O‘quvchilarni tilxat yozishga o‘rgatish. Tilxat ham eng ko‘p qo‘llaniladigan ish qog‘ozlaridan biri bo‘lib, u qarz yoki boshqa biror narsa olganlik yoki o‘z zimmasiga olingan majburiyat va’da va hokazolar haqida javobgar shaxs tomonidan imzo chekib, tasdiqlab berilgan rasmiy hujjatdir. Unda, albatta, tilxat muallifining lavozimi va to‘liq nomi, pul, hujjat va hokazo, narsani beruvchi shaxsning lavozimi va to‘liq nomi hamda pul, hujjat, buyum va boshqa narsaning nomi, miqdori (bahosi) raqamlar bilan ko‘rsatiladi. Biz «Son» so‘z turkumini o‘rganish jarayonida tilxat matni ustida ishlashni maqsadga muvofiq deb bilamiz. O‘quvchilar berilgan raqamlar ishtirokida ham shunday matnlar yaratishlari mumkin.
O‘quvchilarni majlis bayonini yozishga o‘rgatish. O‘quvchi turli yig‘ilish, kengash va boshqa tur anjumanlarning borishi, majlis qatnashchilarining chiqishlari, ular qabul qilgan qarorlarni maqsadga muvofiq ravishda aniq va to‘g‘ri ifodalash ko‘nikma va malakalariga ega bo‘lsagina amaliy faoliyatida undan bemalol foydalana oladi.
Boshqa ish qog‘ozlari singari majlis bayoni ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega. U kirish va asosiy qismdan iborat. Kirishda yig‘ilish sanasi, shartli raqami, joyi, rais va kotibning familiyasi, qatnashgan va taklif qilingan kishilar (agar ular 15 kishidan oshmasa, familiyasi majlis bayonida yoziladi, oshgan taqdirda soni ko‘rsatilib, familiyalari alohida varaqda ilova qilinadi), kun tartibi ko‘rsatiladi. Asosiy qismda esa har bir masala yuzasidan berilgan qisqacha axborot, so‘zga chiqqan kishilar (familiyasi, lavozimi ko‘rsatiladi), muhokama qilinayotgan masala yuzasidan ularning bayon qilgan fikrlari, qabul qilingan qarorlar qayd etiladi.
O‘quvchi kun tartibidagi har bir masalani xat boshidan yozish kerakligini, ularni bosh kelishikda ifodalash lozimligini, matnning «eshitildi», «so‘zga chiqdilar», «qaror qilindi» qismlaridan iborat ekanligini, har bir masala yuzasidan bu qismlarning takrorlanishini bilishi shart.
O‘quvchilarni hisobot yozishga o‘rgatish. Hisobot shaxsning muayyan vaqt ichida berilgan ishlar, vazifalar, topshiriqlarni bajarganligi to‘g‘risidagi o‘gzaki yoki yozma rasmiy axboroti hisoblanadi. Ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilarni ish qog‘oz-larining bu muhim turiga o‘rgatish ular nutqining rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Hisobot matni topshirilgan ish, vazifa, topshiriqning mazmuni, uni bajarishda nimalarga e’tibor berilganligi, qanday yetish-movchiliklar bo‘lganligi, qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida belgilangan tadbirlar, taklif va mulohazalar kabilarni o‘z ichiga qamrab oladi. Topshiriq bajarilmagan taqdirda uning sabablari ko‘rsatilishi kerak.
O‘quvchilar orasida maktab hayotiga oid hisobotlardan keng foydalanishga to‘g‘ri keladi. Ular sinf rahbari tomonidan berilgan vaqtincha topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan hisobot, ma’lum bir tekshirish natijalari yuzasidan hisobot kabilar bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, ona tili darslarida ijodiy yozma matn ustida ishlash ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi: 1. Til sathlarini o‘qitish orqali.
2. «Ijodiy yozma matn ustida ish», «Insho va uning turlari» bo‘-limlarini o‘rgatish orqali.
Birinchi yo‘nalish o‘zbek tili fonetikasi, leksikasi va grammatikasidan har bir mavzuni o‘rganish orqali amalga oshirilsa, ikkinchisi «Ijodiy yozma ish» tushunchasini sharhlash; rasm asosida hikoya, manzara tasvirini yaratish; o‘quvchi va borliq; yozma ishda o‘quvchi (muallif) o‘zligining namoyon bo‘lishi xususida ma’lumot berish, mavzu tanlash, mavzuni yoritish uchun zarur material to‘plash, yozma ishga reja tuzish (tor reja, keng reja), yozma ishga epigraf tanlash, «xat boshi» tushunchasi, yozma ish matnini qayta ishlash, matn uslubi ustida ishlash, ishni oqqa ko‘chirish, tekshirilgan yozma ishning xatolari ustida ishlash va «Insho haqida ma’lumot» berish, insho turlari (ilmiy insholar, badiiy insholar, erkin insholar) yuzasidan bir qator ijodiy-amaliy ishlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |