Asosiy turlari
25-rasm. Tarbiya metodlarining asosiy turlari
Ijtimoiy
ongni
shakllantiruvchi
metodlar
Ijtimoiy
xulqni
shakllantirish
metodlari
O‘z-o‘zini
tarbiyalash
metodlari
Hikoya, etik suhbat,
tushuntirish, izohlash,
ma’ruza, ishontirish,
nasihat, yo‘riqnoma,
munozara, ma’ruza,
namuna
Odatlantirish,
mashqlantirish,
topshiriq,
pedagogik talablar,
jamoat fikri,
tarbiyalovchi
vaziyat
O‘z-o‘zini
tahlil (nazorat)
qilish, o‘z-o‘zini
baholash,
izohlash,
munozara
Musobaqa,
rag‘batlantirish,
jazolash
Asosiy turlari
Ijobiy vaziyatni yanada
mustahkamlovchi usullar
Salbiy vaziyatni yanada
kuchaytiruvchi usullar
Tarbiyalanuvchida
ishonch hosil qiluvchi
usullar
26-rasm. Tarbiya usullarining asosiy turlari
Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va
tarbiyachi (ota-ona, o‘qituvchi, mas’ul shaxs)lar o‘rtasidagi munosabatning
yaxshilanishini ta’minlaydi. Bu turdagi tarbiya usullari sifatida tarbiyalanuvchi bilan
birgalikda ma’lum faoliyatni tashkil etish (o‘yinchoqlarni birga yig‘ishtirish, bolaga
uning uchun murakkab sanalgan ishni bajarishda ko‘maklashish, bolani
o‘ylantirayotgan muammolar bilan qiziqish, unga katta ishonch bildirib, muayyan
topshiriq berish kabilarni aytish mumkin. Bu jarayonda bolaning ko‘nglini
ko‘taradigan, unda o‘ziga nisbatan ishonchni hosil qildiradigan jumlalar (“Balli!”,
“Barakalla!”, “Yashavor!”, “Juda zo‘r! Menga senga ishongandim!”, “Bilaman, sen
buni uddalaysan!”, “O‘ylaymanki, bu sen uchun qiyin emas!”, “Bu ishni birgalikda
bajarishimizga nima deysan!” kabilar)ni ham qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Bola tomonidan biror-bir ishning muvaffaqiyatli bajarilgani uchun uni
rag‘batlantirish, mas., kichik yoshdagi bolalar uchun shirinliklar va o‘yinchoqlar,
o‘rta maktab yoshidagi bolalar uchun o‘quv qurollari yoki o‘yinchoqlar, katta
yoshdagi bolalar uchun qimmatbaho bo‘lmagan, ular yoqtirgan rangdagi, rusumdagi
kiyimlarni, qiziqarli kitoblarni, ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda maishiy
buyumlar, sovg‘a qilish tarbiya jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi samimiy
munosabatni yanada mustahkamlaydi. Bolalarda ijobiy his-tuyg‘ularni shakllanishiga
yordam beradi, ularni bundanda yaxshi bo‘lishga undaydi.
Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va
tarbiyachilar o‘rtasidagi shunday ham yomon, salbiy munosabatni yanada
yomonlashtiradi. Bu kabi tarbiya usullari sirasida tarbiyalanuvchining salbiy xatti-
harakatlari uchun unga koyish, do‘q-po‘pisa qilish, jazolash keng qo‘llaniladi.
Ko‘pchilik ota-onalar ijobiy va salbiy vaziyatlarni kuchaytiruvchi tarbiya usullaridan
ketma-ket foydalanadi.
Tarbiya usullarini samarali qo‘llashda eng muhimi – vaziyatni to‘g‘ri baholay
olish, bola holatini tushunishga harakat qilish sanaladi. Umuman, imkon qadar salbiy
vaziyatni yanada kuchaytiradigan tarbiya usularidan foydalanilmagan ma’qul.
Chunki, bu kabi usullar bolani ota-ona, o‘qituvchilardan ko‘ngli sovishiga olib keladi.
Bordi-yu, bola salbiy harakatlarni sodir etganda ham unga o‘z xatolarini anglashga
imkon berish, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishini ta’minlash pedagogik jihatdan
to‘g‘ri yondashish hisoblanadi.
Ayrim ota-onalar bolalarni tarbiyalashda salbiy vaziyatni kuchaytiruvchi tarbiya
usullarini qo‘llashda jazolovchi aniq bir vositalarni: xona burchagi, “jazolovchi stul”
yoki bola yolg‘iz qoldiriladigan (yo‘lakdagi yoki hovlidagi) joyni belgilab oladilar.
Bu yerda bola yolg‘iz qolib o‘z xatolari, kamchiliklari to‘g‘risida o‘ylab oladi. Jazo
“joyi”dan ozod qilingach, bola o‘z kamchiliklarini, salbiy xatti-harakatlarini
to‘g‘rilashga va’da beradi.
Yana bir boshqa guruhda ota-onalar esa bolaning salbiy xatti-harakatlari uchun
jazo maqsadida jarimalardan foydalanadi. Bolaning noto‘g‘ri xatti-harakatlari uchun
qo‘llaniladigan jarimalar – multfilmlarni ko‘rish, shirinliklarni iste’mol qilish,
kompyuter o‘yinlarini o‘ynamaslik uchun ta’qiq bo‘lishi mumkin.
Uchinchi turdagi tarbiya usullari bola, tarbiyalanuvchini ishontiradigan suhbatlar
sanaladi. Ushbu usulni qo‘llash uchun tarbiyalanuvchilarning yoshlarini chegaralab
bo‘lmaydi, aksincha, bu kabi suhbatlar barcha yoshdagi balog‘atga yetmaganlar
uchun birdek samarali bo‘ladi. Ishonch hosil qiladigan suhbatlarning bolani o‘z xatti-
harakatlarini tushuntirishga, ular yuzasidan izoh berishga undashga xizmat qilishi
muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, ota-onalar, o‘qituvchilarning kichik yoshdagi
bolalar bilan suhbatlashishda “Mening o‘ylashimcha, bu ishing to‘g‘ri emas, o‘zing
bu haqida nima deysan?”, “Ayt-chi, seningcha shu ishing to‘g‘rimi?”, “Agar bordi-
yu, shu ishni men qilgan bo‘lsam, sen nima degan bo‘larding?”, “Agar Komil bunday
qilganida sen xafa bo‘lmagan bo‘larmiding?” kabi savollar asosida bolani o‘z xatti-
harakatlari yuzasidan o‘ylab ko‘rishga undash maqsadga muvofiqdir. Bu o‘rinda
bolaga uning harakatlari mazmunini anglatish bilan birga, to‘g‘ri xatti-harakat qanday
bo‘lishini tushuntirish, buning natijasida atrofdagilarning qanchalik xursand
bo‘lishlarini aytib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Bunday suhbatlar hech qachon
samarasiz bo‘lmaydi. Biroq. suhbatlashish chog‘ida bolaga zo‘rlik qilinsa, bosim
o‘tkazilsa, bu haqidagi ma’lumotlar bolaning miyasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.
Hatto bir necha yillar o‘tgandan keyin ham bola bu haqida o‘ylaydi.
K.D.Ushinskiyning fikriga ko‘ra, o‘quvchilarda shaxsiy sifatlarni hosil qilishda
pedagogik faoliyatni quyidagicha tashkil etish tarbiyalovchi xarakterga ega
usullardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi:
1) tarbiya vazifalarini aniqlashtirish va o‘quvchilarda u yoki bu faoliyat turiga
nisbatan ehtiyojni yuzaga keltirish;
2) faoliyat usullarini yoritish va ularni tegishli bilimlar bilan qurollantirish
(ongni rivojlantirish);
3) qo‘yilgan vazifalarni ham qilish bo‘yicha amaliy harakatlarni tashkil etish;
4) namoyish qilingan harakatlarning o‘quvchilar tomonidan dastlabki qabul
qilinishini tashkillashtirish (harakatlar namunasi orqali);
5) faoliyat va xulq-atvor usullarining takomillashtirish va mustahkamlash
bo‘yicha mashqlarning izchil bajarilishini ta’minlash;
6) o‘quvchilarga mashqlarni takomillashtirish yuzasidan talablar qo‘yish;
7) o‘quvchilarni ogohlantirish va ularning xulq-atvorlarini nazorat qilish.
Pedagogik jarayonda tarbiyani samarali tashkil etishda muayyan vositalardan
ham foydalaniladi.
Vosita
(arab. chora, tadbir, usul, o‘rta, o‘rtadagi) – “biror maqsadga erishish
yoki biror ishni amalga oshirish uchun dastak bo‘lib xizmat qiladigan narsa, qurol”,
“biror narsani amalga oshirish uchun xizmat qiladigan, foydalaniladigan narsa, omil.
Manbalarda pedagogik jarayonda qo‘llaniladigan vosita: 1) faoliyatning turli
ko‘rinishlari; 2) pedagogik faoliyatda qo‘llaniladigan moddiy va ma’naviy
madaniyatga oid barcha predmetlar majmui ekanligi; 3) ko‘p holatlarda metodik
usullar va hatto metodlarning o‘zini ham ta’lim va tarbiya vositalari bilan bir deb
qabul qilinishi aytib o‘tiladi.
Pedagogik manbalarda kishlik faoliyatini ham tarbiya sifatida qabul qilish
zarurligi e’tirof etilgan. K.D.Ushinskiy o‘qish va mehnatni shaxs ongi, his-tuyg‘ulari
va xulq-atvoriga ta’sir etuvchi vosita sifatida e’tirof etadi. Pedagogning qayd
etishicha, o‘yin, o‘quvchining ishi, o‘qishidan tashqari, uning hayoti, o‘rtoqlariga va
tarbiyachilari (o‘qituvchilar, ota-onasi)ga bo‘lgan munosabatini ham vosita deb qabul
qilish mumkin.
Mehnat shaxsni tarbiyalashning eng ta’sirchan vositasidir. Zero, mehnat
yordamida shaxsda ma’naviy-axloqiy, estetik his-tuyg‘ular shakllantiriladi, bilim va
ishonch, e’tiqod, g‘oyalar hosil qilinadi, xarakter, iroda va boshqa sifatlar
tarbiyalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |