3-fasl. Badiiy tafakkur tariqlari - dunyoni idrok etish va uni ijodiy
akslantirishning o’ziga xos yo’llari sifatida.
Bir narsani afsus bilan qayd etish lozimki, sovet davri o’zbek
adabiyotshunosligi, ayniqsa, 30-yillardan boshlab asos e’tibori bilan noto’g’ri
tamoyilga yo’naltirildi. Bu tamoyilning mohiyati - bir mintaqa adabiy merosini
o’rganishda, ko’ra bila turib, butkul begona an’analar asosida shakllangan o’zga
mintaqa adabiyot nazariyasiga tayanishdir. Ma’lumki, badiiy adabiyot amaliyoti
bilan uning nazariyasi orasida uzviy bog’liqlik mavjud bo’ladi. Ammo adabiyot
nazariyasi odatda bir millat adabiyoti tajribasiga emas, balki muayyan madaniy
mintaqaning etakchi xalqlari badiiy ijodi tajribalariga suyanadi va shu zaminda
yaratiladi. XIX asr o’rtalarigacha ham yaxlit jahon madaniyati emas, balki mintaqa
madaniyatlari mavjud bo’lganini nazarda tutsak, Evropa mintaqasi xalqlari
yaratgan buyuk badiiy meros Evropa adabiyotshunosligiga asos bo’lganligini,
ammo qadim davrlardan Uzoq Sharq (Xitoy, Yaponiya, Koreya), Hindiston, Yaqin
va O’rta Sharq mintaqalarining har birida alohida o’ziga xos mukammal
rivojlangan adabiyot nazariyalari mavjudligi, bu nazariy tizimlar ushbu
mintaqalardagi butun madaniy-ma’naviy muhit, jumladan, ushbu mintaqa xalqlari
badiiy tafakkuri mevalarining bevosita ta’sirida shakllangan va o’z navbatida
ushbu mintaqa adabiyoti namoyandalari ijodiga asrlar davomida sezilarli ta’sir ham
ko’rsatib kelganligi bugungi kunda aniq-ravshan isbot etilgan tarixiy voqelikdir.
www.ziyouz.com kutubxonasi
101
Bu haqda yaratilgan tadqiqotlar majmui ilgari ko’proq Uzoq Sharq va Janubiy
Osiyo mintaqalariga oid bo’lgan bo’lsa, oxirgi yigirma yilda islom mintaqa
adabiyotshunosligini o’rganish bo’yicha ham jahon ilmida bir qancha ishlar amalga
oshirildi. Ushbu ilmiy tahlil va kuzatishlar natijasini umumlashtirish, ularning
takomil tarixini adabiy jarayon bilan bog’lab o’rganish hozirgi davr
adabiyotshunosligining dolzarb masalalaridan bo’lmog’i, hatto diqqat markaziga
qo’yilmog’i joiz.
Xullas, har bir mintaqa adabiyoti o’sha mintaqada yaratilgan adabiyot
nazariyasi bilan mushtarak holda o’sha mintaqa ma’naviy qadriyatlari muhitidan
ajratib olinmay o’rganilsa, natijalar ham asl voqelikka muvofiq bo’ladi. Jumladan,
islom mintaqa adabiyotshunosligi haqida qisqacha gapirib o’tadigan bo’lsak,
quyidagilarni qayd etish o’rinlidir.
VIII-IX asrlardanoq arab tilida islom mintaqa adabiyotshunosligining o’ziga
xos maktabi vujudga kela boshladi. Xalil ibn Ahmad (718-786), Ibn Qutayba (828-
889), Ibn al-Mutazz (861-908) va boshqa iqtidorli nazariyotchilar qadim yunon
poetikasidan mohiyatan farq qiluvchi islom she’riyat va badiiyat ilmini
shakllantirishga kirishdilar. Ko’p o’tmay bu sohaga Movarounnahrdan etishib
chiqqan qomusiy allomalar o’z hissalarini qo’shdilar. Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin
Tusiy kabi zabardast faylasuflar qadim yunon poetika ilmini mintaqa adabiy
an’analari bilan qiyosiy o’rganib, she’riyat ilmiga oid maxsus nazariy risolalar
yaratdilar. X-XV asrlarda bu yo’nalishda ijod etgan qator allomalarimizning
qomusiy asarlari jahon ma’naviyat xazinasining boqiy mulkiga aylandi. Masalan,
X asrda yashab arab tilida ijod qilgan vatandoshimiz Abu Abdulloh al-
Xorazmiyning
«Mafotih
al-ulum»(«Ilmlarning
kalitlari»)
asarida
adabiyotshunoslikka oid ilmi ma’oniy va bayon, aruz va qofiya, badiiy san’atlarga
alohida boblar ajratib, bu ilmlardagi har bir atamaga ta’rif va tavsif berilgan. XI
asrda yashab ijod etgan o’rta osiyolik alloma Abu Xafs an-Nasafiy o’zining
«Majma’ ul-ulum matla’ un-nujum» («Ilmlarning jam bo’lishi - yulduzlarning
chiqishi») qomusiy risolalar to’plamiga aruz ilmiga oid «Muxtasar al-aruz ala usul
al-ma’ruz» asarini kiritgan. XI asrda vatandoshimiz Abul Hasan Nasr al-
Marg’iloniy badiiyat ilmi bo’yicha arab tilida «Mahosin al-kalom» asarini ta’lif
etdi. Shu asrda yashagan Abu Qohir al-Jurjoniy (vafoti 1078 yil) Qur’oni karim
oyatlarining yuksak badiiy qudratini ilmiy tahlil asosida dalillab berishga
bag’ishlangan «Daloyil ul-e’joz» va «Asror ul-balog’a» asarlarida mutlaqo o’ziga
xos badiiy timsol nazariyasini kashf etdi. XI asr oxiri - XII asrdan boshlab fors
tilida ham poetikaga oid maxsus asarlar yaratila boshlandi. Ularning birinchisi
Roduyoniyning «Tarjumon ul-balog’a» asari bo’lsa, ikkinchisi xorazmlik ulug’
alloma Rashididdin Vatvotning qator asarlari, ayniqsa, mashhur «Hadoyiq as-sehr
fi daqoyiq ash-she’r» («She’riyat teranliklarida sehr bog’lari») risolasidir. XII-
XIII asrlarda «arab va ajam faxri» deb dong taratgan xorazmlik alloma Mahmud
az-Zamaxshariy «Al-qustos fil aruz» nomli ilmiy risolasini yozdi. Uning kichik
zamondoshi va yurtdoshi Yusuf as-Sakkokiy o’zining filologiyaga oid «Miftoh ul-
ulum» kitobining katta bir bobini «She’r ilmi»ga bag’ishladi. Keyingi asrlarda
mintaqada turkiy tilda ham adabiyot nazariyasiga oid asarlar yaratildi. Jumladan,
Mirzo Ulug’bek zamonida yaratilgan Taroziyning ushbu mavzudagi ilgari fanga
www.ziyouz.com kutubxonasi
102
noma’lum bo’lgan «Funun al-balog’a» risolasining qo’lyozmasi bir necha yil oldin
AQShga ilmiy safar bilan borgan tilshunos olim E.Umarov tomonidan topilib,
ilmiy iste’molga kiritildi. Shunday qilib, VIII-XV asrlarda mintaqamizda arab, fors
va turkiy tillarda mukammal bir adabiyotshunoslik nazariy maktabi shakllangan
edi. Allomalarimizning tilga olingan asarlari keyingi necha asrlar davomida islom
mintaqasining turli davlatlarida qayta-qayta ko’chirilib, ilm ahli tomonidan chuqur
o’rganildi, oliy madrasalarda uning asosida she’r ilmi alohida fan sifatida
o’rgatildi. Ajdodlarimiz yaratgan bu ilm nafaqat Xorazm yoki Movarounnahr,
balki butun islom mintaqasida keng o’rganildi va amalda qo’llanildi. Ushbu
qimmatli nazariy merosni jiddiy tahlil etib, allomalarimizning xizmatlarini yuzaga
chiqarish, mumtoz shoirlarimiz she’riyatiga uni tadbiq etish, badiiyat ilmining ko’z
ilg’amas nozik tomonlarini hozirgi zamon shoirlariga ochib berish va ularni ham
buyuklarimiz yaratib ketgan ulug’ merosdan bahramand etish bugungi kun
adabiyotshunosligining kechiktirib bo’lmaydigan vazifalaridandir.
Badiiy tafakkurning o’z qonun-qoidalari bor. Asotir tafakkur, mantiqiy
tafakkur, irfoniy tafakkur kabi bu ham borliqni idrok etishning o’ziga xos bir yo’li
(tariqi, usuli)dir. XV asr oxirida Alisher Navoiy o’zigacha 8 asr davomida mintaqa
miqyosida keng rivojlanib borgan badiiy tafakkur ilmini yanada yuksak nazariy
umumlashmalar darajasiga ko’tarib, jahon ma’naviyati takomiliga o’zining
mustaqil bosqich darajasidagi kashfiyotini olib kirdi.
Alisher Navoiy yaratgan nazariya badiiy tafakkur tariqi masalasiga oid
bo’lib, Evropada bu ilmiy yo’nalish Sharqdan ancha keyin - XVIII asrdan
shakllana boshladi va XX asrdagina yakuniy natijalarga erishdi. Evropa
adabiyotida barokko, klassitsizm, romantizm, realizm nomlari bilan ataluvchi
hodisalar Yangi davrda paydo bo’ldi. Rus tadqiqotchilari bunday hodisalarni
«literaturnoe napravlenie ili techenie» (adabiy yo’nalish va oqim) deb atadilar va
keyinchalik shuning asosida ijodiy yoki badiiy metod (tvorcheskiy ili
xudojestvenniy metod) nazariyasini shakllantirdilar. Afsus, 30-yillar mafkuraviy
tazyiqi bilan bu nazariya asosan Stalin tomonidan «sotsialistik realizm» deb sun’iy
nom ostida tiqishtirilgan proletar realizmi metodining totalitar hukmronligini
ta’minlash maqsadlariga bo’ysundirilgani sababli, barchaning jig’iga tegib, asl
muammo bir chetga surilib qolaboshladi. Vaholanki, adabiyot nazariyasining o’zak
tomiri baribir badiiy tafakkur tariqi sifatida shakllanadigan dunyoni idrok etish
va uni ijodiy akslantirishning o’ziga xos yo’llarini aniqlay bilish va uni har
tomonlama sharhlab ko’rsatishdan iboratdir. Alisher Navoiy ushbu nazariy
masalani XV asr oxirida birinchi marta ochiq-ravshan belgilab va sharhlab bergan
edi.
Qadim yunon tilida «metodos» nima ma’noni bildirsa, IX- XV asrlar islom
mintaqa madaniyatining ilmiy atamalar tili bo’lmish arab tilida «tariq» so’zi ham
xuddi shu ma’noni, ya’ni «yo’l», «borliqni anglab etish va aks ettirishning o’ziga
xos yo’li» ma’nosini anglatar edi. Alisher Navoiy ushbu atamadan foydalanib,
islom mintaqa adabiyotida «haqiqat tariqi» va «majoz tariqi» deb atalmish ikki
adabiy yo’nalishni ajratib ko’rsatdi va ularning har birini qisqacha ta’riflab berdi.
Bu hodisa Evropa adabiyotshunosligi erishgan yutuqlardan 5 asr ilgari yuz bergan
edi. Badiiy ijodga Borliq mohiyatini idrok etish va ijodiy akslantirishning alohida
www.ziyouz.com kutubxonasi
103
bir yo’nalishi sifatida ongli yondoshuv islom mintaqasida Evropadan ancha ilgari,
XII-XIII asrlarda boshlangan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |