2-§.Davlat boshqaruvi Davlatning mohiyatini tushunishda shakli davlat boshqaruvi shakli alohida ahamiyatga
ega. Boshqaruv shakli davlat hokimiyatini
tashkil etish tartibi va mazmunini anglatadi.
Davlat shakllarini o‘rnatish masalasiga turli nuqtayi nazarlardan turib yondashish mumkin. Ilmiy-tahlil (gnoseologik) yondashuvi davlat shakllarini o‘rganishda davlat shakllari bilan uning tuzilishi hamda mohiyati o‘rtasidagi aloqadorlikni ochib beradi. Bu masala bilan asosan davlat va huquq nazariyasi fani shug‘ullanadi.
Davlatning tashkil topish chog‘idagi shart-sharoitlar (masalan, AQSh davlati hududiy-siyosiy qurilishining federativ shakli), tarixiy an’analar (Buyuk Britaniyadagi monarxiya), ichki siyosiy kuchlar kurashi (qator Afrika davlatlarida davlat shakllarining bir necha marta o‘zgartirilishi), jamiyat ma’naviy – mafkuraviy tizimida diniy-axloqiy qadriyatlarning hukmronlik qilishi (Erondagi teokratik respublika) kabilar davlat shakliga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu jarayonga subyektiv omil ham ta’sir etishi mumkin. Masalan, general Sharl de Golning Fransiyadagi Beshinchi Respublika institutlariga ko‘rsatgan ta’sirini eslashning o‘zi kifoya.
Davlat shakli tushunchasi davlat hokimiyatini tashkil etishning eng muhim jihatlarini qamrab olganligi bois, o‘z mazmuniga ko‘ra ancha murakkab hodisadir. Bu tushuncha qaysi organlar davlat hokimiyatini ifoda etishini, bu organlarning shakllanish tartibini, ular vakolatlari ko‘lami va muddatlarini, davlat organlari (mahalliy va markaziy organlar) o‘rtasidagi munosabatlarni, va nihoyat, davlat hokimiyatini amalga oshirishning usul va vositalarini qamrab oladi.
Jamiyat boshqaruvi tashkil etishning qaysi jihati tadqiqot obyekti ekanligiga ko‘ra, davlat shaklining uch elementi bir-biridan farqlanadi: birinchidan, boshqaruv shakli; ikkinchidan, davlat tuzilishi (hududiy-siyosiy) shakli; uchinchidan, siyosiy (davlat – huquqiy) rejim.
Davlatning mohiyatini tushunishda davlat boshqaruvi shakli alohida ahamiyatga ega. Boshqaruv shakli davlat hokimiyatini tashkil etish tartibi va mazmunini, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmini anglatadi.
Davlat boshqaruvi shakli insoniyatni qadimdan qiziqtirib kelgan. Bunda davlatni kim boshqaradi, davlat qanday boshqariladi degan masalalarga va uning boshqarish shakllariga Aflotun, Arastu, Forobiy, Monteskye, Lokk, Russo va boshqa mutafakkirlar o‘z asarlarida alohida e’tibor qaratganlar. Boshqaruv shakli deganda, oliy davlat hokimiyati, uning idoralari aholi bilan o‘zaro munosabati, aholining ushbu idoralarni shakllantirishda ishtirok etish darajasi tushuniladi.
Boshqaruv shakliga ko‘ra, davlatlar monarxiya va respublikaga bo‘linadi. «Monarxiya» yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib («monos» – bir, «arhe» – hokimiyat), yakka hukmronlik, yakka hokimiyatchilik degan ma’noni anglatadi.
Monarxiyaning quyidagi belgilari mavjud:
monarx davlatni shaxsiylashtiradi;
monarx tashqi va ichki siyosatda davlat boshlig‘i hisoblanadi;
monarx davlatni o‘zi yakka boshqaradi;
monarx hokimiyati muqaddas va daxlsiz deb e’lon qilinadi;
hokimiyatni o‘rnatish va qabul qilishning alohida tartibi mavjud;
monarx o‘z boshqaruv faoliyati natijasi uchun yuridik jihatdan javobgar bo‘lmaydi.
Monarxiya oliy hokimiyat xalq tomonidan saylab qo‘yilgan organlarga emas, balki meros tariqasida egallagan podsho-hukmdorga tegishli bo‘ladi. Monarxiya boshqaruv shakliga asoslangan davlatlarda mamlakat boshliqlari imperator, xon, podsho, sulton, qirol, qirolicha, amir, shoh va boshqa shu kabi nomlar bilan ataladi.
Monarx davlatni tanho hokimlik asosida boshqaradi. Albatta, bu davlatning barcha ishlarini uning bir o‘zi hal etar ekan, degan ma’noni bildirmaydi. Turli davlat organlarida xizmat qiluvchi ko‘p sonli maslahatchilar, vazirlar, amaldorlar davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etadi. Ayni paytda, eng muhim davlat ishlari bo‘yicha monarxning o‘zi hukm chiqarishiga to‘g‘ri keladi. U davlat hokimiyatining to‘laqonli suveren egasidir. Monarx hokimiyati oliy maqomga ega bo‘lib, u mustaqildir. U – davlatdagi oliy hokimiyat sohibidir. Monarxiya hokimiyati vorislik asosida bir avloddan ikkinchi avlodga meros bo‘lib o‘tadi. Hokimiyatni bir shaxsdan ikkinchisiga o‘tishiga xalqning hech qanday aloqasi bo‘lmaydi, hokimiyatning hukmdor tomonidan egallanishi va uning faoliyat ko‘rsatishi maxsus marosimlar orqali amalga oshiriladi. Monarx muddatsiz, umrbod hokimiyat egasi hisoblanadi. Lekin, monarxlar ag‘darib tashlanganligi, o‘ldirilganligi, boshqa kishilar bilan almashtirilganligiga tarixda misollar ko‘p. Monarx siyosiy boshqaruvda mas’uliyatdan ozod hisoblanadi, ya’ni u o‘z boshqaruvi natijalari uchun yuridik va siyosiy javobgar hisoblanmaydi. Hukmdor qoidaga ko‘ra, qurolli kuchlarning bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Masalan, 1809-yildagi Shvetsiya davlat boshqaruvi to‘g‘risidagi qonunda Qirolning xattiharakatlari qonunga kirmaydi, deb ko‘rsatilgan.
Monarxiyaning uch turi mavjud: mutlaq monarxiya, cheklangan monarxiya va noan’anaviy monarxiya.
Davlat hokimiyati boshqa bironta idora vakolatlari bilan yoki qonunlar asosida cheklanmagan holda amalga oshirilsa, bunday monarxiya mutlaq monarxiya deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |