Suvo‘tlarining quruqlikka chiqishi. Paleozoy erasining silur davrida okean, dengiz suvlarida muntazam sodir bo‘lib turadigan to‘lqinlar tufayli qirg‘oqlarda o‘suvchi suvo‘tlarning ma’lum bir guruhi quruqlikka chiqishga muvaffaq bo‘ladilar. Suvo‘tlarning yashash sharoitini o‘zgarishi, irsiy o‘zgaruvchanlik, yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish tufayli tana tuzilishida bir qancha moslanishlarni kelib chiqishiga olib keladi. Odatda suvo‘tlar bir xil namlikda, yorug‘likda rivojlanadilar. Tanasi bilan suvda erigan mineral moddalarni shimib oladi va nihoyat fotosintez jarayonida o‘zlari uchun kerakli ozuqani tayyorlaydi.
Quruqlikda esa o‘simlikning oziq moddalari bo‘lmish suv va mineral tuzlar tuproqda, SO2 esa havoda bo‘ladi. Tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni o‘zlashtirish uchun quruqlikka chiqqan o‘simliklarda avvalo rizoidlar so‘ng esa ildizlar rivojlangan. Fotosintez barglarda sodir bo‘ladi. Barg esa tuproqdan anchagina yuqoriroqda joylashgan. Suv va unda erigan mineral moddalarni rizoidlardan bargga yetkazib berish uchun alohida o‘tkazuvchi to‘qima zarur bo‘lgan.
Quruqlikka chiqqan dastlabki suvo‘tlarning yashash sharoitini o‘zgarishi ular tana tuzilishini murakkablanishiga olib kelgan. O‘simliklarning tanasidan ko‘p suv ajralmasligi, jarohatlanishdan, quyosh nuridan saqlanish uchun ularda qoplag‘ich to‘qima rivojlangan. Rizoidlar bilan barg o‘rtasida suv va ozuqa moddalarni tez harakatlanishi uchun o‘tkazuvchi naylar bog‘lami, o‘simlik tanasini ushlab turish uchun mexanik to‘qima shakllangan. Dastlabki sporali o‘simliklarni quruqlik sharoitiga moslashishi ko‘payish organlarini ham o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Ko‘pchilik suvo‘tlariga xos jinsiy ko‘payishdagi jinsiy hujayralar o‘rniga ana shu hujayralarni himoyalashga yo‘nalgan organlar – arxegoniy va anteridiylar paydo bo‘ladi.(7-8)
Sporali yuksak o‘simliklarda jinsiy hujayralar spermatozoid va tuxum hujayrani qo‘shilishi uchun suv zarur. Chunki suvsiz muhitda spermatozoidlar harakatlana olmaydi. Gametofitning to‘liq suv muhitidan xalos bo‘lishi, quruqlikda yashaydigan o‘simliklarning yanada jadal taraqqiy etishiga, hamda sporafitning takomillanishiga olib kelgan. Sporafit o‘tlar yoki buta, daraxt shakliga kirgan holda gametafit kichik, umri esa qisqa bo‘ladi. Binobarin, sporali yuksak o‘simliklarda evolyusion jarayon sporafit tuzilishini murakkablashtirish, takomillashtirish, gametofitni esa soddalashtirish yo‘nalishida borgan.
Savollar:
O‘simlik dunyosi qanday kichik dunyolarga ajraladilar?
Suvo‘tlarning tana tuzilishini o‘ziga tomonlari nimalardan iborat?
Suvo‘tlarning qanday bo‘limlari bor?
Yashil suvo‘tlarining o‘ziga xos xossalarini yoriting.
Qo‘ng‘ir suvo‘tlariga misol keltiring. Ular qaerlarda tarqalganligini ayting.
Diatom suvo‘tlar qaysi davr yotqiziqlaridan topilgan?
Qizil suvo‘tlari boshqa suvo‘tlardan nimasi bilan farqlanadi?
Suvo‘tlar qaysi organizmlardan kelib chiqqan?
Suvo‘tlarning dastlabki namunalari qaysi era, davrlarda paydo bo‘lgan?
Do'stlaringiz bilan baham: |