Parlamentar monarxiyada hokimiyat hukmdor bilan birga davlat hokimiyatining oliy organlari – parlament, hukumat va boshqa organlar o‘rtasida taqsimlangan bo‘ladi. Parlament xalq tomonidan ko‘ppartiyaviylik asosida saylash yo‘li bilan shakllantiriladi. Hukumatni parlamentda ko‘pchilik o‘rin egallagan partiya tuzadi, xuddi parlamentar respublikada bo‘lganidek, saylov natijalariga ko‘ra hukumat parlament oldida hisob beradi. Eng ko‘p deputatlik mandatiga ega bo‘lgan partiya rahbari huqumatga boshchilik qiladi.
Parlamentar monarxiyada hokimiyatning taqsimlanishiga amal qilinadi. Hukmdor siyosiy hayotda ishtirok etadi, lekin uning hokimiyat funksiyalari juda kam bo‘lib, tantanavor marosimlar xususiyatiga ega (hukumatning o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishini qabul qilish, xalqaro munosabatlarda davlat nomidan vakillik qilish, davlat nishonlarini taqdim etish va hokazo). Faqat ba’zi bir parlamentar monarxiya davlatlarida hukmdor qo‘lida davlatni boshqarishning real vositalari mavjud (masalan, Buyuk Britaniyada qirolicha parlamentni tarqatib yuboradi, u ayni vaqtda, sud hokimiyati va cherkov boshlig‘i hisoblanadi), lekin amalda hokimiyatni boshqarish vositalari qo‘llanilmaydi. Qonunlarni parlament qabul qiladi va monarx tomonidan imzolangach yuridik kuchga kiradi. Bunday imzolash ramziy ma’noga ega.
Parlamentar monarxiya dualistik monarxiyaga qaraganda boshqaruvning ancha keng tarqalgan shakli. Bugun Buyuk Britaniya, Belgiya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Ispaniya, Yaponiya va boshqa ko‘pgina davlatlarda parlamentar monarxiya mavjud. Davlatni boshqarishda monarxning real hokimiyatga ega emasligi parlamentar monarxiyaga xos xususiyatdir. Uning, ya’ni monarxning vakolatlari asosan vakillik xususiyatiga ega. Bundan tashqari, u barcha muhim davlat hujjatlarini imzolab, o‘ziga xos davlat «notariusi» vazifasini ham bajaradi.
Bunda monarx vakolatlari hujjatlar tayyorlanishi to‘g‘riligini rasmiy tekshirish bilan chegaralanadi. Odatda, muayyan hujjat mazmunini o‘zgartirishga monarx o‘zicha erisha olmaydi. Shu bois, «monarx javobgar emas» (monarx o‘z faoliyati uchun siyosiy va yuridik javobgar sanalmaydi) prinsipidan kelib chiqqan holda monarx imzosi yonida bosh vazir yoki mas’ul bir vazirning imzosi talab etiladi. Monarx imzolayotgan barcha hujjatlar amalda hukumat tomonidan tayyorlanadi. Monarx qonunchilik hujjatlariga ham imzo chekadi, lekin u parlament qabul qilgan qonunlarga nisbatan veto qo‘llash huquqiga ega emas.
Parlamentar monarxiyaning hammasida ham monarxlarning vakolatlari bir xil emas. Ayrim davlatlarda u davlat faoliyatida ishtirok etishdan mutlaqo chetlatilgan bo‘lsa, ayrimlarida (masalan, Shvetsiya) tashqi ishlar bo‘yicha vakil sanaladi. Ayrimlarida monarx (masalan, Ispaniyada 1978-yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga binoan qirol ispan armiyasining bosh qo‘mondonidir) ancha keng vakolatlar egasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |