Sivilizatsiyaviy (ma’rifiy) yondashuv formatsiyali yondashuvni to‘liq rad etmagan holda, davlat tipologiyasini mamlakatlar erishgan taraqqiyot darajasiga bog‘liq ekanligiga asoslanadi. Sivilizatsiyaviy yondashuv sinfiy yondashuvdan ancha keng. Ma’rifiy tipologiyada davlat sivilizatsiya mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
Bu yondashuvning ko‘zga ko‘ringan vakili A. Toynbidir. Uning fikricha, sivilizatsiya – jamiyatning milliy, diniy, jug‘rofiy va boshqa belgilarining yaxlitligi bilan ajralib turadigan muayyan holatidir. Unga binoan, davlatlar xronologik, genetik, jug‘rofiy, hududiy, diniy, iqtisodiy asoslar va hokazo mezonlarga ko‘ra tiplarga ajratiladi.
Davlatlarni hududlarining hajmiga qarab katta, o‘rta va kichik davlatlarga bo‘lish mumkin. Katta hududli davlatlarga Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Xitoy, Hindiston va Meksika kabi davlatlarni misol qilsak, o‘rta hajmli hududdagi davlatlarga O‘zbekiston, Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarni olish mumkin. Kichik davlatlar qatoriga Kipr, Daniya, Vatikan kabi davlatlarni ko‘rsatish mumkin. Davlatni izohlashga tarixiy nuqtayi nazardan yondashuv asosida ularni qadimiy, o‘rta asr va hozirgi zamon davlat turlariga ajratsa bo‘ladi.
Qadimiy davlatlar Yevropada milodgacha IX-VII asrlarda mavjud bo‘lgan. O‘rta Osiyo hududida ilk davlatlar sifatida dastlab Katta Xorazm, So‘g‘d, Qang‘ va Baqtriya davlatlari paydo bo‘lgan. O‘rta asrlarga O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan va rivojlangan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Ashtarxoniylar davlatlari misol bo‘la oladi. Hozirgi zamon davlat turlari sifatida, ayni vaqtda, rivojlanayotgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy kabi davlatlarni ta’kidlab o‘tish mumkin.
Tarixiy va madaniy rivojlanishiga ko‘ra esa davlatlar dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi (agrar) va sanoat bilan shug‘ullanuvchi (industrial) davlatlarga bo‘linadi. Agrar davlatlarning aksariyati Osiyo hududida joylashgan bo‘lib, ushbu davlatlar xalqlarining turmush tarzi va hayot kechirish manbayi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanishga moslashgan. Sanoat bilan shug‘ullanuvchi davlatlar sifatida ko‘proq Yaponiya, AQSh va Yevropa mamlakatlarini qayd etish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi sanoatlashgan agrar davlat tipiga kiradi.
Ma’rifiylik tavsifiga ko‘ra, davlatlar – Sharq va Fapb tiplariga bo‘linadi. Sharq davlatlariga Osiyo hududida joylashgan davlatlarni G‘arb davlatlariga – Yevropa mintaqasi mamlakatlarini ko‘rsatish mumkin.
Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yillik yalpi ichki mahsulotning (YaIM) hajmi bo‘yicha yuksak darajada rivojlangan (Shvetsiya, Shveysariya, Yaponiya, Amerika), o‘rta darajada rivojlangan (Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston) va «qashshoq» (Efiopiya, Nigeriya, Kongo, Somali) davlatlarga bo‘linadi.
Ma’rifiy tipologiyaning ijobiy jihatlari, birinchidan, ma’lum sharoitlardagi madaniy omillar tipologiyaning asosiy mezoni qilib olinadi, ikkinchidan, ma’naviy mezonlarning ko‘pligi, muayyan sivilizatsiyaning o‘ziga xos xususiyatlari tipologiyani aniq amalga oshirishga imkon beradi.
6–18-8
Do'stlaringiz bilan baham: |