Huquqiy davlat va Huquqiy davlat – huquqning hukm-
7-§. uning belgilari ronligi, qonunning ustuvorligi, barchaning qonun va mustaqil sud oldida tengligi
ta’minlanadigan, inson huquq va erkinliklari kafolatlanadigan, hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi prinsipi asosida tashkil etilgan demokratik davlat.
Huquqiy davlatning asosiy belgilariga quyidagilar kiradi:
Huquqning hukmronligi. Davlat hududida bo‘lgan barcha kishilar; ushbu davlat fuqarolari, xorijliklar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslar, mansabdor shaxslar, davlat hokimiyati organlari – barchasi huquqqa bo‘ysunadilar.
Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi. Konstitutsiya va qonunlar huquqiy normalar tizimida oliy yuridik quchga egadir. Turli xil davlat idoralari chiqaradigan normativ-huquqiy hujjatlar qonunlarga zid bo‘lmasligi kerak.
Inson huquq va erkinliklariga rioya etish, ularni himoya qilish va ta’minlash. Inson huquq va erkinliklari unga tug‘ilganidanoq tegishli bo‘lib, ular insondan ajralmasdir. Gap, eng avvalo, insonning yashash, erkinlikka, daxlsizlikka, xavfsizlikka ega bo‘lish huquqlari hamda boshqa huquq va erkinliklari to‘g‘risida bormoqda. Barcha fuqarolar qonun va mustaqil sud oldida tengdirlar.
Davlat va fuqaroning o‘zaro mas’uliyati. Davlat qonunlarda shaxs erkinligining me’yorini belgilab qo‘yar ekan, xuddi shu chegaralarda o‘zini ham qaror qabul qilishda cheklab qo‘yadi.
Jamiyatda hokimiyatning qonuniyligi (legitimligi). Hokimiyatni qonuniy e’tirof etish uchun quyidagi talablarga javob berilishi shart: hokimiyat demokratik saylovlar yo‘li bilan shakllantirilgan bo‘lishi; hokimiyat samarali faoliyat yuritib, jamiyatda barqarorlik va qat’iy tartibni ta’minlash; u ham mamlakat ichkarisida, ham xalqaro miqyosda tan olingan bo‘lishi lozim.
Hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi. Davlat hokimiyati bir qo‘lda to‘planib qolmasligi uchun, hokimiyatning uchta tarmog‘ini – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini ajratib qo‘yish kerak. Ushbu hokimiyat tarmoqlarining har biri o‘z vakolati doirasida amal qiladi.
Sudning mustaqilligi. Sud, davlat hokimiyatining boshqa ikki tarmog‘i kabi mustaqildir. Boshqacha aytganda, sud faoliyatiga hech kimning aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning samarali ishlashi. Аgar inson huquq va erkinliklari poymol etilsa yoki bunga tahdid mavjud bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar unga yordam berishlari lozim. Ular bu huquq va erkinliklarni himoya qilishlari kerak.
Huquqiy madaniyatning yuksak darajada ekanligi. Huquqiy madaniyatning eng muhim ko‘rsatkichi jamiyatdagi huquqiy ong darajasidir. Huquqiy ong – huquqqa munosabat, qonun talablarini bajarish zarurligini anglash darajasini ifodalaydigan huquqiy qarashlar yig‘indisi. Huquqiy madaniyat amaldagi qonunlarni bilish, huquqni hurmat qilish, huquqiy qoidalarga rioya etishda namoyon bo‘ladi.
Demokratiyaning rivojlanishi va takomillashuvi. Siyosiy huquqlar va erkinliklar kafolatlanishi, xalq davlat boshqaruvida doimo ishtirok etishi, rivojlangan fuqarolik jamiyati shakllanishi va ma’lum bir muxolifat bo‘lishi zarur.
Yuqorida keltirilgan belgilarning birgalikda amal qilishi jamiyat va davlatda huquqning hukmronligi, umume’tirof etilganligi va ustunligiga olib keladi. Bu ijobiy natija hisoblanadi. Zero, huquq – insoniyat taraqqiyotining buyuk ne’mati, huquqiy tartibga solish, boshqarish va ta’sir etish borasida to‘plangan ijtimoiy tajribaning asosiy mohiyati, umuminsoniy qadriyatlar va adolat, demokratiya va tartib-intizom kabi yuksak g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtiradi. Huquqning jamiyat hayotidagi ulkan ahamiyati va vazifasini anglab yetgan davlatni huquqiy davlatlar qatoriga qo‘shish mumkin.
Demak, huquqiy qadriyatlarning ustunligi, ularning ham aholi, ham davlat xizmatchilari orasidagi nufuziga e’tibor beradigan, o‘z faoliyati davomida huquq bilan bog‘liq bo‘lgan hamda qonun talablari doirasida amal qilgan holda inson huquq va erkinliklarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaydigan davlat chinakam huquqiy davlat hisoblanadi.
Huquqiy davlat – bizning kelajagimiz, biroq unga erishish murakkab vazifa bo‘lib, rivojlanishning bir qator bosqichlarini qamrab oladi hamda davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoatchilik va fuqarolardan jiddiy faol-
Davlat va huquq nazariyasi
likni talab etadi. Davlat va jamiyat hayotini faollashtirish, ularning yuridik va ma’naviy-axloqiy asoslarini rivojlantirish, huquqni yangilash, uni qo‘llash va muhofazalashni takomillashtirish, fuqarolarda qonunga hurmat hissini shakllantirish, ijtimoiy hayotga demokratik huquqiy qadriyatlar va yuridik mexanizmlarni joriy etish zarur. Oldimizda turgan ustuvor vazifa huquqiy davlatga mos huquqiy tafakkurni, yuksak huquqiy ong va madaniyatni shakllantirishdan iborat. Bunday kompleks yondashuv huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish borasidagi sa’y-harakatlarimiz muvaffaqiyatining garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |