MAVZU: №1. O'SISH VA RIVOJLANISHNING UMUMIY QONUNIYATLARI, ORGANIZM VA MUHIT
Reja: 1.Fanning predmeti va rivojlanish tarixi
2. O‘sish va rivojlanish haqida tushuncha
3. Akseleratsiya.
4. Irsiyat va irsiy kasalliklar
Maqsad vavazifalar:Talabalarga “Yosh fiziologiyasi va gigiyena” faninining mazmun mohiyati, uning ahamiyati, predmeti, tarixi, inson ontogenezining turli bosqichlarida organizmda kechadigan fiziologik o’zgarishlar, turli yoshda uning o’zaro farqlari, bog’liqligi, o’xshash jihatlari, turli yoshda qo’yiladigan gigiyenik talablar, akseleratsiya, irsiyat va irsiy kasaliklar haqida ma’lumotlar beriladi.
Talabalar bilishlari va bajarishlari shart:
Talabalar loyiha doirasida tayorlangan elektron darslik va boshqa adabiyotlarga ega bo’lishlari, ushbu adabiyotlardan foydalanib darsdan tashqari mustaqil holda “Yosh fiziologiyasi va gigiyena” fanining mohiyati, ahamiyati, predmeti va tarixi, inson organizmi ontogenezining turli bosqichlarida organizmda kechadigan fiziologik o’zgarishlar, turli yoshda uning o’zaro farqlari, bog’liqligi, o’xshash jihatlari, farzandlarni sog’lom o’sish va rivojlanishlari uchun turli yoshda qo’yiladigan gigiyenik talablar, akseleratsiya, irsiyat va irsiy kasaliklar haqida tushunchaga ega bo’lishlari lozim.
Tayanch so’zlar: Yosh fiziologiyasi, gigiyena, embrional rivojlanish, ontogenez, akseleratsiya.
Fanning predmeti va rivojlanish tarixi
Bolalar va o‘smirlar fiziologiyasi so‘zi yunoncha “physis” tabiat, “logos” ta’limot so‘zlaridan iborat bo‘lib, u hayot jarayonida hujayra, to‘qima, a’zo, tizim va butun organizmda bo‘lib o‘tadigan funksiyalar va jarayonlarni o‘rganuvchi fandir.
Ilmiy taraqqiyot va fanlarning doimiy differensiatsiyasi natijasida hozirgi kunda fiziologiya fani murakkab kompleksni tashkil qilib, u umumiy fiziologiya, evolyutsion fiziologiya, me’yoriy va patologik fiziologiya, mehnat fiziologiyasi, bolalar va o‘smirlar fiziologiyasi va boshqa bo‘limlarni o‘z ichiga oladi.
Fiziologiya fani – a’zolar, tizimlar va butun organizmning funksiyalarini hamda shu funksiyalarning rivojlanish qonuniyatlarini, boshqarilishini o‘rganadi.
Bolalar va o‘smirlar fiziologiyasi – odam fiziologiyasining bir tarmog‘i bo‘lib, o‘sib borayotgan organizmda tug‘ilishdan boshlab balog‘atga yetguncha bo‘ladigan hayotiy funksiyalarni o‘rganadi. Bu fan organizm, uning a’zo va tizimlarini individual rivojlanish qonuniyatlarini ontogenezning turli davrlariga taqqoslab o‘rganadi.
“Ontogenez” so‘zi yunoncha “onto” individ va “genesis” rivojlanish so‘zlaridan olingan bo‘lib, organizmning urug‘lanishidan to hayotining oxirgi kunlarigacha bo‘lgan davrni, umumiy qilib aytganda, organizmning individual rivojlanishini bildiradi. Ontogenez davomida tuxum hujayra urug‘lanadi, bo‘linib ko‘payadi, to‘qimalar hosil bo‘ladi, to‘qimalardan a’zolar va a’zolardan tizimlar hosil bo‘ladi, tizimlar birlashib, organizm shakllanadi va vaqti kelib tug‘ilish jarayoni ro‘y beradi, organizm voyaga yetadi, ko‘payadi, qariydi va oxiri o‘lim yuz beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |