Normativ-huquqiy Til odamlar o‘rtasida aloqa qilish, bir6-§.hujjatning tili va birini tushunish, inson faoliyatining barcha uslubi sohalarida birgalikda faoliyat yuritishning muhim vositasidir. Normativ hujjatlar tili
muayyan xususiyatlar va qonuniyatlarga ega bo‘lib, ular mustaqil ilmiy tadqiqotlar mavzuini tashkil etadi1. Qonun ijodkorligi, huquqni qo‘llash va talqin etish amaliyoti uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu muammo bo‘yicha asosli va chuqur tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Bundan tashqari, asosiy yuridik atamalarni bir xilda tushunish va qo‘llash uchun ularning umumiy ro‘yxatini tuzish fursati yetdi. Bu yuridik atamalarning rivojlanish yo‘llari to‘g‘risida ma’lum xulosalar chiqarish, yuridik amaliyotda atamalarni qo‘llash muammolarini, huquqiy atamalarni takomillashtirish, standartlashtirish va bir xil holga keltirish yo‘llarini tadqiq etish imkonini beradi.
Normativ hujjat grammatik qoidalarga qat’iy rioya etgan holda sof adabiy tilda yozilishi lozim. Kelgusida anglashilmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun umumiy qabul qilingan adabiy til shakllaridan chetlashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Til muttasil rivojlanib boruvchi hodisa bo‘lgani bois, so‘zlarning ma’nosi o‘zgarishi mumkin. Shu bois so‘zlar va atamalarni normativ hujjat qabul qilingan paytdagi ma’nosida qo‘llashni nazarda tutadigan qoidaga qat’iy rioya etish lozim. Mahalliy shevaga mansub so‘zlar va jumlalarni yoki eskirgan (arxaik) so‘zlarni qo‘llash mumkin emas. Chunki, normativ hujjat ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, hokimiyatning inson xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatish vositasi hisoblanadi. U badiiy asardan farqli o‘laroq, odamlarning his-tuyg‘ulari va tasavvuriga emas, balki irodasi va aql-idrokiga murojaat etadi. Normativ hujjatda ifodalangan huquq normasi huquq subyektlari amal qilishi shart bo‘lgan ma’lum xulq-atvor qoidalarini belgilaydi va ayni paytda, mazkur qoidalar buzilgan taqdirda ta’sir ko‘rsatish chora-tadbirlarini nazarda tutadi. Bu holatlar huquq tilining o‘ziga xos jihatlarini belgilab beradi.
Matnni mumkin qadar aniq, lo‘nda va to‘liq bayon etishga katta e’tibor berish mana shunday jihatlardan biridir. Normativ hujjatda jumlalar va iboralarni sun’iy tarzda juda qisqa ifodalash amaliyotda noaniqliklar va anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin, tushuntirishlar berish, qo‘shimchalar qilish va boshqa hujjatlar qabul qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Sodda va tushunarli bayon etishga intilish normativ qoidalar mazmunining aniqligi va to‘liqligiga putur yetkazmasligi, jo‘nlikka va binobarin, ta’riflarning mujmalligiga olib kelmasligi lozim. Ayrim normativ hujjatlar juda murakkab munosabatlarni tartibga soladi va bu tegishli normalarni bayon etish uslubida o‘z aksini topadi. Normativ hujjatlar tilini huda-behudaga murakkablashtirmaslik kerak. Ammo, ayni vaqtda, u ommabop risolani ham eslatmasligi lozim. Hujjatda moddalar miqdorini sun’iy tarzda kamaytirish mumkin emas, chunki bu holda moddalar bayoni (matni) asossiz ravishda uzunlashib va kattalashib ketadi.
Huquqshunoslikda ishlab chiqilgan va odatdagi nutqda uchramaydigan maxsus atamalar normativ hujjatlarda keng qo‘llaniladi, umumiy muomalada keng tarqalgan aksariyat atamalar nisbatan tor va maxsus mazmun kasb etadi. Huquqiy ko‘rsatmalarning aniqligini oshirish uchun bir xil atama va iboralarni inkor etmaslik, balki ularni keng qo‘llash o‘rinlidir. Ayni bir tushunchani ifodalash uchun sinonimlardan foydalanishda ham juda ehtiyot bo‘lish kerak. Zero, sinonim so‘zlarning har biri o‘z ma’nosiga ega. Ulardan noto‘g‘ri foydalanish normativ matnda noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Boz ustiga, aksariyat sinonimlar normativ hujjatlarda o‘ziga xos ma’no kasb etadi.
Ayrim yuristlar ongida hanuzgacha saqlanib qolgan «oddiy fuqarolar mutaxassislarning yordamisiz qonunlarning mazmunini tushuna olmaydilar», degan zararli qarashga barham berish kerak. Qonun matni qanday tuzilganiga ko‘p narsa bog‘liq. Qonun talablari hammaga tushunarli va aniq bo‘lishi lozim. Agar qonun ijtimoiy munosabatlarning tor va maxsus sohasini tartibga solsa hamda xodimlarning alohida toifasiga mo‘ljallangan bo‘lsa, unda maxsus va texnik atamalar hamda iboralarni qo‘llash o‘rinli bo‘ladi. Bordi-yu, qonun keng aholiga mo‘ljallangan bo‘lsa, uni nisbatan sodda va tushunarli tilda bayon etish lozim. Bunday hujjatlarda murakkab va maxsus atama hamda iboralarni, maxsus so‘z va jumlalarni tushuntirmasdan keng qo‘llash maqsadga muvofiq emas.
Ta’riflarning noaniqligi, tushunchalar va atamalarni bir xilda qo‘llamaslik normativ hujjatni noto‘g‘ri tushunish va qo‘llashga, uning asl ma’nosidan chekinishga olib keladi. Normativ hujjatda noo‘rin yoki noto‘g‘ri qo‘llangan atama yoki ibora, noto‘g‘ri tuzilgan yoki tushunarsiz jumla, xato punktuatsiya – bularning barchasi jiddiy oqibatlarga: ko‘p sonli so‘rovlar va bahslarga, qo‘shimcha tushuntirishlar talab etilishiga, eng xavotirlisi – normativ hujjatlar ma’nosining buzilishiga va ularni qo‘llashda xatolar bo‘lishiga olib keladi. Normativ matn qanchalik aniq va tushunarli bayon etilgan bo‘lsa, huquq normalarini qo‘llashda shunchalik kam qiyinchiliklar keltirib chiqaradi, qonunning maqsadi hayotga shunchalik to‘g‘ri va izchil tatbiq etiladi. Normativ hujjatlar matnini bayon etish tilining xususiyatlari maxsus yuridik til mavjud, degan xulosa chiqarish imkonini beradi. Maxsus atamalar sonining ko‘pligi maxsus bilimlar yoki talqin qilishni taqozo etadi. Huquqiy hujjatlar matnini bayon etish xususiyatlari huquqiy hujjatlarning maxsus tili mavjudligidan dalolat beradi.
Yurtimizdagi yuridik til – rasmiy o‘zbek adabiy tilining alohida turi. U huquqiy ko‘rsatmalarni bayon etishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq. Normativ hujjat tilining sodda, tushunarli, jonli va sermazmunligi qonunni amalga oshirishning samarali vositasidir. Yuridik ta’riflar eslab qolish uchun oson, tushunarli va ifodali bo‘lishi, odamlar ongiga chuqur kirib borishi, ularning yuridik madaniyati va huquqiy ongini oshirishga ko‘maklashishi katta ahamiyatga ega. Ba’zan normativ hujjatlarda, sud qarorlarida, o‘quv adabiyoti va monografiyalarda uchrab turadigan «huquqiy jargon»ni qo‘llashdan ehtiyot bo‘lish kerak. So‘nggi yillarda qabul qilingan normativ hujjatlar tili ancha yaxshilandi. Lekin, shunga qaramay, ayrim hujjatlarda til va uslub nuqtayi nazaridan kamchiliklar mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Grammatik xatolar, grammatik shakllarni noto‘g‘ri qo‘llash hollari, g‘aliz jumlalar va iboralar, ortiqcha hamda keraksiz so‘z va atamalar normativ hujjatlarda hozir ham uchrab turibdi. Normativ matnda iloji boricha sodda gaplarni qo‘llash lozim. Har qanday normativ hujjat loyihasini rasman tasdiqlashdan avval umumiy adabiy tahrirdan o‘tkazish zarur. Huquq normalarini tuzishda o‘xshash ta’riflar va jumlalarni, «namunaviy konstruksiyalar» va «sxemalar»ni bir xilda izchil bayon etish muhim. Turli huquqiy hujjatlarda ifodalangan o‘xshash ko‘rsatmalarni bir xil shaklda bayon etish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida qonun tili muammolarini muhokama qiluvchi komissiya tuzilgan. Komissiya tarkibiga deputatlar orasidan malakali yuristlar, tilshunoslar va jurnalistlar kiritilgan. Komissiya qonunchilik hujjatlari tilidagi kamchiliklarni o‘rganadi, ularning yuz berishi sabablarini aniqlaydi va ularni bartaraf etish yo‘llarini taklif etadi.
Normativ hujjatlar matnining ixcham va aniq bayon etilishi, ularning tushunarliligi qonunchilikda qo‘llanilayotgan atamalarga, ularning aniqligi va bir xilligiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Normativ hujjatda qo‘llangan har qanday so‘z ham atama hisoblanavermaydi. Fikrimizcha, atama – aniq chegara bilan ajratilgan ma’lum tushunchani ifodalovchi so‘z yoki bir necha so‘zdan iborat iboradir. Atamalarni noto‘g‘ri, noo‘rin qo‘llash normativ hujjatni tushunarsiz va ziddiyatli qilib qo‘yishi mumkin.
Huquqiy hujjatlarda atamalarning bir qancha turlari qo‘llaniladi. Ularning birinchisi – umumiy qo‘llaniladigan atamalar. Ular umumiy foydalaniladigan tildan olinadi, o‘zining umumiy e’tirof etilgan ma’nosida qo‘llaniladi va hech qanday maxsus ma’noga ega bo‘lmaydi. Mazkur atamalarni faqat ularning ma’nosi barchaga tushunarli bo‘lgan, hech qanday e’tiroz tug‘dirmaydigan joyda qo‘llash mumkin. Ikkinchi turkum, ya’ni maxsus yuridik atamalar huquqshunoslikda ishlab chiqiladi yoki qonun chiqaruvchi organ tomonidan yaratiladi (masalan, «da’vogar», «sudlanganlik», «surishtiruv» va hokazo). Umumiy qo‘llaniladigan atamalardan maxsus yuridik atamalarning ustunligi shundaki, ular zarur tushunchani aniq ifodalaydi. Mazkur atamani normativ hujjatda birinchi marta qo‘llashda haddan tashqari keng, binobarin, noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ayni vaqtda mazkur atama aniq va tor ma’noda qo‘llanilayotganini muayyan tarzda eslatib o‘tish lozim.
Ba’zi hujjatlarda ko‘pincha uchinchi turkumni tashkil etuvchi, ya’ni texnika, fan va san’atning turli sohalaridan o‘zlashtirilgan texnik atamalar qo‘llaniladi. Huquq normalari jamiyat hayotining turli tarmoqlarini qamrab oladi. Har bir sohada huquq normalarini qo‘llash o‘z xususiyatlariga ega. Shu bois, normativ hujjatlarni maxsus texnik atamalarsiz tuzish ba’zan juda qiyin kechadi. Maxsus texnik atamalar normativ ko‘rsatmalarni yanada qisqa, aniq va lo‘nda qilib bayon etishga yordam beradi. Bu esa, ularning yaxshiroq tushunilishi va to‘g‘riroq qo‘llanilishiga ko‘maklashadi. Shubhasiz, texnik atamalardan foydalanish normativ hujjatlarni tushunishni qiyinlashtiradi, lekin yuridik atamalarning aniq, ixcham va to‘liq bo‘lishiga jumladan mana shu atamalar yordamida erishish mumkin.
Maxsus atamalarni zaruratga qarab, o‘ta ehtiyotkorlik bilan qo‘llash lozim; normativ hujjatlarni ularga to‘ldirib yubormaslik kerak. Yuridik hujjatlarda atamalarni qo‘llashga qo‘yiladigan talablarni quyidagicha ta’riflash mumkin:
atama ifodalanayotgan tushunchaning mazmunini aniq va tushunarli aks ettirishi lozim; mujmal, ko‘p ma’noli, eskirgan va tushunarsiz atamalarni qo‘llash maqsadga muvofiq emas;
keng qo‘llaniladigan, umume’tirof etilgan va sinovdan o‘tgan atamalardan foydalanish kerak;
qo‘llanilayotgan huquqiy atamalarning barqarorligini saqlab qolish zarur. Umuman, muomaladan mustahkam o‘rin olgan va muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan atamalardan voz kechish, asossiz ravishda yangi atamalarni muomalaga kiritish zararli. Ayni bir huquqiy tushunchani ifodalash uchun yangi atamalar kiritish, atamalarning mazmunini o‘zgartirish noaniqliklar va anglashilmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Bu sohada turg‘unlikka yo‘l qo‘yish, huquqiy atamalarning barqarorligi deb muvaffaqiyatsiz atamalarni saqlab qolish ham yaramaydi (masalan, «ijara» atamasi o‘rniga ma’lum vaqt «pudrat» atamasi qo‘llanib kelindi). Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishdagi yangi tamoyillarni aks ettiruvchi, huquqiy hujjatlarda ilgari qo‘llanilmagan yangi atamalar ishlab chiqishni, avvalo, yuridik amaliyot talab qilishi kerak, shundan keyingina huquq fani ularni qabul qilishi lozim;
atamalarni qo‘llashda bir xillikni saqlab qolish zarur. Ayni bir tushunchani ifodalashda normativ hujjat matnida faqat bitta atamani qo‘llash lozim. Normativ hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda ham mana shu talabga rioya qilish kerak. Bir tushuncha barcha qonunchilik hujjatlarida ayni bir atama bilan ifodalansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |