Kodekslashtirish – qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirishning eng yuqori shaklidir. Mazkur amal tufayli qonunchilik tarmog‘idan muhim huquqiy normalarni mantiqiy birlashtiruvchi kompleks hujjat (kodeks) vujudga keltiriladi. Kodekslashtirishda normativ-huquqiy hujjatlar shunchaki, oddiygina to‘plab birlashtirilmaydi, balki huquqiy tizimning umumiy prinsiplaridan kelib chiqib, tarmoqdagi barcha normativ material ichki mutanosib, bir butun va ilmiy tizimlashtirilgan yagona va yaxlit hujjat ko‘rinishida bayon etiladi.
Kodekslashtirish – amaldagi qonunchilik normalarini chuqur va har tomonlama qayta ishlash hamda zarur bo‘lsa, unga jiddiy o‘zgartishlar kiritish orqali yangi, kompleks, tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat yaratishdir. Kodekslashtirishning muhim xususiyati va inkorporatsiyadan farqi shundaki, u faqat qonunni ijod etuvchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Shu jihatdan u huquq ijodkorligining bir turi hisoblanadi.
Kodekslashtirishda normativ-huquqiy hujjatning mazmuni o‘zgaradi; ya’ni eskirgan huquqiy norma bekor qilinadi, yangisi yaratiladi; ko‘pchilik normalar qayta bayon qilinadi; normalar o‘rtasida qarama-qarshiliklar, takrorlashlar hamda huquqdagi kamchiliklar bartaraf etiladi.
Kodeks – muayyan huquq (qonunchilik) sohasidagi ustuvor normalarni ifoda etuvchi, mujassamlashtiruvchi qonundir. U katta miqdordagi turli xil normalarni qamrab olsa ham, ichki muvofiqlikka ega bo‘lgan yagona butun hujjatdir. Uning tarkibiy qismlari (normalar, institutlar) o‘zaro uzviy aloqador bo‘lib, muayyan tizim tarzida joylashtiriladi. An’anaga ko‘ra, qonunchilik sohalarida tegishli kodekslar uyg‘unlashtiruvchi va boshqaruvchi faol markaz rolini o‘ynaydi. Kodeks bir huquq sohasiga oid qonunning mukammalligi, sayqal topganligi, barqarorligi bilan farq qiladi. Agar muayyan qonunchilik sohasida bir vaqtning o‘zida kodeks va bir necha qonunchilik hujjatlari mavjud bo‘lsa, ular ichida kodeks yuridik kuchi va tartibga solish imkoniyati jihatidan ustunlik qiladi. Kodekslar ichki mantig‘ining pishiqligi, normalarining o‘zaro muvofiqlashtirilganligi bilan ajralib turadi. Kodekslashtirilgan aktlar o‘zining huquqiy tartibga soluvchi ta’sir kuchi va ahamiyatini uzoq muddat davomida saqlab qoladi.
Kodeksdan tashqari kodekslashtirilgan hujjatlarning ustav va nizom shakllari mavjud. Ular o‘z mazmuni va vazifasiga binoan bir-biridan farq qiladi.
Ustav – boshqaruvning u yoki bu sohasidagi muayyan idora, vazirlik va tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni o‘zida aks ettiruvchi kodekslashtirilgan aktdir. Masalan, Qurolli Kuchlar intizomiy ustavi.
Nizom – muayyan davlat tuzilmalariniing (jamoat birlashmalarining) tashkil etilish tartibi, tuzilishi, vazifasi, funksiyalari va vakolatlarini belgilovchi kompleks kodekslashtirilgan hujjat.
Nizom – kodekslashtirilgan hujjatning eng keng tarqalgan turi. U muayyan huquq ijodkorlik organi yoki vakolatli mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlanadi. Eng ahamiyatli sohalarga tegishli va yuridik kuchi yuqoriroq bo‘lgan nizomlar respublika Prezidenti, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni to‘g‘risida nizom» – mamlakat Prezidenti tomonidan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘mitalari to‘g‘risida nizom» – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan tasdiqlangan va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |