Mutlaq monarxiya boshqaruv shaklida davlat boshlig‘i hokimiyatdan muddatsiz, ya’ni umrbod foydalanadi, taxtni meros yoki qarindoshlik senzi bo‘yicha egallaydi hamda o‘z xatti-harakatlari uchun qonun yoki biror davlat organi oldida javobgar bo‘lmaydi, balki faqat xudo oldida mas’uliyatning mavjudligida namoyon bo‘ladi. Mutlaq monarxiyaning o‘ziga xos yana bir xususiyati shundaki, mazkur boshqaruv shakliga asoslangan davlatlar qonunlarida davlat boshlig‘i, ya’ni monarx tomonidan qabul qilingan qonun yoki boshqa turdagi huquqiy hujjatning biror-bir shaxs tomonidan bajarilmasligi holatida u faqat yuridik javobgarlikka tortilibgina qolmay, balki monarx xudoning yerdagi vakili hisoblangani uchun uning amrini bajarmaslik katta gunoh sanaladi va xudoning qahriga uchraydi hamda inson o‘limidan so‘ng narigi dunyoda xudo oldida ham javob berishi haqida uqtiriladi. Monarx hokimiyati ilohiylashtirilgan shaklda namoyon bo‘ladi.
Cheklangan monarxiyada mutlaq monarxiyadan farqli ravishda monarx hokimiyatining vakolatlari konstitutsiya va qonun asosida yoki davlatning biron-bir vakolatli idorasi tomonidan cheklangan bo‘ladi. Cheklangan monarxiya, o‘z navbatida, dualistik va parlamentar turlarga bo‘linadi.
Dualistik monarxiya davlatlariga Saudiya Arabistoni, Quvayt, Nepal kabi davlatlar kiradi. Dualistik monarxiyada hokimiyat monarx va parlament o‘rtasida bo‘linadi. Lekin bu bo‘linish noteng bo‘lib, unda monarx hokimiyati cheklangan bo‘lsa-da, parlament qabul qiladigan birorta ham qonun monarx roziligisiz kuchga kirmaydi. Ijro hokimiyati esa to‘laligicha monarx va u tayinlaydigan hukumat qo‘lida jamlanadi. Boshqaruvning bunday shakli XIX asr va XX asrning boshlarida ancha keng tarqalgan edi (jumladan, Germaniya birlashtirilgandan keyin 1871-yilda qabul qilingan Konstitutsiya bo‘yicha shunday boshqaruv shakllangan edi). Bugun rivojlangan G‘arb mamlakatlarida boshqaruvning bunday shakli mavjud emas. Faqat Lixtenshteyn bundan mustasno bo‘lib, 1921-yilgi Konstitutsiyaga bu yerda 2003-yilda o‘zgartirishlar kiritilgan. Yaqin Sharqning bir necha mamlakatlarida, masalan, Iordaniya va Marokashda esa, dualistik monarxiya hali ham mavjud.
Dualistik monarxiyalarda saylanadigan vakillik organi – parlament (har bir davlatda turlicha nomlanadi, masalan, Iordaniyada «majlis») faoliyat yuritadi. U qonunlar qabul qilish va budjetni ma’qullash huquqiga ega.
Monarx tomonidan tayinlanadigan hukumat faqat uning oldida javobgar sanaladi. Hukumatning parlament oldida mas’ulligi, javobgarligi instituti dualistik monarxiyalarda mavjud bo‘lmaydi. Monarx parlamentni tarqatib yuborish, favqulodda dekretlar chiqarish va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish huquqiga ega. U qurolli kuchlarning oliy bosh qo‘mondonidir.
Dualistik monarxiya mutlaq monarxiyadan parlamentar monarxiyaga o‘tishda oraliq, o‘tish shakli bo‘lib, hukmdor bilan bir qatorda, mutlaq monarxiya uchun xos bo‘lmagan boshqa oliy davlat hokimiyat organlari – parlament va hukumatning mavjudligida namoyon bo‘ladi. Amaldagi va yuridik hokimiyat monarx tuzadigan hukumat va qonun chiqaruvchi idora hisoblangan parlament o‘rtasida bo‘linadi.
Dualistik monarxiyaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, parlament (yoki uning bir palatasi) va hukumat a’zolari hukmdor tomonidan tayinlanadi va uning oldida shaxsan javobgar bo‘ladi. Ushbu monarxiya shaklida davlat boshlig‘ining vakolatlari qisman cheklangan bo‘lsada, ammo u aslida davlat boshlig‘i funksiyasini amalga oshiradi. Hukumatni tuzish parlamentning partiyaviy tarkibiga bog‘liq emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |