jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayot demokratiya va bozor munosabatlariga o‘tayotgan bir bosqichda, hozirgi shaklda namoyon bo‘la boshladi. Ilk bor «shaharlik» so‘zi (fransuzcha «sutuayn», inglizcha «sitizen», ruscha «gorojanin-grajdanin» va hokazo) mustabid feodal munosabatlardan ozod degan ma’noni bildirgan. Mustaqillik e’lon qilinganidan so‘ng o‘zbek tilida o‘tmishdagi «grajdanlik» so‘zi o‘rniga «fuqarolik» degan atama qabul qilindi.
Davlatning yana bir muhim belgisi – ommaviy-siyosiy hokimiyatning ta’sis etilganligi. Ya’ni, siyosiy elita va jamiyatning qolgan qismi o‘rtasida mavjud hukmronlik va bo‘ysunish (hokimlik va tobelik) munosabatlarining mavjudligi.
Jamiyatda hokimiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy kabi turlaridan farqli o‘laroq davlat hokimiyati alohida mavqega ega. Davlat hokimiyati faqat ma’lum hududgagina tatbiq etiladi. Ibtidoiy jamoa tuzumidagi ijtimoiy hokimiyat esa, hududga bog‘liq bo‘lmay, faqat urug‘, qabila a’zolarigagina tatbiq etilar edi. Bu davlatning butun jamiyatni muayyan yo‘sinda boshqarish va majburlash qobiliyatini anglatadi.
Ommaviy-siyosiy hokimiyat irodasiga u ta’sir etuvchi hududdagi barcha itoat qilishi shart bo‘ladi. Ommaviy-siyosiy hokimiyat jamiyatning rivoji va ravnaqi manfaatlaridan kelib chiqib, uni boshqarishni amalga oshiradi. Ommaviy-siyosiy hokimiyat maxsus davlat apparati timsolida moddiylashadi, institutsiyalashadi. Uning ijtimoiyligi, ommaviyligi shundaki, davlat hokimiyati butun jamiyatga daxldor, davlat butun jamiyat (xalq) irodasini ifodalab, uning nomidan ish yurita oladi.
Ommaviy-siyosiy hokimiyat apparati, odatda, jamiyat hamda xalq manfaatiga xizmat qilishga safarbar etilgan. Ushbu apparatga qonun chiqaruvchi idora, hukumat, moliya organlari, boshqaruv organlari, sud idoralari, huquqni muhofaza etuvchi idoralar, qurolli kuchlarni boshqarish apparati, turma va jazoni ijro etish muassasalari kabilar kiradi. Davlat apparati davlat majburlovini qo‘llashda mutlaq huquqqa ega.
Davlatning muhim xususiyatlaridan biri uning suverenitetga egaligidir. Suverenitet – mamlakat ichkarisida va undan tashqarida (xalqaro maydonda) davlat hokimiyatining oliyligi, ustunligidir. Suveren hokimiyat – bu oliy, mustaqil, bo‘linmas, umumiy va uzviy, ya’ni ajralmas, begonalashtirib bo‘lmas hokimiyatdir. Davlat hokimiyatining suverenligi – uning mamlakat hududidagi barcha tashkilotlar, muassasalar, uyushmalar, partiyalardan ustunligi va ulardan mustaqilligidir.Davlat suvereniteti quyidagilarda ifodalanadi:
ichki va tashqi siyosat masalalarida mustaqil qaror qabul qila olishi;
davlat hokimiyatining mamlakat butun hududiga tatbiq etilishi va davlat organlarining barcha aholi uchun umumiy majburiy qarorlar qabul qilishi; – boshqa ijtimoiy-tashkiliy hokimiyatlar (partiyalar, jamoat birlashmalari, diniy tashkilotlar va boshqalar) ning qarorlarini bekor qila olishi.
Shu bois suveren davlat hokimiyati barcha fuqarolar uchun majburiy qonunlar qabul qiladi; qonun doirasida majburlov choralarini qo‘llaydi.
Shunday qilib, davlat – majburlov choralarini qo‘llashda qonuniy huquqqa ega bo‘lgan, tashkiliy rasmiylashgan hokimiyatni amalga oshiruvchi ijtimoiy qatlam tomonidan o‘rnatilgan yuridik tartib amal qiladigan muayyan hududda yashaydigan aholini o‘z qamroviga olgan siyosiy tashkilot.
Davlat – muayyan hududda oliy hokimiyatga ega bo‘lgan ommaviy-siyosiy tashkilot. Davlat hokimiyatining mohiyati jamiyat a’zolari irodasining hukmron ijtimoiy qatlam (sinf) irodasiga bo‘ysundirilishidadir. Davlat hokimiyati – ijtimoiy hokimiyatning bir turi bo‘lib, davlat-huquqiy tashkilotlar(organlar)da mujassamlashadi va jamiyat ustidan boshqaruvni amalga oshiradi. Davlat va huquq davlat hokimiyatini rasmiylashtiruvchi, amalga oshirilishini ta’minlovchi ijtimoiy institutlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |