O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
NIZOMIY NOMIDAGI
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
«BIOLOGIYА VA UNI O’QITISH METODIKASI»
KAFEDRASI
«ORGANIK OLAM RIVOJLANISHI VA ANTROPOLOGIYА» FANIDAN
O’QUV-USLUBIY MAJMUA
(Магистратура)
Bilim sohasi: 100000 - Gumanitar
Ta’lim sohasi: 110000 - Pedagogika
Ta’lim yo’nalishi: 5A110401 – Aniq va tabiy fanlar o’qitish
metodikasi(Biologiya)
TOSHKENT 2020
1-mavzu: Organik olamning paydo bo’lishi va rivojlanishi fanining maqsadi va vazifalari, tadqiqot metodlari
Organik olam tushunchasi. Biologiya fanining rivojlanish tarixida XX asr nihoyatda samarali bo‘ldi. Shu asrda irsiyatning moddiy asoslari nuklein kislotalar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Evolyusiyaning sintetik nazariyasi yaratildi. Hayotning tuzilish darajalari: molekula, hujayra, organizm, tur-populyatsiya, biogeotsenoz, biosfera ekanligi barcha biologlar tomonidan e’tirof etildi. Fotosintez mexanizmlari aniqlandi. Irsiyat va ekologik qonunlar kashf etildi. Natijada biologiya fani tasviriy sohadan eksperimental faniga aylandi. XX asrning 80-yillariga qadar organik olam o‘simliklar, hayvonlar dunyosidan tashkil topgan, degan tushuncha keng tarqalgan edi. Hozirgi davrga kelib botanika, zoologiya, mikologiya, mikrobiologiya, bioximiya, molekulyar biologiya, genetika, virusologiya va boshqa biologik fanlarining hamda mikroskopik texnikaning, nihoyat biologik tadqiqotlarda fizikaviy, kimyoviy, matematik metodlarni qo‘llash natijasida organik olam viruslar, prokariotlar, o‘simliklar, zamburug‘lar, hayvonot dunyosidan iborat ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Zoolog olimlarning qayd etishicha hayvonlarning 2 milliondan ko‘p turi aniqlangan. O‘simliklarning turi esa 500 000 ga yaqin. Agar ularga mikroorganizmlarning yuz mingdan ortiq, hamda qadimgi era va davrlarda yashab, so‘ng qirilib ketgan hayvon, o‘simlik turlarini qo‘shsak organik olam haqiqatdan ham nihoyatda ko‘p va xilma-xil ekanligi hech kimda shubha tug‘dirmaydi.
Organik olam vakillarining shakli va tuzilishi nihoyatda turli-tuman. Ular orasida tanasi faqat bitta hujayradan tashkil topgan organizmlar bilan birga, balandligi 100 metr xatto undan ortiq bo‘lgan evkaliptlar, og‘irligi 130 tonnaga boradigan ko‘k kitlar uchraydi. Nima sababdan organik olam shakl va tuzilishi jihatdan nihoyatda turli-tuman? Ana shunday xilma-xillik bir vaqtda paydo bo‘lganmi yoki har xil vaqtda? O‘simliklar bilan hayvonlar orasida qarindoshlik rishtalari bormi? Nima uchun hayvonlar harakatlanib, o‘simliklar o‘troq holda hayot kechiradilar? Ulardagi bu xossalar azaliymi yoki tarixiy jarayonda tarkib topganmi? – kabi savollar asrlar davomida insonlarni qiziqtirib kelgan. Mazkur savollarga biologiya fanining alohida shahobchasi bo‘lmish “Evolyusion ta’limot” qisman javob beradi, chunki u “organik olamning tarixiy rivojlanishini va uni idora etishning umumiy qoidalarini o‘rganuvchi fan Evolyusion ta’limotdan farqli ravishda “Organik olamning rivojlanishi” o‘quv kursi organik olam vakillarining filogeniyasi ya’ni ularning o‘zaro qarindoshlik tomonlarini tadqiq qiluvchi soha hisoblanadi. O‘simliklar, zamburug‘lar, hayvonlarning har bir sistematik guruhini o‘zaro qarindoshligini, aniqlashtirishda ularning qazilma holdagi nusxalarini o‘rganish markaziy o‘rinda turadi. Lekin qadimgi era va davrlarda hayot kechirgan bir hujayrali va tuban ko‘p hujayrali organizmlar, sodda tuzilgan o‘simliklar, hayvonlar hamda yumshoq tanali mavjudotlar o‘lgandan keyin mikroorganizmlar tomonidan parchalanib yuboriladi va o‘zlaridan nom-nishon qoldirmaydi. Qazilma holatdagi nusxalarning ko‘pchiligini yo‘qligi Darvin iborasi bilan aytganda “paleontologik solnoma chala” ekanligini ko‘rsatadi. Bu esa turli sistematik guruhga mansub organizmlar filogeniyasini aniqlashda juda katta qiyinchilik keltirib chiqaradi. Mazkur qiyinchilikni bartaraf etish hamda qadimgi va hozirgi organizmlar orasidagi filogeniyani aniq tasavvur etish uchun morfologik – anatomik tuzilish, bioximik, molekulyar biologik, embriologik dalillardan foydala-nish talab etiladi. Shuni e’tiborga olib ushbu darslikda u yoki bu o‘simliklar, hayvonlarning sistematik guruhlar o‘rtasidagi filogenetik aloqalarni yoritishdan oldin qisqacha ularning morfologik, anatomik tuzilishi, embriologik rivojlanishiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Bu botanika, zoologiya darsliklaridagi o‘quv materialini takrorlash emas, balki har xil sistematik guruhga mansub o‘simliklar, zamburug‘lar, hayvonlar, prokariot organizmlar orasidagi filogenetik bog‘lanishlarni asoslash uchun keltirilgan ishonchli dalillar deb tushunmoq lozim. Turli sistematik guruhga mansub organizmlar orasidagi qardoshlikni oydinlashtirish evolyusion ta’limotning ikki: tarixiy va dolzarblik tamoyildan foydalanishni taqozo etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |