Normativ-huquqiy Ikki palatali parlament samarali va
hujjatlarni
5-§.tizimlashtirish tushunchasi va
turlari
|
sermahsul faoliyat yuritgan sharoitda normativ-huquqiy hujjatlar hajmining keskin ko‘payishi tabiiy. Bunday vaziyatda qabul qilingan yuzlab qonunchilik hujjatlari o‘rtasida
|
muayyan ziddiyatlar va kolliziyalar bo‘lishi
mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev e’tibor qaratganidek, «amaldagi qonunlarimizda bir-biriga zid o‘rinlar ham yo‘q emas»1. Ularni bartaraf etishda siyosiy partiyalar ham, deputatlar ham tashabbus bilan chiqmayaptilar. Bunday ziddiyatlar va nomutanosibliklarni bartaraf etish hamda normativ-huquqiy hujjatlarning ichki barqarorligini ta’minlash maqsadida ularni mantiqiy tizimlashtirish (sistemalashtirish) katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010-yil 27-yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi ma’ruzada ta’kidlaganidek, qabul qilinayotgan qonunlarning sifatini tubdan yaxshilash lozim, qolaversa, «Qonunlarning ko‘pchiligi amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish, tuzatish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan bo‘lib, kodifikatsiyalashish xarakteriga, ya’ni, muayyan darajada tizimlashuv mazmuniga ega emas»2.
Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish huquqiy tizim amal qilishining, muntazam rivojlanib borishining sharti hamda amaldagi qonunchilik hujjatlarini tartibga solish, mantiqiy umumlashtirishning shaklidir3. Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish – demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish maqsadida Konstitutsiya va qonun ustunligi, hokimiyatlar taqsimlanishining o‘zaro tiyib turish va muvozanatlash mexanizmini ta’minlashga, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Mavjud qonunchilik hujjatlarini kodeks shaklida tartibga solingan hujjatlar bilan almashtirib borish, qonunlar majmuini yaratish, mamlakat huquqiy klassifikatorini takomillashtirish, shuningdek, qonunchilik resurslaridan foydalanish tizimini zamonaviy global elektron axborot tarmog‘i imkoniyatlari bilan ta’minlashga qaratilgan yaxlit, uzluksiz ilmiy-nazariy hamda amaliy faoliyatdir.
Normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish davlat mexanizmi va huquqiy tizim jo‘shqin maromda ishlashining zaruriy shartidir. Mazkur faoliyatni oqilona yo‘lga qo‘yish uning nazariy va metodologik asoslari hamda mukammal mexanizmini ishlab chiqishni taqozo etadi. Bu ishga davlat hokimiyati organlari, muassasalarini va huquqshunos olimlarni faol jalb etish zarur. Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning real vazifalarini belgilash uchun, birinchi navbatda, huquq tizimi va qonunchilik tizimi o‘rtasidagi munosabatni chuqur tadqiq etish zarur. Ko‘p yillar davomida MDH davlatlari va mamlakatimiz huquqshunos olimlari tomonidan bu masalada muayyan tadqiqotlar olib borilib, ularning ko‘pchiligi qonunchilik amaliyotida o‘zining munosib tasdig‘ini topgan, ba’zilari esa, qonunchilikda bahs-munozaraligicha qolib kelmoqda. Milliy huquq tizimining elementini huquq normasi, qonunchilik tizimining elementini esa normativ-huquqiy hujjatning (qonunning) normasi tashkil qiladi. Qonunchilikni tizimlashtirishni aniq tashkil etishda, shuningdek huquq instituti va qonunchilik instituti, huquq tarmog‘i va qonunchilik tarmog‘i o‘rtasidagi nisbatni aniqlash ham nihoyatda muhimdir.
Huquq tizimi va qonunchilik tizimi rivojlanishining tendensiyalarini tadqiq etish nafaqat nazariy, balki amaliy munosabatlar uchun ham dolzarb hisoblanadi. Bunday masalalarning ilmiy yechimi, avvalambor, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni ro‘yxatga olish va tizimilashtirish, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining majmuini yaratish uchun birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish amaldagi huquq tizimiga qanchalik muvofiq kelsa, undan kutilayotgan natijalar shunchalik yuqori bo‘ladi.
Huquq tizimi va qonunchilik tizimi o‘rtasidagi munosabatni tadqiq etish davomida «qonunchilikning tizimliligi», «qonunchilikni tizimlashtirish», «qonun hujjatlarining sistematikasi» kabi tushunchalar o‘rtasidagi aloqadorlik va farqli jihatlarning aniqlanishi dolzarb muammolardan biridir.
Qonunchilikni tizimlashtirish, birinchi navbatda, inson va fuqarolarning qonunlardan unumli foydalanishiga imkon yaratadi. Shu jihatdan, normativhuquqiy hujjatlarni tizimlashtirishni mamlakat Konstitutsiyasidan kelib chiqib tashkil etishni ham o‘ylab ko‘rish lozim. Masalan, fuqaroda bankka qo‘yilgan omonatlarning sir tutilishiga oid muammo kelib chiqdi, deylik. Fuqaro esa, bank va moliya huquqi sohasi bo‘yicha yetarli malakaga ega emas. U o‘zining huquqiy savodxonligi darajasidan kelib chiqib, huquqlarining buzilishiga oid tegishli huquqiy normani qidirib topa olmasligi mumkin. Shu bois, fikrimizcha, fuqarolarning huquqlari va burchlarini tartibga solishga qaratilgan normalar guruhini qonunchilik tizimida alohida bo‘lim sifatida ajratish maqsadga muvofiq. Chunki, fuqaroning o‘zi izlagan qonunni tez va oson topishiga erishish qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning eng asosiy maqsadidir. Yuridik adabiyotlarda tizimlashtirishning quyidagi ikki an’anaviy turi – kodekslashtirish va inkorporatsiya haqida so‘z yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |