Ichki ishlar organlari. O‘rta Osiyoda milliy davlat chegaralanishi o‘tkazilib, O‘zbekiston SSR tashkil etilgandan so‘ng, 1925-yil 17-fevral- da Sovetlarning I syezdi qarori bilan respublika hukumati tashkil etildi. Qarorda hukumat tarkibida ichki ishlar xalq komissariati tashkil etilishi belgilab qo‘yildi.
1925-yilning 1-noyabrida O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mi- tasining Rayosati «O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti to‘g‘risi- da»gi Nizomni tasdiqladi. Nizomning 4-bandiga muvofiq, hukumat tarkibiga Xalq komissarlari soveti raisi, uning o‘rinbosarlari, Xalq komissarlari sovetining a’zolari – butunittifoq xalq xo‘jaligi soveti raisi, respublikaning barcha xalq komissarlari, jumladan ichki ishlar xalq komissari ham kirishi belgilangan.
Ichki ishlar xalq komissari to‘liq ravishda respublika hukumatiga bo‘ysungan. Ichki ishlar xalq komissari O‘zbekiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi va Xalq komissarlari soveti qarorlari hamda ularning faoliyatiga tegishli SSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi, Xalq komissarlari soveti qarorlari, Ichki ishlar xalq komissarligining farmoyishlari asosida faoliyat ko‘rsatgan. O‘z vakolati doirasida farmoyish, yo‘riqnoma, sirkular va buyruqlar chiqargan.
Butuno‘zbek sovetlarining II qurultoyi 1927-yil 22–30-martda bo‘lib o‘tib, unda davlat apparatini ratsionallashtirish va soddalashtirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Qurultoyning mazkur qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasining 1927-yil 16-maydagi qarori bilan O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi bekor qilinib, uning o‘rniga Xalq komissarlari kengashi qoshida Markaziy ma’muriy boshqarma tashkil etildi. Qarorda Markaziy ma’muriy boshqarmaning vazifalari sifatida qo‘yidagilar belgilangan:
1) O‘zbekiston SSR hukumatining ma’muriy xarakterdagi qarorlari va
farmoyishlarini hayotga tatbiq etish; 2) ma’muriy masalalar bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini loyihasini tayyorlash; 3) jamoat tartibi va xavfsizligini qo‘riqlash masalalari bilan shug‘ullanish; 4) fuqarolik holatini qayd etish organlarini boshqarish; 5) qamoqda saqlash joylarini boshqarish; 6) respublika ichki ishlar organlari rahbar xodimlarini tasdiqlash va boshqalar.
O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasining qarori bilan Ichki ishlar xalq komissarligi vazifalari quyidagi organlarga taqsimlandi: ma’muriy masalalar Xalq komissarlari kengashi qoshidagi Markaziy ma’muriy boshqarmaga, yo‘l qurilishi masalalari Xalq komissarlari kengashi qoshidagi Bosh texnik qurilish qo‘mitasiga, mahalliy xo‘jalik ishlari respublika Davlat planining mahalliy xo‘jalik seksiyasiga, kommunal va turar-joy maxsus fondlarini hisobga olish masalalari Moliya xalq komissarligining mahalliy moliya boshqarmasiga, bolalar mehnat koloniyalari masalasi Maorif xalq komissarligiga, axloq tuzatish-mehnat uylari va qamoqxonalarni boshqarish vazifalari okrug sovetlari ijroiya qo‘mitalariga berildi.
O‘zbekiston SSR Markaziy ma’muriy boshqarmasi qoshida militsiya va jinoyat qidiruv bo‘limi tashkil etilgan. Unga 7 ta viloyat (Toshkent, Farg‘ona, Samarqand, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm) bo‘linmalari, bitta tuman va shahar (Toshkentning eski shahrida) bo‘linmasi, 13 ta tuman bo‘linmalari va Samarqand viloyatining vokzal oldi bo‘linmasi bo‘ysungan.
Ichki ishlar xalq komissarligi vazifalarini alohida idoralar o‘rtasida taqsimlash ma’muriy-boshqaruv apparati xodimlari sonining oshishiga olib kelgan. Shu sababli, O‘zbekiston SSRning 1928-yil 20-oktabridagi qarori bilan Markaziy ma’muriy boshqarma bekor qilinib, Ichki ishlar xalq komissarligi oldingi holatida qayta tiklandi.
O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining jinoyat qidiruv bo‘limlari SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Markaziy jinoyat qidiruv boshqarmasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritgan.
Militsiyaning tashkiliy rivojlanishi, tarkibi, ish faoliyati shakl va usullari sobiq SSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasining 1934-yil 10-iyuldagi qaroriga asosan Umumittifoq Ichki ishlar xalq komissarligi tuzilishi bilan bog‘liq ravishda o‘zgargan. Unga davlat xavfsizlik organlari va militsiya bo‘ysundirilgan. Ichki ishlar xalq komissarligi zimmasiga «inqilobiy» tartib va davlat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy mulkni muhofaza qilish, fuqarolik holati hujjatlarini yozish, chegaralarni qo‘riqlash, axloq-mehnat tuzatish muassasalarini ta’minlash va qo‘riqlash vazifalari yuklatilgan.
Respublikalarda Ichki ishlar xalq komissarliklari, avtonom respublikalar, o‘lkalar va viloyatlarda esa ichki ishlar xalq komissarliklari boshqarmalari tashkil etilgan. Umumittifoq Ichki ishlar xalq komissarligi tuzilishi bilan ichki ishlar idoralari markaz tomonidan boshqariladigan bo‘lgan.
1935-yilning noyabr-dekabr oylarida militsiyaning butun rahbarlar tarkibi attestatsiyadan o‘tkazilishi, xodimlar uchun maxsus unvonlar va nishonlar ta’sis etilishi, rahbarlar tarkibining huquq hamda vazifalari aniq belgilanishi, xodimlarni ishga tayinlash va bo‘shatish tartibi o‘rnatilgan.
IIXK operativ organlarida rahbarlar tarkibiga unvonlar ularning maxsus tayyorgarligi va xizmat attestatsiyasidagi malakasi hamda ish stajiga qarab berilgan. Xizmatni o‘tash uchun quyidagi maxsus unvonlar belgilangan: militsiya serjanti, militsiya kichik leytenanti, militsiya leytenanti, militsiya katta leytenanti, militsiya mayori, militsiya katta mayori, militsiya inspektori, militsiya direktori va militsiya bosh direktori.
Bu maxsus unvonlar va ularni berish tartibi SSSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi va Xalq komissarlari soveti tomonidan 1936-yil 3-iyulda tasdiqlangan Ishchi-dehqon militsiyasi rahbarlar tarkibining xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi Nizomida rasman mustahkamlab qo‘yilgan. Mazkur nizomda militsiyaning rahbar lavozimlariga tayinlash tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra rayon militsiyasi boshliqlari hamda ularga tenglashtirilgan lavozimlar va undan yuqori mansablarga xodimlar SSSR ichki ishlar komissari tomonidan, boshqa lavozimlarga respublika, o‘lka hamda viloyat militsiya boshlig‘ining buyrug‘iga binoan tayinlangan. Maxsus unvonga ega bo‘lgan (lavozimidan qat’i nazar) rahbarlar tarkibi xodimlarini bir respublika, o‘lka va viloyat boshqarmasidan boshqasiga o‘tkazish faqat SSSR Ichki ishlar xalq komissarining buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.
1937-yil 14-fevralda O‘zbekiston Sovetlarining Favqulodda IV Qurultoyi O‘zbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasini qabul qildi. Konstitutsiyada oliy davlat hokimiyat organi etib O‘zbekiston SSR Oliy Soveti belgilangan va qonun chiqaruvchi idora vakolati berildi. Oliy Sovet sessiyalari oralig‘idagi davrda uning vakolatlarini amalga oshiruvchi Oliy Sovet Prezidiumi tashkil qilindi.
Mazkur Konstitutsiyada O‘zbekiston SSRning Oliy davlat boshqaruv idorasi bo‘lib Xalq komissarlari soveti (1946-yildan Ministrlar soveti) belgilangan. Davlat hokimiyatining mahalliy idoralari tuman, shahar, qo‘rg‘on va qishloq mehnatkashlari deputatlari Sovetlari, mahalliy davlat boshqaruv idoralari qilib Sovetlarning Ijroiya qo‘mitalari bo‘lgan.
Konstitutsiyada sud va prokuratura idoralari tizimi, ularning faoliyat yo‘nalishlari va vakolatlari, fuqarolarning huquqlari va burchlari, shuningdek davlat ahamiyatiga molik boshqa masalalar ham o‘z aksini topgan.