XXV bob. DАVLАT VА HUQUQ NАZАRIYASINING DOLZАRB
MUАMMOLАRI VА MILLIY HUQUQSHUNOSLIKNING
USTUVOR VАZIFАLАRI
Davlat va huquq Mustaqil davlat sifatidagi taraqqiyotimiz 1-§.nazariyasining mobaynida milliy huquqshunoslik fani shaklzamonaviy holati landi va tadrijiy rivoj topmoqda. Huquqtahlili shunoslik fani ijtimoiy ong shakllaridan biri
sifatida jamiyat hayotining huquqiy qiyofasi,
ichki mantig‘i, rivojlanish qonuniyatlarining in’ikosi. Boshqacha aytganda, davlat-huquqiy voqelikning, yuridik hayotning ilmiy ifodalanishi, nazariy talqinidir. U yangi huquqiy doktrina asosida qaror topdi.
Zamonaviy huquqiy doktrina – yangicha demokratik huquqiy tafakkur mahsuli, ilg‘or huquqiy qarashlar, nazariy umumlashma hamda qoidalar tizimi. Huquqiy doktrina – muayyan tizimga keltirilgan ta’limot, tarkibiy qismlari bir-biri bilan chambarchas bog‘langan konsepsiya, tamoyillar yig‘indisi1. Hozirgi O‘zbekiston huquqiy tizimining o‘zagini tashkil etayotgan huquqiy doktrina tabiiy huquq ta’limoti, umuminsoniy, umumbashariy huquqiy qadriyatlar bilan xalqimizning bir necha ming yillardan beri sayqallanib kelayotgan tarixiy, milliy, huquqiy va ma’naviy qadriyatlarining hamohangligi asosida yaratildi.
Milliy huquqshunoslik huquqiy ong va huquqiy tafakkurning qaror topishi hamda rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. U o‘z nufuzi va maqomiga ko‘ra ijtimoiy-siyosiy va huquqiy hayotni chetdan kuzatuvchi, shunchaki o‘rganuvchi, hisobini yurituvchi «betaraf nozir» emas, balki islohotlar jarayonini ilmiy baholovchi, izohlovchi va o‘z tavsiyalarini ishlab chiquvchi huquqiy tizimning uzviy bo‘g‘ini tarzida maydonga chiqmoqda.
Huquqshunoslik fani – davlat va huquqning barcha jihatlarini o‘rganish asosida hosil qilinadigan ilmiy bilimlar tizimidir. Yanada mufassalroq tavsiflansa, huquqshunoslik o‘ta murakkab ijtimoiy hodisalar bo‘lmish davlat va huquqning vujudga kelishi, rivojlanishi istiqboli, mohiyati, vazifasi va funksiyalarining namoyon bo‘lish qonuniyatlarini, huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash va huquqni muhofaza etish jarayonlarini, yuridik qonunlarni yaratish, nizolarni huquqiy hal etish tizimi hamda tartib-taomillarini o‘rganuvchi, huquqiy tafakkur va dunyoqarashni shakllantiruvchi fandir. Zamonaviy huquqshunoslikning tahlil
1 Qаrаng: Fаlsаfа. Qоmusiy lug‘аt. – T., 2004. – 144-bet.
33–18-8
doirasiga, shuningdek, davlat hokimiyatini oqilona tashkil etish, demokratiyani rivojlantirish, inson huquqlarini ta’minlash, huquqiy tizimni liberallashtirish, qonunchilik va yuridik amaliyotni takomillashtirish, huquqiy madaniyat va tarbiyani yuksaltirish kabi muammolarini tadqiq etish kiradi.
Huquqshunoslik predmeti hajmdor, anchagina murakkab va serqirra. Uning mazmunini yuridik bilimlar (huquqiy xususiyatga ega masalalar majmui talqini) yuridik voqeliklar mushohadasi nuqtayi nazaridan quyidagi uch elementdan iborat tarzda tavsiflash mumkin:
davlat va huquqning qonuniyatlari;
davlat hokimiyati hamda huquq tizimini tashkil etuvchi tarmoqlarning normativ-yuridik mazmuni;
yurisprudensiyaning texnologiyalari, ya’ni: yuridik texnika, huquq yaratish, uni qo‘llash, sharhlash, muhofaza qilish amaliyotidagi vosita va usullar.
Huquqshunoslik nafaqat nazariy bilimlar tizimi, balki davlat-huquqiy amaliyotni tahlil etuvchi fan sifatida salmoqli amaliy salohiyatga hamda hayotiy ahamiyatga ega. Yuridik amaliyotda faoliyat yurituvchi xodimlar (sudya, prokuror, tergovchi, yuristkonsultant) yuksak huquqiy tafakkur qobiliyatiga va tegishli bilimga (qonunchilikni mukammal bilish), yuqori huquqiy madaniyatga, yuridik texnikani qo‘llash ko‘nikmalariga hamda amaliy tajribaga ega bo‘lishi lozim. Аmaliyotchi yuristlar har qanday masalani hal etishda yuridik qadriyatlardan, adolat tamoyillari va huquq prinsiplaridan kelib chiqishi; huquqiy tartibga solishning sinalgan mexanizmlaridan foydalana olishi; real fakt (muammoli vaziyat)larni yuridik tushuncha va nazariy konstruksiyalar orqali talqin eta olishi lozim.
So‘nggi yillarda huquqshunoslikning holatiga oid o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, fanning ildam rivojlanishiga halal berayotgan omillar va muayyan kamchiliklar mavjud. Bular qatorida quyidagilarni e’tirof etish mumkin:
Huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning gnoseologik va metodologik asoslari bo‘sh, dissertatsiyalarning ilmiy apparati hamda tahlil saviyasi ancha sayoz.
Tadqiqotlarda ilmiy bahs va munozara deyarli yo‘q, borlari ham nisbatan yuzaki. Ko‘pincha muallifning mustaqil pozitsiyasi, nuqtayi nazari aniq ko‘rinmaydi.
Ilmiy izlanish va ishlanmalarimiz mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan, modernizatsiyalash jarayonlaridan ortda qolmoqda. Ba’zi kvaziilmiy taklif va tavsiyalarimiz amaliyot uchun ahamiyatsiz yoki kam ahamiyatli bo‘lib qolmoqda.
Dissertatsiya tadqiqotlari bilan yuridik (ijtimoiy) amaliyot o‘rtasida muayyan uzilish mavjud, ya’ni ilmiy ishlarning empirik bazasi bo‘sh, ularning aksariyati sotsiologik tadqiqotlarga asoslanmaydi. Ilmiy tavsiyalarning amaliyotga joriy etilish mexanizmlari takomillashmagan.
Yuridik ta’lim jarayonini huquqshunoslik ilmining so‘nggi yutuqlariga asoslanib, davlat ta’lim standartlariga muvofiq tayyorlangan maxsus adabiyotlar bilan ta’minlash borasida ham jiddiy oqsash mavjud.
Davlatchiligimiz va huquqiy tizimimizda jo‘shqin islohotlar amalga oshayotgan, jamiyatimiz demokratik tarzda yangilanayotgan hozirgi pallada ro‘y berayotgan barcha voqea va jarayonlarni huquqiy mushohada etish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish ehtiyojini aniqlash va ularni yuridik tilda ifodalash o‘zbek huquqshunoslik fanining muhim vazifasidir.
Huquqshunoslik fanining bugungi kundagi asosiy vazifasi, avvalo, O‘zbekistonda qaror topayotgan yangi demokratik davlatchilikning mohiyatini, uning kelgusida huquqiy davlatga aylanishi qonuniyatlarini, mazkur maqsad yo‘lidagi islohotlar mazmuni va asosiy yo‘nalishlarini chuqur ilmiy tahlil hamda talqin etishdan iborat. Shu bilan birga, milliy huquqiy ta’limotni shakllantirish, ijtimoiy munosabatlarning qonuniyatlarini va huquqiy voqeliklarni o‘rganish, ularga ilmiy baho berishda yangi jamiyatning xususiyatlarini hisobga olgan holda yondashish va amaliyot uchun mukammal asoslangan nazariy xulosalar, takliflar berish hisoblanadi. Bu esa, yuridik fan sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va tashkil qilishda jiddiy o‘zgarishlar yasashni, yangi shakl va usullarini o‘zlashtirishni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, «fanning vazifasi – kelajagimizning shakl-shamoyilini yaratib berish, ertangi kunimizning yo‘nalishlarini, tabiiy qonuniyatlarini, uning qanday bo‘lishini ko‘rsatib berishdan iborat».
Mazkur o‘rinda davlat va huquq nazariyasining dolzarb muammolari tahliliga, shuningdek konstitutsiyaviy huquq va davlat qurilishining ba’zi e’tiborli masalalariga to‘xtalamiz.
E’tirof etish joizki, davlat va huquq nazariyasi huquqshunoslikning (yurisprudensiyaning) ilmiy-nazariy poydevorini, fundamental yo‘nalishi sifatida uning metodologik asosini tashkil etadi. Mazkur fan ijtimoiy-huquqiy hayot ilgari surayotgan qator yangi hodisalar, yuridik kategoriyalarning ilmiy ta’riflarini yaratadi, xossa-xususiyatlarini ochadi, funksional tedensiyalari va harakatlanish mexanizmlarini izohlaydi.
Bugungi kunda davlat va huquq nazariyasi zamonaviy demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va qonun ustuvorligi tamoyillari, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati hodisalari, hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipi kabi umumbashariy g‘oya va ta’limotlarni yangicha huquqiy tafakkur asosida qayta mushohada etmoqda.
Fanimiz huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati hodisalarining mohiyati, mazmuni, muhim belgilari hamda xususiyatlarini keng tadqiq etish bilan shug‘ullanmoqda. Biroq, «huquqiy davlat» bilan «fuqarolik jamiyati»ni diallektik juft kategoriyalar sifatida, ya’ni «mazmun» bilan «shakl»ning nisbati tarzida talqin qilish hanuzgacha dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Huquqiy davlat hokimiyatni oqilona demokratik tashkil etish mahsuli sifatida fuqarolik jamiyatining siyosiy shaklini, siyosiy mohiyatini ifoda etadi. Huquqiy davlat faqat fuqarolik jamiyatidek ijtimoiy makondagina qaror topishi va faoliyat yuritishi mumkin. Аyni vaqtda, fuqarolik jamiyati to‘la ma’noda qaror topishining shak-shubhasiz sharti huquqiy davlat mavjud bo‘lishidir. Bu hodisalarning birini ikkinchisidan ajratib tasavvur etish mumkin emas.
Fuqarolik jamiyati bilan huquqiy davlatning o‘zaro nisbatini, bir tomondan, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar yig‘indisi, ikkinchi tomondan, siyosiy munosabatlar majmuining nisbati tarzida izohlab, tadqiq etish ham dolzarbdir. Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni modernizatsiyalash jarayonlari tegishli boshqaruv tizimi, demokratik siyosiy tuzilmalar, huquqiy norma va institutlar mavjud bo‘lishini taqozo etayotganligini anglash lozim.
Huquqshunoslikka oid izlanishlar faol olib borilayotganligiga qaramasdan, tadqiqotchilarning aksariyati hali «hokimiyat» fenomenini teran anglab yeta olganlari yo‘q. Masalan, hokimiyatning bo‘linmas, yagona voqelik ekanligi bilan uning «bo‘linishi» o‘rtasidagi farqni, hokimiyat hodisasi bilan hokimiyat vakolatlari o‘rtasidagi nisbatni aniqlash muammolari hanuz ilmiy yechimini topgani yo‘q. Hokimiyatning yagonaligi va taqsimlanishi davlat hokimiyati tarmoqlarining dialektik holatidir. Yagonalikka dialektik muvozanat orqali, hokimiyat idoralarini oqilona uyg‘unlashtirish va muvofiqlashtirish yordamida erishiladi.
Hokimiyat shunday ijtimoiy-irodaviy munosabatki, bunda hukmron irodaning ustunligi hamda belgilovchi, yo‘naltiruvchi roli namoyon bo‘ladi. Davlat irodasi tufayli davlat hokimiyati namoyon bo‘ladi, va natijada, jamiyatni boshqarish amalga oshadi. Davlat boshqaruvi vertikal hokimiyat munosabatlari bo‘lsa, fuqarolik jamiyatining mohiyatini ochish uchun undagi gorizontal munosabatlar tizimi va mantig‘ini anglab yetish lozim bo‘ladi.
Jamiyatni modernizatsiyalash sharoitida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolik jamiyati tuzilmalarining hamkorligi hamda ijtimoiy sherikligini ta’minlash ham o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, fuqarolik jamiyati institutlari, subyektlari va shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish mazmuni tubdan o‘zgarib borayotganligini ham e’tiborga olish lozim. Huquqiy tartibga solish mexanizmini tadqiq etish va uni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish xususida gap borganida, bu jarayonni erkinlashtirish, modernizatsiyalash xususiyatlarini chuqur mushohada etish muhimdir. Nafaqat huquqiy tartibga solish sohasida, balki mamlakatimizning butun huquqiy tizimida ro‘y berayotgan liberallashtirishning asosiy mazmuni – barcha huquqiy mezonlarni, taqiq va cheklovlarni adolat tamoyillari nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqish, ularni oqilona mo‘tadillashtirish, inson manfaatlarini ta’minlaydigan huquqiy standartlarni joriy etishdan iborat.
Huquqiy tizimimizda ustuvorlik mavqeyini egallab borayotgan liberallashtirish tendensiyasini yanada chuqurlashtira borib, qonunchiligimizda sobiq sovet tuzumidan meros qolgan «man etuvchi», «taqiqlovchi», «majburlovchi» mazmundagi normalar bosqichma-bosqich bartaraf etilishiga erishish lozim. Bunday huquqiy normalar o‘rniga tavsiya beruvchi, imtiyoz beruvchi, rag‘batlantiruvchi normalarni qonunchiligimizga qat’iyat bilan kiritish maqbuldir. Ushbu yo‘nalishni imperativ (buyruq asosida) tartibga solishdan dispozitiv (erkin ixtiyoriy asosda) huquqiy tartibga solishga o‘tish tendensiyasi deb atash mumkin.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan jihatlardan tashqari, huquqiy tizim va qonunchilik tizimi rivojlanishida namoyon bo‘layotgan bevosita yuridik mazmundagi tendensiya va xususiyatlarni ham e’tirof etish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |