3-§.Davlatning asosiy Yurisprudensiyada davlat belgilari belgilari masalasi huquqshunos olimlarning doimiy tadqiqot obyekti bo‘lib kelgan. Zero, davlat
jamiyatning siyosiy tizimiga kiruvchi boshqa tashkilotlardan o‘ziga xos bir qator belgilari bilan farq qiladi. Olimlarning davlat belgilari xususidagi fikrmulohazalari, dunyoqarashlari va yondashuvlari turlichadir.
«Oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi» nomli asar muallifi – F. Engels davlatning asosiy belgilari sifatida aholining hududiy bo‘linishi, ommaviy-siyosiy hokimiyat hamda soliqlar tizimining joriy etilishini ko‘rsatib o‘tgan. G.F. Shershenevich ham shunga o‘xshash uch belgi: «a) odamlarning birlashuvi; b) ular ustidan hukmronlik qiluvchi hokimiyat; v) shu hokimiyat ta’sir doirasidagi hudud»ni sanab o‘tgan.
Z.M. Islomov o‘z asarlarida davlatning umume’tirof etilgan belgilari sifatida fuqarolik, suveren hokimiyat, yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunlar, davlat funksiyasini bajarish uchun lozim bo‘lgan moddiy vositalar, mamlakatda qonuniylik va huquqiy-tartibotni o‘rnatuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar (sud, prokuratura, politsiya va h.k), hududiy yaxlitlikni ta’minlovchi qurolli kuchlarni sanab o‘tadi1.
Ba’zi ilmiy adabiyot va darsliklarda davlatning asosiy belgilari sifatida davlat suvereniteti, davlatning nomi, bayrog‘i, gerbi, poytaxti va konstitutsiyasining mavjudligi ham qayd etilgan. Biroq, bunday fikrlarni quvvatlab bo‘lmaydi. Davlat bayrog‘i, gerbi, madhiyasi belgi-xususiyat emas, balki davlatning ramzlaridir. Davlatning nomi uning mavjudligi va mohiyatini belgilaydigan omil emas. Davlatning poytaxti ham o‘zgarib turishi mumkin. Va nihoyat, konstitutsiya ham davlatning mavjudlik sharti emas. Masalan, Buyuk Britaniyaning konstitutsiyasi yo‘q, ammo u davlatlik sifatlarini yo‘qotgan emas. Konstitutsiyalar paydo bo‘lgunga qadar ham davlatlar mavjud bo‘lgan.
Davlat belgilari xususida huquqshunos olimlarning fikr va mulohazalari, yondashuvlari turli-tumanligi fanni boyitishga va bu sohadagi bilimlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Zero, fandagi ilmiy yangiliklar o‘zaro ilmiy bahs va munozaralar natijasida shakllanadi.
Davlatning asosiy belgilari, uning jamiyatdagi turli nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy-siyosiy tizimning boshqa qismlaridan farqlarini ochishga imkon beruvchi jihatlari hisoblanadi. Davlatning belgilari sifatida kishilik jamiyati uyushgan davlat tashkilotining barqaror, qat’iy umurtqasini ifodalovchi jihatlari maydonga chiqadi. Ular jamiyat rivoji bilan hamohang tarzda mazmunan boyib boradi, eski funksiyalar barham topib, yangi idoraviy tuzilmalar va funksiyalar vujudga kelaveradi.
Davlatni boshqa jamoat tashkilotlaridan ajratib turuvchi asosiy belgilari hudud, fuqarolar, ommaviy hokimiyat, yagona soliq tizimi kabilar bo‘lib, mazkur belgilarsiz davlat muayyan mavjudlik kasb eta olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |